Maktabdagi «ikkichi»likdan – ustozlikkacha!

Maktabdagi «ikkichi»likdan – ustozlikkacha!

(yoki qardosh eldan chiqib kelib, tumanimizda muqim yashab o‘tayotgan, oddiygina qishloq ziyolisi ila suhbat)

Yoz kunlarida boshqa nuroniylar ko‘chada chordana qurib, narda-yu, qarta o‘ynab o‘tirishganlarini eslasak, To‘xtasin Bo‘ranovni jigarrang gilam va guldor ko‘rpacha tashlangan so‘ri ustida kitob o‘qib yoki biror misol ishlab turgan holati ko‘z oldimizda gavdalanadi. Mana shu kabi hollar sabab ehtimol, ularni ziyoli inson deb atasam kerak…
Suhbat boshlandi. Hali men savol berib ulgurmasimdanoq ikki nevarasi, Malika va Charos ham kelib, bobojonlarining pinjiga suqildi.

– Ona yurtingiz, bolalik kezlaringiz va yoshlik davrlaringiz haqida gapirib bersangiz?

– Qirg‘izistonni O‘sh viloyatida, 1947-yilda tug‘ulganman. Yashash joylarimiz tog‘li hu­dud edi, – deya so‘z boshladi To‘xtasin bobo. – O‘sha yerda chorvachilik bilan shug‘ulla­nardik. Bolaligim ko‘p qismi tuyoqlar ortidan quvish bilan o‘tgan. Daromadimiz asosan shu chorvadan bo‘lgani uchun nafaqat bizni oilamizni, balki butun qishloqni mol-qo‘y bilan kuni o‘tardi. Maktabga ham ba’zan piyoda, yana ba’zan esa eshakda borar edik. Vaziyat qiyin edi, maktabimiz qurilgan joyni biz “cho‘l” der edik. Uyimiz tepalik – “tog‘” deyilsa, pastlik hududni “cho‘l” derdik. Eshakni bog‘lab, bir qo‘limizda siyohdon xal­tasi, yelkamizda lattali sumkalar bilan darsga kirib ketar edik. Shunday qilib, maktabga qatnab o‘qiganmiz. Qishloq maktabi bo‘lgani uchunmi, darslarga e’tibor uncha kuchli emas edi. Odatda ko‘pchilik majburan savod chiqarish uchun borar edi. Bo‘lmasa, odatda hamma “Qo‘yni hayda, molni hayda” edi… Oqibat juda kuchli, qishloq, qolaversa, tog‘li joy bo‘lgani uchunmi, kimdir to‘y qilsa, ham­ma borardi. To‘ylar uch-to‘rt kunlab bo‘lardi. Adashmasam, 1963-yilda kolxozga Qirg‘izis­ton SSR rahbari Usubaliyev kelgan. Qara­saki, kalxozda qorovuldan boshqa hech kim qolma­gan. So‘rasa, butun kalxoz to‘yga ketgan chiqadi. Keyin Usubaliyev, olib bor bizni ham, deganakan.

Keyin bizni “tog‘”dan, “cho‘l”ga ko‘chirish­gandi. Vaziyat qiyin, ulov yurmasa, yo‘l uzoq deb bizni tushirishgan. Men kichkina bo‘l­ganman, otam ko‘p aytar edi. Shu kishining buyrug‘i bilan ko‘chib o‘tganmiz, degani qulog‘imda qolgan.

To‘xtasin bobo bolalik xotiralarini eslar ekan, ko‘zlariga qaragan kishi o‘sha muhit­ni, o‘sha davr bolalarini ko‘radi. 1966-yilda maktabni bitirgan qahramonimiz otasidan olgan ilk kaltagini ham eslab o‘tdi.

