So‘nggi kunlarda aholini ro‘yxatga olish (xatlov) jarayonida anketa to‘ldirishda ayrim savollar fuqarolar orasida tushunmovchilik va e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.
Xususan, “xo‘jalik mulki bormi?” degan savolda chorvasi yo‘q oilalar ham “ha, bor” javobini belgilashga majbur qilinayotgani haqida murojaatlar kelib tushmoqda. Ayrim fuqarolar bu holatni aholini sun’iy ravishda “boy” ko‘rsatish, kambag‘allikni qog‘ozda kamaytirish, yoki kelajakda soliq solishga zamin yaratish sifatida baholamoqda.
Mazkur murojaat yuzasidan uzdiplomat.uz axborot sayti davlat statistika qo‘mitasidan javob olganligini bildirdi.
Axborot veb-saytiga masala yuzasidan mas’ul idoralar quyidagilarni ma’lum qilgan:
Anketadagi “Uy xo‘jaligi a’zolarining qishloq xo‘jalik yerlari yoki chorva mollari va parrandalari bo‘lganmi?” degan savoldagi “ha, bor” javobi faqat chorvaga emas, balki quyidagilarga ham taalluqli: tomorqa yer uchastkasi, shaxsiy hovli, bog‘ yoki ekilgan daraxtlar, ekin ekiladigan yer maydoni.
Shu sababli, hatto chorvasi bo‘lmagan, ammo tomorqasi yoki yer uchastkasi mavjud bo‘lgan xo‘jaliklar ham “ha, bor” variantini belgilashi talab etilmoqda.
Xo’sh bunga soliq solinadimi?
Rasmiylarga ko‘ra, yig‘ilayotgan ma’lumotlar faqat statistik maqsadlarda qo‘llaniladi. Soliq solish, jarima qo‘llash yoki mulkiy majburiyatlar yuklash uchun ishlatilmaydi, ijtimoiy maqomni o‘zgartirishga asos bo‘lmaydi. Ma’lumotlar kelgusida ijtimoiy va iqtisodiy qarorlarni rejalashtirish uchun tahliliy baza sifatida foydalaniladi.
Shunga qaramasdan, jamoatchilik orasida ma’lumotlardan keyinchalik boshqa maqsadlarda foydalanilishi mumkinligi, aholining roziligisiz davlat tizimlari o‘rtasida almashinishi, yoki kambag‘allik statistikasi bilan manipulyasiya qilinishi mumkinligi haqida shubhalar saqlanib qolmoqda.
