“Siz ekologiyani bilasizmi?” – Paxtachida yana bir tanlov bellashuvi o‘tkazildi

“Siz ekologiyani bilasizmi?” – Paxtachida yana bir tanlov bellashuvi o‘tkazildi

Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda atrof-muhitni yaxshilash, ekologik muvozanatni saqlash va kelajak avlodlarga toza, ko‘kalamzor va sog‘lom tabiatni meros qilib qoldirish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Aynan shu maqsadlar doirasida tumanimizda umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘rtasida “Siz ekologiyani bilasizmi?” respublika ko‘rik-tanlovining Paxtachi tumani bosqichi o‘tkazildi. Ushbu tanlov o‘quvchilar orasida juda katta qiziqish va chinakam ishtiyoq bilan kechdi.

Atrof-muhitni asrash – bu nafaqat ekologiyaga zarar yetkazuvchi omillarni bartaraf etish, balki ona tabiatga mehr va e’tibor bilan qarash, uni sevish va hurmat qilish degan ulug‘ tuyg‘ularni shakllantirishdir. Aynan shu g‘oyalar atrofida tashkil etilgan mazkur tadbirda 29-maktab o‘quvchilari sektor kesimida birinchi o‘rinni egalladi va tuman bosqichida ham faxrli o‘rinlardan birini band etdi.

Bu muvaffaqiyat o‘nib-o‘sib kelayotgan yosh avlod qalbida ona tabiatga muhabbat, bizni o‘rab turgan zaminni asrash, daraxt va o‘simliklarning hayotdagi beqiyos o‘rnini anglash kabi muhim tuyg‘ularni yanada mustahkamladi.

Bunday tadbirlar nafaqat bilim va ko‘nikmalarni oshiradi, balki yoshlarni mas’uliyatli fuqaro sifatida tarbiyalashga xizmat qiladi. Kelajagimizni birgalikda barpo etaylik – toza va yashil!

Nargiza Rajabova,

29-umumiy o‘rta ta’lim maktabi Tabiiy fanlar o‘qituvchisi