Fotoda: Paxtachi tumani «Qarnobota» mahallasi / muallif: Jamolbek Salomov – 2022-yil
So‘nggi yillarda mamlakatimizda mahalla institutining jamiyatdagi o‘rni va nufuzi tubdan oshirilmoqda. Xususan, Davlatimiz rahbari tomonidan 2023-yil 21-dekabr kuni mahalla boshqaruv tizimini takomillashtirish va “mahalla yettiligi” faoliyatini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan muhim hujjatlar – “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi boʻgʻin sifatida ishlashini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmon hamda “Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror imzolandi.
Mazkur Farmon va Qaror bilan mahalla tizimini tubdan isloh qilishga qaratilgan bir qator muhim masalalarga yechim topildi. Avvalo, sohada alohida maxsus organ sifatida O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda uning viloyat va tuman bo‘linmalari tashkil etilib, ularning asosiy vazifalari aniq belgilab berildi.
Shuningdek, mahallani qo‘llab-quvvatlash maqsadida Respublika, viloyatlar va tuman (shahar) kengashlari tashkil etilib, ushbu kengashlarga bevosita viloyat va tuman (shahar) hokimlari rahbar etib belgilandi. Kengashlar tarkibiga “mahalla yettiligi”ga kiruvchi tashkilotlar rahbarlari jalb etilib, mahalla boshqaruvida yagona vertikal tizim yaratildi.
Bundan tashqari, mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, ijtimoiy xodim, profilaktika va soliq inspektorlarining aniq vazifalari belgilandi hamda ular bir butun jamoa sifatida faoliyat yurita boshladi. Xususan, 67 turdagi yordam va subsidiyalarni tayinlash “mahalla yettiligi”ning kollegial qarori asosida amalga oshirilishi belgilandi. Natijada moddiy yordam ajratishning avvalgi 5 bosqichli tartibi 3 bosqichga qisqartirildi.
Shu bilan birga, mahalla budjeti shakllantirilib, endilikda unda jamlanadigan mablag‘larni “mahalla yettiligi”ning kollegial qarorlari asosida hudud infratuzilmasini yaxshilashga yo‘naltirish imkoniyati yaratildi.
Mazkur Farmon va qarorlarda belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston mahallalari uyushmasining Paxtachi tuman bo‘limi tomonidan 2025-yil davomida bir qator ishlar amalga oshirildi.
Tashkiliy chora-tadbirlar
2025-yil davomida O‘zbekiston mahallalari uyushmasining Paxtachi tuman bo‘limi tomonidan tuman hududidagi 4 ta sektor va 51 ta mahallada aholi muammolarini aniqlash hamda ularni manzilli hal etish, “mahalla yettiligi” o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, yoshlar bilan ishlash, shuningdek, aholi bandligini ta’minlash tizimini samarali tashkil etish yo‘nalishlarida keng ko‘lamli tashkiliy-uslubiy ishlar amalga oshirildi.
Mazkur jarayonlarda, eng avvalo, aholining demografik va ijtimoiy holati, ta’lim va ijtimoiy soha obyektlari bilan bog‘liq jami 25 ta yo‘nalish, 401 ta ko‘rsatkich asosida har bir mahallaning alohida balansi shakllantirildi. Bu esa mahallalar kesimida mavjud muammolarni aniqlash va ularni manzilli hal etish imkonini berdi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, bugungi kunda Paxtachi tumanida jami 51 ta mahalla mavjud bo‘lib, ularda 36 ming 609 ta xonadon, 49 ming 393 ta oila istiqomat qiladi. Tuman aholisi soni 161 ming 758 nafarni tashkil etadi. Ushbu ko‘rsatkichlar mahalla tizimi orqali aholi bilan ishlashda mas’uliyatni yanada oshirishni taqozo etadi.