– 1966-yili maktabni bitirdim, lekin 8-sinf-da otamdan bir dona kaltak yeganman. Otam urushda qatnashgan. 8 yil, o‘shanda 1938-1940 yillar Finlandiya bilan SSSR urush­gan, “Fin urushi” deyishadi-ku, o‘shan­da. Keyin kapitan bo‘lgan. O‘ng qo‘lini yelka bilan tirsagi orasida suyagi yo‘q edi. Go‘sht bo‘lib, qimirlab qolgandi.
Bir kuni matematikadan nazorat ishi bo‘l­di, deyarli hamma ikki-uch baholar oluvdi. Otamni Mahmudov ko‘rib qolib, “O‘g‘lingizni ahvoli yomon”, deb meni ustimdan shikoyat qilgan ekan. Keyin bu holat qayta takror­lan­di, tabiiy ravishta yana “2” baho… Otamni chaqirtirishdi, o‘qituvchilar xonasida o‘tirib­miz. Otam hamma bolalarni daftarini ko‘rdi, “2” olganlari ham bor, “3”-“4”-“5”lari ham. Yomon ta’sir qildimi, shunday o‘rnidan turdi-da, yuzimga sira kutmaganim shapaloqni tortib yuborgandi. Men sinf xonasidan chiqib ketdim. Hamma o‘qituvchilar “iya, Bo‘ron aka, unday qilmang, bolani urmang!”, deb ushlab qolishdi… Mana shu holatdan keyin menda nimadir bo‘ldi-da, ishqilib, tashqi muhit ta’sir qildimi, yo dadamni kaltagimi, bilmadim, fanlarga qiziqa boshladim. Yoni­mizda Internat bo‘lar edi, u yerda o‘qiydigan bolalar kuchli edi. Darsdan keyin ularni oldi­ga boradigan bo‘ldim. Shundan boshlab hamma fanlardan yaxshi o‘qiydigan bo‘ldim. “2”dan “4”ga, yuqori sinflarda esa “5” baho­ga chiqib oldim. Menga yillar davomida dakki berib kelgan ustozlar endi meni o‘rnak qilib ko‘rsatishni boshlashdi. “Iya, ana, To‘xtasin, Bo‘ron akani o‘g‘li, ikki yil oldin qanaqa edi, ko‘ryapsizlarmi? Mana shunday o‘qish kerak!”, deyishardi. Maktabni shu zaylda tugatdim.
So‘ng O‘zbekistonga keldim, o‘qishga. Andijonga, medinstitutga topshirib o‘tolma­dim. Bir ball yetmay qoldi va yiqildim. Keyin Namangandagi medtexnikumda ikki yil farmaseftika bo‘limida o‘qidim. Bitirgandan keyin armiyaga olib ketishdi, Dog‘istonda bo‘ldim… Rasul Hamzatovni bilasanmi? “Mening Dog‘istonim” degan kitobi bor, o‘qiganmisan?

– Yo‘q… Tavsiya qilasizmi?

– E, albatta!.. Meni eng sevimli yozuv­chim-ku. Uni tili shoirlardek. Abdulla Oripovdek, Erkin Vohidovdek jo‘shib yozadi. Sodda til, Chingiz Aytmatovdek. Lekin falsa­fiyroq yozadi. O‘zbekchaga tarjimada qanday chiqqan, bilmadim, lekin… Tanishmi­san, Aytmatov bilan?

– Ha, “Sarvqomat dilbarim”ni o‘qiganman…

– Dog‘istonda ikki yillik xizmatdan kelib, oradan biroz vaqt o‘tgach, universitetga kirdim. 1972-77 yillar Turkiston Xalq univer-siteti – hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti­da o‘qidim. Orada Zulfiya bilan tanishdim (turmush o‘rtog‘i – D.H). Men nazariy fizika bo‘limida o‘qidim, u esa yadroviy bo‘limda. O‘qish tugadi, Nukus universitetiga yo‘llanma berdi. Yangi ochilgan edi. Uyimdagilar bu gal ruxsat bermadi. Otam vafot etgan, yuragida “oskolka” qolgan ekan. Qrimga dam olishga borganda, ko‘rikdan o‘tkazganda ko‘rishgan, olib tashlaylik desa, ko‘nmagan. Operatsiya­ga qo‘ymagan. “O‘zi hayotim davomida besh marta operatsiyaga kirganman, meni besh yildan yigirma besh yilim yo‘q”, deb yurar edi. Har bir narkozda besh yil umr “ketar” ekan-ku, shunga-da. 52 yoshda vafot etgan. Kalxoz rahbari edi. Oilada otamdan keyingi erkak men, mendan keyin olti farzand bor. Shu sabab onam Nukusga ruxsat bermadi. O‘zlari maktabda farroshlik qilar edi. Toshkentda paytim har borganimda, qo‘lim-ga pul tutqazardi. Endi navbat menga kelgandi. Majburan Qirg‘izistonga qaytdim. Maktab­larda dars yo‘q, o‘zbek maktablar kam. O‘zbekistonga bordim yana. Andijonda peda­gogika universitetida dars kam ekan, olish­madi, qisqasi. Maktabga jo‘natishdi, Bo‘z tumanida ishlay boshladim. Bir yildan keyin Zulfiyaga uylandim. 1978-yil edi, adash­ma­sam. Ikkalamiz u yerda olti yil ishladik, bitta maktabda.

