Eron Islom Respublikasining BMTdagi doimiy vakili Amir Said Iravoniy rasmiy Tehronning Ukraina bo‘yicha pozitsiyasini keskinlashtirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina tomonidan amalga oshirilayotgan ayrim harakatlar Eronga qarshi qaratilgan harbiy operatsiyalarni bevosita qo‘llab-quvvatlash deb baholanmoqda.
Iravoniyning ta’kidlashicha, Ukrainaning Yaqin Sharqdagi xususan, ayrim arab davlatlaridagi faolligi Tehronning milliy xavfsizligiga tahdid solmoqda.
Asosiy ayblovlar quyidagilarga qaratilgan:
Ukraina dronlarga qarshi kurash bo‘yicha tajribaga ega mutaxassislarini arab mamlakatlariga yubormoqda.
Tehron buni shunchaki maslahat berish emas, balki AQSH va Isroilning Eronga qarshi ehtimoliy tajovuzini «moddiy va operativ» tarzda dastaklash deb hisoblaydi.
Eron tomoni Ukrainani mustaqil o‘yinchi sifatida emas, balki Vashington va Tel-Avivning mintaqadagi manfaatlariga xizmat qiluvchi hamkor sifatida ko‘rmoqda.
»Ukrainalik mutaxassislarning mintaqadagi harakatlari Eronga qarshi dushmanlik kayfiyatidagi ko‘p tomonlama harbiy strategiyaning bir qismidir,» — deya ta’kidladi Eron diplomati.
Ushbu bayonotlar uzoq vaqtdan beri davom etayotgan «Shahed» dronlari mojarosi fonida yangradi. G‘arb va Ukraina Eronni Rossiyaga hujumchi dronlar yetkazib berishda ayblab keladi. Tehron esa bu ayblovlarni rad etgan yoki urushdan oldin oz miqdorda berilganini aytgan. Endilikda Eron «javob hujumi» sifatida Ukrainaning o‘zini Yaqin Sharqdagi harakatlari uchun ayblamoqda.
Ushbu keskin bayonot mintaqadagi geosiyosiy vaziyatga quyidagicha ta’sir qilishi mumkin:
Kiyev va Tehron o‘rtasidagi aloqalar deyarli minimal darajaga tushib qolishi mumkin.
Eron o‘z chegaralari yaqinida ukrainalik harbiy maslahatchilarning paydo bo‘lishini «qizil chiziq» deb bilishini ochiq e’lon qildi.
Ukraina va Isroil o‘rtasidagi harbiy-texnik hamkorlik, yaʼni aynan dronlarga qarshi kurashda Eronni yanada qat’iy choralar ko‘rishga undashi mumkin.
Iravoniyning bayonoti Eron endi Ukrainani faqat G‘arb quroli sinovdan o‘tayotgan poligon emas, balki Yaqin Sharqdagi o‘z manfaatlariga qarshi faol harakat qilayotgan subyekt sifatida qabul qilayotganini ko‘rsatadi.
