Samarqand davlat tibbiyot universiteti mas’ullari Abu Ali ibn Sino nomidagi Paxtachi jamoat salomatligi texnikumidagi dars jarayonlari va o‘zaro hamkorlikdagi ishlar bilan tanishdi hamda Yoshlar kuni doirasida navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
SamDTU akademik-lisey va jamoat salomatligi texnikumlari bilan ishlash bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i B. Eshbekov va boshqa mas’ullar SamDTU va texnikum o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikda qilingan ishlar bilan tanishdi. Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Diplomdan keyingi ta’lim fakulteti kafedralari bilan 2025-2026-o‘quv yili uchun o‘zaro hamkorlikdagi shartnomalar tuzilgan. Shunga ko‘ra kafedralar professor-o‘qituvchilari belgilangan reja asosida texnikumda ochiq va mahorat darslari o‘tib kelmoqda. Bugunga qadar jami 29 ta mahorat va ochiq dars o‘tilgan. Shuningdek, mas’ullar dars jarayonlarining borishi, elektron jurnallarning yuritilishi bilan ham yaqindan tanishib, o‘zlarining taklif va tavsiyalarini berdi. O‘quvchilar bilan samimiy va do‘stona suhbatlashib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning yoshlar bilan uchrashuvida ko‘tarilgan yoshlarni sifatli ta’lim bilan qamrab olish, zamonaviy kasb-hunar va axborot texnologiyalarini o‘rganishga keng imkoniyat yaratish, oliy ta’lim qamrovini kengaytirish va xorijiy tillarni o‘rganishni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish, imtiyozli kreditlar ajratish, yoshlarning ma’naviy tarbiyasini kuchaytirish, ularni turli yot g‘oyalardan asrash, xotin-qizlarning ta’lim olishi va jamiyatda faol ishtirokini ta’minlash yuzasidan belgilangan vazifalar xususida to‘xtaldi.

Ma’ruzachi, shuningdek, “Yoshlar – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilganini alohida ta’kidladi.
Yig‘ilish davomida ishtirokchilar tomonidan yoshlar bandligi, tibbiyot sohasida malakali kadrlar tayyorlash, talabalarni amaliyot bilan ta’minlash hamda ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.
