Vashingtonda o‘tgan navbatdagi rasmiy tushlik xalqaro siyosat olamidagi haqiqiy «shou»ga aylanib ketdi. AQSh yetakchisi Donald Tramp o‘z odatiga ko‘ra, NATO bo‘yicha eng yaqin ittifoqchilaridan biri — Emmanuel Makronni ochiqdan-ochiq nishonga oldi. Bu galgi «hujum» nafaqat siyosiy qarashlarni, balki Fransiya birinchi xonimining shaxsiyatini ham chetlab o‘tmadi.
The Guardian nashrining yozishicha, Tramp tadbir davomida fransuzcha talaffuzga taqlid qilib, Makronning Eron masalasidagi pozitsiyasini mazax qilgan. «Emmanuel, bizga yordam kerak, kemalaringizni yuboring», deya Makronga qo‘ng‘iroq qilganini eslagan Tramp, fransuz yetakchisining go‘yoki «Yo‘q, Donald, urush tugasa boramiz» degan javobini masxaraomuz ohangda takrorlagan. Shuningdek, u Brijit Makronning turmush o‘rtog‘iga bo‘lgan munosabatini ham tilga olib, diplomatik chegaralardan ochiqchasiga chiqib ketdi.
Fransiya prezidenti bu gaplarga Janubiy Koreyaga tashrifi davomida munosabat bildirdi. Makronning javobi qisqa, ammo o‘ta keskin bo‘ldi.
«Bu shunchaki shou emas. Biz urush va tinchlik, insonlar hayoti haqida gapiryapmiz», deya so‘z boshladi Makron.
Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro munosabatlar har kuni o‘zgarib turadigan «Twitter-diplomatiya» emas, balki jiddiy mas’uliyatni talab qiladi. Trampning shaxsiy haqoratlarini esa Makron «na nafis va na munosib» deb atab, ularga javob berishni o‘ziga ep ko‘rmadi.
Qiziqarli jihati shundaki, Trampning bu chiqishi Fransiya ichidagi barcha siyosiy raqiblarni birlashtirib yubordi. Makronning ashaddiy tanqidchilari ham AQSh prezidentining bu harakatini «mutlaqo qabul qilib bo‘lmas haqorat» deb baholamoqda. Siyosiy tahlilchilarning fikricha, bu voqea NATO ichidagi ishonch inqirozini yanada chuqurlashtirishi mumkin.
Hozircha Oq uy rasmiy videoni ijtimoiy tarmoqlardan o‘chirib tashlagan bo‘lsa-da, tarqalib ulgurgan kadrlar global tarmoqda muhokamalar markazida qolmoqda.
Jamolbek SALOMOV, tayyorladi.
