Paxtachidan Tarazgacha: Tibbiy ta’limda tajriba almashildi

Paxtachidan Tarazgacha: Tibbiy ta’limda tajriba almashildi

Bugungi kunda tibbiy ta’lim sifatini oshirish va xalqaro tajribalarni o‘rganish maqsadida qo‘shni davlatlar bilan yo‘lga qo‘yilgan aloqalar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ana shunday hamkorlik doirasida 2026-yil 8-aprel kuni xalqaro miqyosdagi ilmiy muloqot bo‘lib o‘tdi.

Qozog‘istonning Taraz shahridagi Jambul oliy tibbiyot kollejida «Hamshiralik ishi ta’lim yo‘nalishidagi yangi an’analar va tajribalar» mavzusida onlayn ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Mazkur nufuzli tadbirda O‘zbekiston vakillari ham munosib ishtirok etishdi.

Konferensiya avvalida Paxtachi Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi direktori E. O. Nurbayev so‘zga chiqib, Jambul oliy tibbiyot kolleji jamoasini kollej tashkil etilganligining 90 yilligi munosabati bilan samimiy muborakbod etdi. Direktor o‘z nutqida ikki ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari kelajakda malakali tibbiyot xodimlarini tayyorlashda muhim poydevor bo‘lishini ta’kidladi.

Konferensiyaning amaliy qismida Paxtachi jamoat salomatligi texnikumi farmakologiya fani o‘qituvchisi S. Haqqulova o‘zining «Allergik kasalliklar va ularda qo‘llaniladigan dori vositalari» ilmiy ma’ruzasi bilan qatnashdi. Ma’ruzada bugungi kunda dolzarb bo‘lib borayotgan allergik kasalliklarning oldini olish, farmakologik davolashning zamonaviy usullari va yangi avlod dori vositalarining samaradorligi tahlil qilindi.

Ushbu xalqaro onlayn muloqot nafaqat nazariy bilimlar almashinuvi, balki hamshiralik ishi yo‘nalishida ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim metodikasini takomillashtirish yo‘lida tashlangan muhim qadam bo‘ldi.