10-fevral kuni Samarqand viloyati Paxtachi tumanidagi Sultonobod qo‘rg‘onidagi “Hunarmand” mahallasida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Deputat Farmon Toshev, viloyatdagi NNT va mahallalar bilan ishlash bo‘yicha mas’ullar, tuman Mahalla uyushmasi raisi Farhod Kenjayev hamda bir qator mutasaddilar mahalla faollari bilan yig‘ildi.

Yangi mahalla binosida o‘tkazilgan uchrashuvda asosiy mavzu: Mahallalarda jamiyat tomonidan boshqariladigan harakat rejalari ishlab chiqish va shu asosda mahalliy loyihalarni grantlar orqali moliyalashtirish.
Viloyatda NNT va mahallalar uchun ajratilayotgan turli grant dasturlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Qo‘shni Nurobod va Narpay tumanlari bu yo‘nalishda ancha faol bo‘lsa-da, Paxtachi tumani hozirgacha deyarli birorta grant loyihasi taqdim etmagan yoki ishtirok etmagan.

Bugungi uchrashuvda mahalla faollariga quyidagilar bo‘yicha tushuntirish va amaliy tavsiyalar berildi:
- Mahalliy muammolarni aniqlash va hal etish yo‘llari
- Harakat rejalari ishlab chiqish
- Grant loyihalarini tayyorlash va taqdim etish
Endilikda Paxtachi tumanidagi mahallalar ham ushbu imkoniyatlardan faol foydalanishi kutilmoqda. Bu esa aholining iqtisodiy va ijtimoiy muammolarini hal etishda katta ijobiy o‘zgarishlar keltirishi mumkin.
Mahalla faollari va rahbarlar bu jarayonga qo‘shilishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