Paxtachiga kelsak, Navoiy pedagogika instituti ochilgan ekan. Endigina ikki yil bo‘libdi. Kursdoshlarimni ko‘rib qoldim, kel, seni jon deb oladi, deb qolishdi. Borsam, Ravshan Rahmonov degan bir buxorolik kishi rektor ekan. Ishga oldi, mutaxassis kam ekan. O‘sha yerda 18 yil ishladim. Orada Zulfiya olamdan o‘tganidan keyin Karmanadagi 12-maktabga keldim. U yerdayam ikki yil ish­lab, pensiyaga chiqib ketdim… Mana shu meni el qatorigina hayotim, tarixiy joyi yo‘q!..

– Yo‘q, nega?.. Aslini olib qaraganda, bu bizga qiziq. Masalan, sizni bolalik kezla­rin­giz bilan o‘zimiznikini solishtirsak, osmon bilan yercha farq bor. Shuncha mashaqqat, qiyinchilik. Yetti nafar farzand bilan ota-onangiz ilm olishingizga sharoit yaratgani, umuman, boshqacha holat. O‘zingizdagi ishtiyoq, shapaloqdan keyin bor shashtni ham tashlab ketishingiz mumkin edi-ku, ammo qattiqroq ilm olishga intilganingiz, boshqa mavzu. Hozirchi, biz yosh avlod davralarda izza bo‘lsak, botqoqdan chiqa olmasak kerak…

– Yaxshi, shu vaziyatni eslading, hamma joyda shuni misol qilib aytaman. O‘z vaqtida, kerakli joyda bo‘lgan hammasi. Bu aslida izza bo‘ladigan darajadagi holat emas, sirtdan qaraganda, alam qiladigan vaziyat bo‘lib qolgan-da.

– Ha, yana… o‘qish davrlarimda Zulfiya momong (Paxtachi tumanidagi “Burqut” mahallasida tug‘ilgan, pedagog) bilan tanishganman, deyabsiz. Samarqanddan Andijongacha “sevgi masofasi” qiyin bo‘lmaganmi? Oila a’zolarini rozi qilish-ku, alohida masala…
– Unaqa davr bo‘ladi, insonni hayoti davomida. Uzoq-yaqin, qachon bo‘lishi… umuman, xayolga kelmaydi… Hayot shuna­qa-da, bolam. Muhabbat sabab mamlakatni turli joylariga kelin bo‘lib ketadiganlar ko‘p. Uni ustiga, bu o‘tar-ketar dunyosiga bir kelamiz-u, muhabbat bilan yashamasak, hayotni ma’nosi qoladimi!..

To‘xtasin bobo bilan suhbatimiz davom etar ekan, ko‘zlariga qarayman. Rahmatli turmush o‘rtog‘i haqidagi har aytgan so‘zlari davomida uning ko‘zlarida xuddi kino tasmasidek o‘tgan davrini ko‘rgandek bo‘laman. Unga bo‘lgan muhabbat, hurmat shunchalik kuchliki, tanasiga kelgan g‘amni bildirmaslikka urinsa-da baribir shu ko‘zlar uni sotib qo‘yyapti. Men boboni ortiqcha sog‘inch azobi bilan qiynashni istamadim, mavzuni biroz burishga va kelajak haqida so‘z boshlashga urindim…

– Meni o‘qitish!.. Shundaymi, bobo?,deb qoldi javoban bijildoq nabirachasi.