Shu asosda, mahallalarda mavjud muammolarni sektor rahbarlari ishtirokida joyiga chiqqan holda o‘rganish, “mahalla yettiligi” a’zolari bilan doimiy ishchi guruhlar tashkil etish, aholi murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish hamda ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
Aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish va tadbirkorlikni rivojlantirish
2025-yilda Paxtachi tumanida aholi bandligini ta’minlash, kam ta’minlangan oilalarni kambag‘allikdan chiqarish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari “mahalla yettiligi” faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Bu borada mahallalarda manzilli yondashuv asosida aniq natijaga qaratilgan ishlar olib borildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-yanvardagi “2025-yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Paxtachi tumani bo‘yicha joriy yilda 1 ming 730 ta oilani, ya’ni 7 ming 925 nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish maqsad qilib belgilangan edi.
Amalda esa bu ko‘rsatkichlar sezilarli darajada ortig‘i bilan bajarildi. “Mahalla yettiligi” hamda biriktirilgan tashkilotlar bilan hamkorlikda 3 ming 269 ta oila va ulardagi 13 ming 880 nafar aholi turli xizmatlar bilan qamrab olinib, rejaga nisbatan mos ravishda 189 va 175 foizlik natijaga erishildi. Jami 5 ming 473 ta xizmat ko‘rsatildi.
Eng muhimi, ko‘rilgan chora-tadbirlar aholining kundalik hayotida o‘z ifodasini topdi. Jumladan, 1 ming 905 nafar fuqaro doimiy ish joyiga ega bo‘ldi, 1 ming 50 nafar aholiga imtiyozli kreditlar ajratildi. Shuningdek, 143 nafar fuqaro kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilib, 2 ming 249 nafar aholi tadbirkorlik faoliyatiga jalb etildi. Qo‘shimcha ravishda 126 nafar aholiga ssuda va subsidiyalar ajratildi.
Yangi yondashuvlar asosida olib borilgan ishlar ham ijobiy samara berdi. Xususan, 21 ta oilaga o‘rmon fondi yerlarida o‘rmon va ko‘chatxonalar tashkil etish, dorivor o‘simliklar hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun jami 22 gektar yer maydoni ajratib berildi. Shuningdek, 2 ta oila boshqaruv servis kompaniyalari hududlarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga jalb etildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida tumanda reyestrga kiritilgan 5 ming 483 ta oila va ulardagi 22 ming 392 nafar aholidan 4 ming 73 ta oila va 16 ming 668 nafar aholi kambag‘allikdan chiqarildi. Natijada kambag‘al oilalar soni 1 ming 410 taga, ulardagi aholi soni esa 5 ming 724 nafarga tushdi. Kambag‘allik darajasi 7,9 foizdan 3,7 foizga pasaytirilishiga erishildi.
Bu natijalar mahalladagi har bir muammoga alohida e’tibor qaratilgani, ishlarni raqam uchun emas, inson manfaati uchun olib borilganining yaqqol ifodasidir.
Jinoyatchilikdan holi hududlarni shakllantirish
Mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish masalasi doimiy e’tibor markazida bo‘lib kelmoqda. Shu bois 2025-yil davomida Paxtachi tumanidagi barcha mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, xavf omillarini aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratilgan manzilli choralar amalga oshirildi.
Tahlillarga ko‘ra, joriy yil davomida tumandagi 51 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarining 35 tasida jinoyat holatlari qayd etilgan. Shundan kelib chiqib, har bir mahalla holati alohida o‘rganilib, ularning ijtimoiy-kriminogen vaziyatiga qarab, toifalarga ajratildi. Jumladan, 23 ta mahalla (45,1 foiz) “yashil”, 22 ta mahalla (43,1 foiz) “sariq” va 6 ta mahalla (11,7 foiz) “qizil” toifaga kiritildi.
