O‘zbekiston futbolchilariga «soliq taʼtili» beradi

O‘zbekiston futbolchilariga «soliq taʼtili» beradi

O‘zbekiston futbolida katta imtiyozlar. Futbolchilar daromad solig‘idan ozod etilmoqda

Prezidentning yangi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston professional futbolini qo‘llab-quvvatlash va klublarning moliyaviy holatini yaxshilash maqsadida keskin soliq imtiyozlari joriy etilmoqda.

Ushbu yangi tartib 2026-yil 1-apreldan kuchga kiradi va 2029-yil 1-aprelga qadar (roppa-rosa uch yil davomida) amal qiladi. Imtiyozlar asosan Superliga va Proligada to‘p suruvchi futbolchilar hamda u yerda faoliyat yuritayotgan murabbiylarga taalluqlidir.

Eng asosiy yangilik — futbolchilarning ish haqi va mukofot pullaridan olinadigan daromad solig‘i (JShDS) to‘liq bekor qilinadi. Ya’ni, futbolchilar o‘z daromadlarini soliqsiz, 100% miqdorda qo‘lga kiritadilar.

Shuningdek, ushbu davr mobaynida futbolchilar uchun ijtimoiy soliq stavkasi ham keskin pasaytirilib, 1% miqdorida belgilandi. Taqqoslash uchun, odatda yuridik shaxslar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12% ni tashkil etadi.

Ushbu «soliq ta’tili»dan maqsad — klublar ixtiyorida qoladigan mablag‘larni tejash va ularni futbol infratuzilmasini rivojlantirishga, bolalar akademiyalariga hamda yuqori saviyadagi legionerlarni jalb qilishga yo‘naltirishdir. Bu choralar O‘zbekiston chempionatining jozibadorligini oshirishi kutilmoqda.