– Menda shunday xislat bor, ergashtira olmayman, – deya kulimsirabgina so‘zlashda davomladi qahramonimiz. – Bu, pedagogik mahorat. deyiladi. U narsa kamdan-kam odamda bo‘ladi, lekin menda yo‘q. Unchalik odamni torta olmayman. Kelishyapti, o‘rga­naman deyishapti… ko‘nglim to‘lmaydi. Hamma fandan ozmi-ko‘pmi bilaman, ammo bular hammasini o‘rgangisi kelmaydi. Universitetda Rixart Vakil degan o‘qituvchi bo‘lar edi, qashqarligidi. Kvant fizikasidan dars berardi. Kasal bo‘lib, isitmalasak ham shu kishini darsiga borardik. Hamma shun­day edi. Kelib dars o‘tishi, so‘z boyligi, umu­man hammasi bir san’atdek tuyulardi. Qanday qilib, bunchalar mukammal ustoz bo‘lish mumkin, derdik… Bu tug‘ma qobiliyat ekan, keyin fahmlasak, pedagogik qobiliyat!..

– Aynan hozir ham siz aytganday ustozlar juda kam, chunki ko‘pchilik ota-onasi xohishiga ko‘ra kasbni tanlayapti. Qiziqishi, qobiliyati, salohiyati, orzulari… hammasi bir burchakda qolib ketyapti.

– Ko‘p narsa ustozga bog‘liq. Havas qila­san, yurish-turishi, odobi, bilmi… ketaverasan ergashib. Hayoting davomida haqiqiy ustoz topsang, qo‘yib yuborma! Bu butun umring uchun sarmoya. Bugungi kunda moddiyat ma’rifat, madaniyat ustidan hukmronlik qilyapti. Hamma narsani shu moddiy man­faatdorlik hal qilyapti… Ehtimol, bu qachon­dir bo‘lishi kerak edi va bo‘lyapti ham. Bu narsa hozir xalqimizni tasavvur doirasiga va fikrlashiga bog‘liq.

– Keling, bugungi maqsadlaringiz haqida gaplashaylik. Asosiy maqsad bu kelgusida­gi­larga yetarlicha o‘rnak bo‘la olish, ilm ortidan ergashtirish, izga, solish, yelkadosh bo‘lish. Shunday emasmi?.. Yosh avlod uchun maslahatlaringiz?

– Sizlar bir davrda to‘g‘ri keldinglarki, hozir o‘tirib qilgan suhbatimiz, ertaga to‘g‘ri kelmay qoladi. Balki, davr tezlashib ketgandir. Bunday jarayonda, ya’ni tezlashish jarayoniga chiday oladigan bo‘lishi uchun mehnat kerak. Zamonga xos qadam tashlasang, yutasan, sal tin olib, chekinsang, olomon ichida, changda qolib ketasan. Eskilar aytgandek, ushlagan joyingni qo‘yib yubormasliging kerak. Zamon senga emas, sen zamonga moslashasan. Doimiy maqsadli harakatlan, yuraging yonib tursin. Yurakda ishonch, umid bo‘lsa, miyya tortib ketadi, bo‘lmasa qiyin. Ming yetakla­ma, aql bilan tortib, yurak yonmasa bo‘lmaydi.
Ishlaringa omad yor bo‘lsin! Maqsadli qadamlar bilan yur, doim. Har bir vaqt g‘animat, bu qisqa davr mobaynida ko‘p narsaga erishishing mumkin. To‘xtama!

– Rahmat katta, vaqtingizni ayamasdan, suhbatga rozi bo‘lganingiz uchun, ustoz!

– Salomat bo‘l!

Dilnoza HAKIMOVA suhbatlashdi,
“Kelajak jurnalistlari” to‘garagi a’zosi,
gazeta jamoatchi muxbiri.