Ziyovuddindan Bog’oloni mahallasigacha yo’l bo’yida 15 mlrd. so’mlik ishlar amalga oshiriladi

Ziyovuddindan Bog’oloni mahallasigacha yo’l bo’yida 15 mlrd. so’mlik ishlar amalga oshiriladi

Samarqand viloyati, Paxtachi tuamanida yangi savdo va xizmat maskanlari uchun katta qadamlardan biri tashlanmoqda. Bu “30 V 066” yo‘li atrofida infratuzilma loyihasi boshlanishi bilan bog’liq.

Samarqand, PAXTACHI , 2026-yil 21-yanvar — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi PQ-392-son qarorida Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturni tasdiqladi. Ushbu hujjat doirasida viloyatning turli tumanlarida yo‘l infratuzilmasi, savdo-shoxobchalar va xizmat ko‘rsatish obyektlari uchun zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda.

Qarorning 3-ilovasida 6-band ostida joy olgan muhim loyihalardan biri — Paxtachi tumanidagi “Boltali — Bogʻoloni — Ziyovuddin shaharchasini bogʻlovchi “30 V 066” mahalliy yoʻli atrofida savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarini tashkil etish uchun zarur infratuzilma bilan taʼminlash” loyihasidir.

Loyiha asosiy ko‘rsatkichlariga qaraydigan bo’lsak, uning umumiy qiymati 15 352,0 million so‘m, taxminan 15,35 milliard so‘mni tashkil etadi. 2026–2027-yillarda amalga oshirish rejalashtirilgan. Unga mas’ul tashkilotlar sifatida Samarqand viloyati hokimligi, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi ko’rsatilgan.

Bajariladigan asosiy ishlardan esa 11,0 km avtomobil yo‘lini ta’mirlash – taxminan, 11 mlrd so‘m. 6,8 km piyodalar yo‘lakchasi qurish —  2 milliard 380 million so‘m. Lotok (drenaj tizimi) o‘rnatish — 6,8 km 1 milliard 360 million so‘m. Tungi yoritish chiroqlari (ustuni bilan birga) o‘rnatish — 170 dona, 612 million so‘mni tashkil etadi.

Ushbu ishlar “30 V 066” mahalliy yo‘lining muhim qismini sifatli holatga keltirish, yo‘lbo‘yi hududini xavfsiz va jozibador qilishga xizmat qiladi.

Loyiha yo‘l atrofida savdo nuqtalari, yo‘lbo‘yi kafe va restoranlar, avtoservislar, kichik do‘konlar, yoqilg‘i quyish shoxobchalari va boshqa xizmat ko‘rsatish obyektlarini joylashtirish uchun tayyor infratuzilmani yaratishga qaratilgan.

Natijada mahalliy tadbirkorlar uchun yangi biznes imkoniyatlari ochiladi. Yo‘lovchilar va haydovchilar uchun qulay xizmatlar paydo bo‘ladi. Qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi. Hududning iqtisodiy faolligi oshadi va tranzit oqimi jozibadorligi ortadi.

“30 V 066” yo‘li Boltali, Bog‘oloni va Ziyovuddin shaharchasini bog‘lovchi muhim mahalliy yo‘nalish bo‘lib, bu loyiha orqali ushbu hududning savdo va xizmat ko‘rsatish salohiyati sezilarli darajada oshiriladi. Bu esa Samarqand viloyatining umumiy rivojlanish strategiyasiga — ya’ni, yo‘l infratuzilmasini yaxshilab, tadbirkorlikni rag‘batlantirish yo‘nalishiga to‘liq mos keladi.

«MUHIM24.uz» veb-sayti