16-fevral kechasi Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi shaxsiy xonadonda yong‘in, Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida ko‘p qavatli uyda gaz chaqnashi hodisasi sodir bo‘ldi. Qurbon va jarohatlanglar bor.
16-fevral soat 21:18 da Qo‘qon shahar “Muqimiy” ko‘chasida ko‘p qavatli uy yonayotganligi to‘g‘risida “112” tizimi orqali Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar kelib tushgan. Yong‘in joyiga yong‘in qutqaruv ekipajlari soat 21:23 da yetib borib, 21:25 da o‘rab olinib, 21:32 da yong‘in batamom o‘chirilgan.
Yong‘in gaz va havo aralashmasining chaqnashi oqibatida sodir bo‘lgan bo‘lib, 28-uyning 50 kv.m. maydonda tom va shift qismi hamda uy jihozlari yongan. Chaqnash oqibatida 4 nafar fuqaro turli darajada kuyish tan jarohati olib, shahar tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan 1 nafar fuqaro vafot etgan. Hozirda hodisaning sabablari aniqlanmoqda.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda Shayxontohur tumanida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi ma’lumot berib, 16-fevral kuni soat 20:51 da Toshkent shahar Shayxontohur tumani, Beltepa ko‘chasida joylashgan shaxsiy xonadonda yong‘in sodir bo‘lganini ma’lum qildi.
Murojaatga asosan qutqaruv texnikalari aytilgan manzilga soat 20:54 da yetib borib, yong‘in 21:29 da qurshab olingan hamda 21:38 da to‘liq o‘chirilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in oqibatida jarohatlanganlar haqida ma’lumot kelib tushmagan. Hozirda vaziyat Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi nazoratga olingan.
