Foto manba: Paxtachi tumani hokimligi axborot xizmati
Yakuniga yetgan yilda Paxtachi tumanidagi “Mojor” va “Nahripay” M.F.Y aholisi tomonidan tuman hokimligiga kelib tushgan murojaatlar asosida chang bostirish ishlarini bajarmasdan faoliyat yuritib kelayotgan bir qator korxona va karyerlar faoliyati yuzasidan belgilangan tartibda tekshiruvlar o‘tkazildi. Jumladan, “GRANITE-MINING” MChJ, “MADINA SAVDO BELGISI” xususiy korxonasi, “DORKOMPLEKTSNAB SERVIS” MChJ granit toshini maydalash zavodlari hamda “QIZILQUM SAVDO” MChJ granit qazib olish karyerlarida ekologik talablar buzilgani aniqlandi.
Tekshiruvlar natijasida mazkur subyektlar tomonidan atrof tabiiy muhitga yetkazilgan zarar uchun jami 794 million 743 ming so‘m miqdorida qo‘shimcha qoplama to‘lov hisob-kitob qilinib, undiruvga qaratildi. Bu esa ekologik qonunbuzarliklarga nisbatan murosasiz munosabat mavjudligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Bundan tashqari, 2025-yil davomida atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida kelib tushgan murojaatlar asosan Qizbuvi tog‘ hududi, “Fay” va “Chashma” mahallalari hududida noqonuniy ravishda tog‘ toshini ko‘mir yordamida pishirish holatlari bilan bog‘liq bo‘ldi. Ushbu faoliyat atmosfera havosini jiddiy ifloslantirib, aholi noroziligiga sabab bo‘layotgani inobatga olinib, davlat ekologiya inspektorlari tomonidan 26 ta noqonuniy ohak xumdonlari maxsus texnika yordamida buzib tashlandi. Huquqbuzarlarga nisbatan belgilangan tartibda javobgarlik choralari ko‘rildi hamda barcha materiallar tuman prokuraturasiga taqdim etildi.

Foto: Fay mahallasi dala qismlaridan | manba: Paxtachi tumani hokimligi axborot xizmati
Shuningdek, yil davomida 74 ta kuzatuv-reyd tadbirlari o‘tkazilib, 71 ta huquqbuzarlik holati aniqlanib, jami 53 million 994 ming 500 so‘m miqdorida ma’muriy jarimalar qo‘llanildi.
Umuman olganda, murojaatlar asosida amalga oshirilayotgan bu kabi choralar aholi salomatligini muhofaza qilish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash hamda qonun ustuvorligini qaror toptirishga xizmat qilmoqda.
Sanatjon SAIDOV,
Paxtachi tumani Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi bo‘limi boshlig‘i.
