Qoraqalpog‘istonning SSSR davridagi rahbarlaridan biri Qallibek Kamalov vafot etdi

Qoraqalpog‘istonning SSSR davridagi rahbarlaridan biri Qallibek Kamalov vafot etdi

Sovet davrida Qoraqalpog‘istonga uzoq yillar rahbarlik qilgan taniqli davlat arbobi Qallibek Kamalov vafot etdi. Bu haqda Gazeta.uz nashri manbalarga asoslanib xabar berdi. Hozircha rasmiy tasdiqlovchi xabarlar yo‘q, ammo ijtimoiy tarmoqlarda ham bu haqda yozilmoqda.

Qallibek Kamalov 1926-yil 18-martda tug‘ilgan bo‘lib, uning 100 yillik yubileyiga atigi bir oydan sal ko‘proq vaqt qolgan edi.

Uning hayot yo‘li va faoliyati:

  • 1947-yilda Qoraqalpog‘iston o‘qituvchilar institutini tamomlagan, dastlab o‘qituvchi, keyin komsomol ishlarida faoliyat yuritgan.
  • Turli yillarda Qoraqalpog‘iston ASSR Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari, Nukus shahar ijroiya qo‘mitasi raisi, kommunal xo‘jaligi vaziri, avtomobil transporti va yo‘llari vaziri lavozimlarida ishlagan.
  • 1958–1959-yillarda O‘zbekiston Kompartiyasi Qoraqalpog‘iston viloyat qo‘mitasi kotibi.
  • 1959–1963-yillarda Qoraqalpog‘iston ASSR Vazirlar Kengashi raisi.
  • 1963–1984-yillarda O‘zbekiston Kompartiyasi Qoraqalpog‘iston viloyat qo‘mitasining birinchi kotibi (21 yil davomida respublikaga rahbarlik qilgan).

1984–1986-yillarda SSSRning Ruminiyadagi Konstansa shahridagi bosh konsuli bo‘lgan.

1987-yilda “paxta ishi” bo‘yicha qamoqqa olingan, 1989-yilda 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan va Sotsialistik Mehnat Qahramoni unvoni hamda boshqa mukofotlardan mahrum qilingan. Keyinchalik afv etilgan.

Qallibek Kamalovning o‘g‘li Murat Kamalov 2020-yil oktabridan 2022-yil yozigacha Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi lavozimida ishlagan.

Marhumga Allohdan rahmat tilaymiz. Oila va yaqinlariga sabr-toqat tilaymiz. Rasmiy ma’lumotlar kelgach, qo‘shimcha xabar beriladi.