Dmitriy Peskov Yaqin Sharqdagi urush Moskvaning urushi emasligini va uni boshlagan odam to‘xtatishi mumkinligini aytdi.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga Yaqin Sharqdagi keskinlik ortib borayotgan bir paytda Rossiya Eron tomonidan hech qanday qurol-yarog‘ yoki boshqa amaliy yordam yuzasidan so‘rov olmaganini ma’lum qildi.
Peskovning ta’kidlashicha, Moskva siyosiy dastakdan tashqari, Yaqin Sharqdagi urushga aralashmaydi va bu Rossiyaning urushi emas.
“Rossiya o‘z manfaatlariga mos keladigan ishlarni amalga oshirishga intiladi va bu urushni to‘xtata olmaydi; buni boshlagan tomon to‘xtatishi mumkin”, — deya qo‘shimcha qildi Peskov.
Shuningdek, kotib Yaqin Sharqdagi nizo Rossiyadagi yonilg‘i narxlariga ta’sir qilmasligini, bozorni monopoliyaga qarshi kurash organlari nazorat qilayotganini qayd etdi. Yevropaga gaz yetkazib berishni to‘xtatish bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmaganini, u faqat hukumatga topshiriq sifatida berilganligini bildirdi.
Rossiya va Eron 2025-yilda strategik hamkorlik shartnomasini imzolagan, biroq u o‘zaro mudofaa majburiyatlarini ko‘zda tutmaydi.
Shu hafta Rossiyaning BMTdagi vakili Eronga qilingan hujumlarni “ataylab uyushtirilgan, oldindan rejalashtirilgan va asossiz qurolli tajovuz” sifatida qoralagani ma’lum qilingan edi.