Mazkur tasnif asosida “qizil” va “sariq” toifadagi mahallalarda profilaktika tadbirlari kuchaytirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, “mahalla yettiligi” a’zolari hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida aniq rejalar asosida ish olib borildi. Xususan, aholining bandligini ta’minlash, yoshlar bilan individual ishlash, nizoli oilalarni aniqlab, ular bilan manzilli profilaktik suhbatlar o‘tkazishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, mahallalarda “xavf guruhi”ga kiruvchi fuqarolar ro‘yxati shakllantirilib, ular bilan doimiy ravishda ish olib borildi. Bu borada profilaktika inspektorlari, mahalla raisi va faollari o‘rtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlandi.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida jinoyatchilikka moyil hududlarni bosqichma-bosqich barqaror mahallalar qatoriga o‘tkazish, eng asosiysi, aholi orasida qonunga hurmat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga erishildi.
Ajrimdan holi hududlarni shakllantirish
Oila – jamiyat tayanchi. Shu bois Paxtachi tumanida oilaviy munosabatlarni mustahkamlash, ajrimlarning oldini olish masalalari ham doimiy e’tibor markazida bo‘ldi. Joriy yil davomida bu yo‘nalishda “mahalla yettiligi” hamda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda tizimli va manzilli ishlar olib borildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil davomida tuman bo‘yicha jami 197 ta oilaviy ajrim qayd etilgan bo‘lib, shundan 107 tasi 30 yoshgacha bo‘lgan oilalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, 63 ta ajrim FHDYO organlari tomonidan, 134 tasi esa sud tartibida rasmiylashtirilgan.
Mazkur holatlardan kelib chiqib, tuman hududidagi 51 ta mahallada oilaviy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan targ‘ibot va profilaktika tadbirlari kuchaytirildi.
Eng muhimi, bu tadbirlar quruq statistik ko‘rsatkichlar bilan cheklanib qolmadi. Natijada ajrim yoqasiga kelib qolgan 128 ta oila bilan manzilli va individual ishlar olib borildi hamda 98 ta oila yarashtirildi. Bundan tashqari, 5 ta erta nikohning oldi olindi va 6 ta mahalla ajrimdan holi hudud sifatida shakllantirildi.
Bu ko‘rsatkichlar oilaga bo‘lgan e’tibor, muammoga befarq bo‘lmasdan, har bir holatga insoniy yondashilganining yaqqol dalilidir. Oldimizda turgan asosiy vazifa esa – ajrimlarning oldini olish bo‘yicha bu ishlarni izchil davom ettirish, yosh oilalar bilan ishlashni yanada kuchaytirishdan iborat.
Mahalla raislarining bilim va malakasini oshirish – samarali boshqaruv garovi
Bugungi kunda mahallada olib borilayotgan ishlarning samaradorligi, eng avvalo, mahalla raisi va “mahalla yettiligi” a’zolarining bilim va tajribasiga bog‘liq. Shu bois Paxtachi tumanida mahalla raislarining bilim, malaka va amaliy ko‘nikmalarini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yil davomida viloyat hokimligi huzuridagi Mahalla fuqarolar yig‘ini raislarini tayyorlash va malakasini oshirish markazida jami 35 nafar mahalla raisining malakasi oshirildi. Ushbu o‘quv jarayonlarida raislar mahallada boshqaruvni tashkil etish, aholining muammolari bilan ishlash, hujjatlar yuritish, ijtimoiy himoya va profilaktika yo‘nalishlarida zamonaviy yondashuvlar bilan tanishtirildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan ishlab chiqilgan “mahalla yettiligi” faoliyatini samarali tashkil etishga qaratilgan o‘quv-uslubiy qo‘l-lanmalar muntazam ravishda mahallalarga yetkazib berilmoqda. Bugungi kunga qadar ushbu yo‘nalishda 3 ta uslubiy qo‘llanma ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi.
Mahallalar jamg‘armasi va daromad-Xarajat ishlari – aholi farovonligi uchun vosita
Paxtachi tumanidagi mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasi faoliyati joriy yil davomida sezilarli natijalar berdi. Jamg‘arma mablag‘lari bo‘yicha jami tushum 2.259,0 mln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, ulardan 1.495,1 mln so‘m sarflanib, qolgan 763,2 mln so‘m (ya’ni 66 foizi) kelajakdagi ishlarga tejab qo‘yildi. Bu ko‘rsatkich mahal-lalarda mablag‘larni samarali va oqilona boshqarilayotganidan dalolat beradi.
