Bugungi dolzarb masalaga aylanib borayotgan ijtimoiy tarmoqlar inson hayotining ajralmas qismiga aylandi. Hattoki baʼzilar koʻp vaqtini telefonda oʻtkazadi. Natijada odam organizmi dangasalik va “kalta” fikrlash rejimiga tushib qoladi.
Soʻnggi paytlarda oʻtkazilayotgan turli tadqiqotlar shuni koʻrsatmoqda: yoshlar orasida telefondan haddan tashqari foydalanish tushkunlik va oʻziga ishonchsizlikni keltirib chiqaradi. AQSHdagi kuzatuvlarda Instagramni cheklanmagan vaqtda ishlatgan oʻsmirlar tashqi koʻrinishini boshqalar bilan solishtirib, oʻzini past baholash holatiga tushib qolgan. Chunki tarmoqdagi “gullagan” hayotlar obunachi va yoqtirishlar sonini oshirish maqsadida sahnalashtirilgan kontentlar boʻlib, yoshlar psixologiyasiga salbiy taʼsir qiladi.
Telegramda ham turli terroristik guruhlar faollashmoqda. Hali oq-qorani tanimaydigan yoshlar bu oqimga kirib qolib, ayanchli oqibatlarga duch kelmoqda.
Statistika maʼlumotlariga koʻra (2026 yil boshidagi holat):
- Instagram: taxminan 3 milliard foydalanuvchi,
- Facebook: 3.07 milliarddan ortiq,
- X (sobiq Twitter): 500–600 million atrofida.
Ularning aksariyati 15–30 yosh oraligʻidagi yoshlar. Ushbu ilovalarda faol va faol boʻlmagan suhbatdoshlar bilan masalaning “tanga”sini koʻrib chiqamiz.
- Nega barchani qamrab olgan bu “boʻron” sizga taʼsir qilmadi?
- Men yaqinda 30ga kiradigan oʻqituvchiman, lekin shu kungacha Instagramdan umuman foydalanmaganman. Undan koʻra kitob oʻqiyman yoki bolalar uchun yangi metod oʻylab topaman. Bekorchi narsalarga vaqtim ham boʻlmaydi.
- Maktabda bolalarning mobil telefondan nazoratsiz foydalanishiga qanday qaraysiz?
- Oʻquvchilar juda aloqa apparatiga bogʻlanib qolgan, baʼzan darsda “reels” koʻrib oʻtirganlariga koʻzim tushgan. Bu borada ularga tushuntirish ishlari olib borilgan, lekin ota-ona tarbiyasi alohida oʻrin tutadi. Men ayniqsa qizlarga uyali vosita olib berishlariga qarshiman. Chunki guvoh boʻlyapmizki, bu gadjet taʼsirida “buzilib” ketish, tarmoqdagi behayo narsalarga koʻz tushishi oʻzbek qizlarimizning shaʼniga toʻgʻri kelmaydi…
Azaldan ulugʻlangan oʻqituvchilik kasbidagi suhbatdoshimiz onlayn platformalardan vaqtida va meʼyorida foydalanish joizligini taʼkidlaydi. Keling, endi virtual hayotda faol boʻlganlarning biriga nazar tashlaymiz.
- Asosan qaysi ilovalarda koʻproq vaqt oʻtkazasiz?
- Koʻp vaqtim deyarli PUBGda oʻtadi, lekin zerikkanimda video koʻrish uchun Instagramda oʻtiraveraman – kimdir chalgʻitmaguncha.
- Sizningcha bu qaramlikmi yo chalgʻish?
- Hamma uchun har xil, lekin bizning yoshdagilar uchun shaxsan menda ham qaramlik. Misol uchun Instagramga bir kirdimmi, soatlab qolib ketaman, hatto qilinishi kerak boʻlgan ishlar ham qilinmay qoladi. Ammo baʼzida bekorchilik uchun yaxshi.
- Bilamizki, qisqa metrajli videolar miya va koʻzni charchatadi. Siz ham sogʻligingizda oʻzgarishlar sezilganmi?
- Kechqurun koʻz bir nuqtaga – telefonga qaratilgan boʻlsa, biroz ogʻriq sezilgan. PUBGda esa yutqazib qoʻyganda asabiylashib ketaman, menda shunday voqealar boʻlgan.
Shiddat bilan rivojlanayotgan zamonda texnologiyaga moyillik bor gap. Ammo ota-bobolarimiz aytganidek: “Asalning ham oʻzi shirin” – bu gapning negizida nimalar yotganini allaqachon tushunib yetganmiz.
Raqamli texnologiyalar zamonaviy hayotning muhim qismi boʻlsa-da, ularni meʼyordan ortiq va nazoratsiz ishlatish salbiy oqibatlarga olib keladi. Har bir inson, ayniqsa yoshlar ijtimoiy tarmoqlardan ongli ravishda foydalanishi, bilim, muloqot va rivojlanishga eʼtibor qaratishi maqsadga muvofiq. Bu borada ota-onalar ham qattiq kurashish vaqti kelgan koʻrinadi.
Jasmina Norboboyeva, «Kelajak jurnalistlari» ijodiy-to’garagi a’zosi
36-maktabning 11-sinf o’quvchisi
