Endi 21 yoshdan keyin nikox qilganlarga moliyaviy rag‘bat beriladi!
Prezident tomonidan imzolangan farmonga ko‘ra, erta nikoh va erta tug‘ruqlarning oldini olish bo‘yicha yangi choralar joriy etildi.
Asosiy yangiliklar:
🔹 Nikohni 21 yoshga yetgan shaxslar o‘rtasida tuzish
uchun qo‘shimcha moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmi joriy etiladi.
🔹 Nikoh shartnomasi tuzganlarga
davlat bojidan imtiyozlar beriladi.
🔹 Homilador yoki 3 yoshgacha farzandi bor talaba qizlar ta’limni davom ettirish imkoniyati bilan ta’minlanadi.
Homilador talaba-qizlarga yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalarga oliy ta’lim olish uchun «ikkinchi imkoniyat» yaratish maqsadida 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab:
(a) kursdan kursga qolgan yoxud talabalar safidan chiqarilgan shaxslarga, istisno tariqasida, fanlar farqini qayta o‘zlashtirish sharti bilan ta’limni davom ettirish imkoni yaratilsin;
(b) talabalar fanlar farqini mustaqil o‘zlashtirishi uchun qo‘shimcha muddat berilsin va boshqa zarur shart-sharoitlar tashkil etilsin.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi uch oy muddatda quyidagilar yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
(a) homilador talaba-qizlar yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalarga akademik ta’til davrida, ularning xohishiga ko‘ra, masofaviy ta’lim shaklida o‘qishni davom ettirish imkoniyatini yaratish;
(b) masofaviy ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash bo‘yicha ta’lim yo‘nalishlari va qabul ko‘rsatkichlarini oshirish orqali homilador talaba-qizlar yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalarga ta’limni davom ettirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish;
(v) akademik ta’tilga chiqqan, kursdan kursga qolgan va talabalar safidan chiqarilgan homilador talaba-qizlar yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalar yuzasidan alohida statistik ma’lumotlarni yuritish.