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 25- iyundagi “Mahallalarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va mahallalar qiyofasini tubdan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 234-sonli qaroriga asosan, joriy yil davomida 7 ta “mahalla servis kompaniyasi” tashkil etilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Ushbu kompaniyalar mahallani obodonlashtirish bo‘yicha zarur texnik vositalar bilan ta’minlanib, har bir kompaniyada 8-10 nafar ishchi faoliyat boshladi. Natijada, mahallalardagi obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va boshqa xizmatlar sifat jihatdan oshdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi tuman bo‘limiga Prezident Virtual qabulxonasi orqali 2025-yil davomida jami 610 ta murojaat kelib tushdi. Ularning 464 tasi ijobiy hal etilgan, 13 tasiga tushuntirish berilgan, 118 tasiga huquqiy ma’lumot berish orqali yechim topilgan. Murojaatlarning mazmuni esa quyidagicha:
[ 412 tasi 18 yoshgacha va 18 yoshdan kattalar uchun moddiy yordam masalalari,
[ 79 tasi bir martalik moddiy yordam,
[ 35 tasi mahalla raisining faoliyatidan norozilik bildirish,
[ 23 tasi uy-ta’mirlash masalalari,
[ 61 tasi boshqa turli masalalar.
Mazkur natijalar shuni ko‘rsatadiki, mahalla jamg‘armasi va mahalla servis kompaniyalari orqali aholining kundalik muammolari tezkor va samarali hal etilmoqda. Har bir murojaatga shoshilinch va amaliy javob berish, mahalla xizmatlarini yanada sifatli qilish – mahallani haqiqiy ijtimoiy muammo yechish markaziga aylantirishga xizmat qilmoqda.
Natija va kelajak vazifalari
2025-yil davomida Paxtachi tumanidagi mahallalar faoliyati aholi farovonligini oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni yechish va jamiyatda mahalla institutining ro‘lini kuchaytirishga qaratilgan muhim ishlar bilan boyitildi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, aholi bandligi ta’minlandi, kam ta’minlangan oilalar moddiy yordam bilan qo‘llab-quvvatlandi, tadbirkorlik va hunarmandchilikni rivojlantirishga ko‘mak berildi. Mahallalarda ajrimdan holi hududlar soni oshirilib, oilaviy qadriyatlar mustahkamlandi. Shuningdek, “Madaniyat va ma’rifat oyligi” tadbirlari orqali aholi ma’naviy hayotini boyitish va yoshlarni ijtimoiy faoliyatga jalb qilish borasida ijobiy ishlar amalga oshirildi.
Mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasi mablag‘lari samarali boshqarilib, mahallalarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari doimiy ravishda olib borilmoqda. Prezident Virtual qabulxonasi orqali kelgan murojaatlar ham o‘z vaqtida va amaliy yechim topmoqda.
Kelgusida, Paxtachi tumanidagi mahallalar faoliyatini yanada takomillashtirish, mahallalarning moliyaviy barqarorligini oshirish, aholining turmush darajasini ko‘tarish va mahallani haqiqiy ijtimoiy muammo yechish markazi sifatida rivojlantirish ustuvor vazifa bo‘lib qoladi.
Shu bilan birga, tumanimizdagi har bir mahalla jamoasi aholi bilan yanada yaqin aloqada bo‘lib, jamiyatdagi ijtimoiy birdamlikni mustahkamlashda faol bo‘lishi lozim.
Rahbar sifatida shuni alohida ta’kidlamoqchiman: mahalla – nafaqat mahalliy boshqaruv, balki har bir fuqaroning ishonchli hamkoridir. Shu ishonch va mas’uliyat bilan biz 2026-yilda ham aholi farovonligi yo‘lida samarali ishlarni davom ettiramiz.
Farhod KENJAYEV,
Mahallalar uyushmasi
Paxtachi tuman bo‘limi rahbari.
