«15 mln emas, 60 ming fuqaroni ma’lumotlari sizib chiqqan», – vazir nega inkor qilmoqda?

«15 mln emas, 60 ming fuqaroni ma’lumotlari sizib chiqqan», – vazir nega inkor qilmoqda?

O‘zbekistonning uchta davlat idorasiga qilingan kiberhujum bo‘yicha rasmiy ma’lumotlar e’lon qilindi. Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov 12-fevral kuni Raqamli texnologiyalar vazirligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida bu haqda batafsil izoh berdi.

Vazirning aytishicha, joriy yilning 27–30-yanvar kunlari hukumatning uchta idorasining axborot tizimlariga kiberhujumlar uyushtirilgan. Hujumlar tezkor o‘rganilgan va vakolatli organlar ishtirokida zarur choralar ko‘rilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “15 million fuqaroning shaxsiy ma’lumotlari darknet’da sotuvga qo‘yilgan” degan xabarlar asossiz ekanligi tasdiqlandi. Dastlabki tekshiruv natijalariga ko‘ra, tarqalgan ma’lumotlar soni taxminan 60 mingtaga yaqin bo‘lib chiqdi.

Bu yerda muhim nuqta: 60 ming nafar fuqaro emas, balki 60 mingta ma’lumot yozuvi (birlik) nazarda tutilmoqda. Ya’ni, bir fuqaroning bir nechta ma’lumotlari (masalan, ism-sharif, tug‘ilgan sana, manzil, telefon raqami va shunga o‘xshashlar) hisoblangan bo‘lishi mumkin. Vazir Sherzod Shermatov bu ma’lumotlar fuqaroning nomidan uning roziligisiz jiddiy harakatlar (kredit olish, rasmiy hujjat rasmiylashtirish, bank operatsiyalari va hokazo) amalga oshirish imkonini bermaydi, deb ta’kidladi. Biroq, firibgarlar bu ma’lumotlarni aldov (fishing), soxta qo‘ng‘iroqlar, SMS yoki boshqa firibgarlik sxemalarida qurol sifatida ishlatishi mumkinligini ogohlantirdi.

Hujumdan keyin ko‘rilgan choralar quyidagilar:

  • Axborot infratuzilmalariga ruxsatsiz kirishlar to‘liq bloklandi va cheklandi.
  • Yagona identifikatsiya tizimi (OneID)da foydalanuvchilar parollari yangilandi.
  • Shaxsiy ma’lumotlarni boshqa platformalarga faqat egasining roziligi bilan taqdim etish yoki cheklash mexanizmi joriy etildi.
  • Texnik himoya vositalari va monitoring kuchaytirildi.

Sherzod Shermatov shuningdek, kiberxavfsizlik statistikasiga to‘xtaldi: 2024-yilda kiberxavfsizlik uzeli orqali 7 milliondan ortiq tahdid bartaraf etilgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 107 milliondan oshgan. Jahon miqyosida 2025-yilda kiberhujumlar tufayli 10,5 trillion dollar zarar yetkazilgan, yirik platformalardan 16 milliarddan ortiq foydalanuvchi ma’lumotlari o‘g‘irlangan. O‘zbekistonda ham bu yil kiberhujumlar soni 2 barobarga oshishi mumkinligi bashorat qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, «15 mln o’zbekistonlikning shaxsiy ma’lumotlari sizib chiqqan»ligi haqida xabar bergan edik. Keyinchalik Kiberxavfsizlik markazi holat bo‘yicha tekshiruv boshlanganini aytgandi.