Nemislar jiddiy qiziqyapti: Samarqandning “Dinamo”si Jahongir O‘rozovni 1 million dollarga sotishga tayyor!

Nemislar jiddiy qiziqyapti: Samarqandning “Dinamo”si Jahongir O‘rozovni 1 million dollarga sotishga tayyor!

O‘zbek futbolida navbatdagi yirik transfer hidi kelyapti! Samarqandning “Dinamo” klubi rahbariyati terma jamoamiz himoyachisi, 22 yoshli Jahongir O‘rozov bo‘yicha keladigan har qanday taklifni ko‘rib chiqishga tayyorligini aytibdi.

Samarqandning “Dinamo” klubi rahbariyati O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Jahongir O‘rozov bo‘yicha kelib tushadigan rasmiy transfer takliflarini ko‘rib chiqishga tayyorligini ma’lum qildi. Klub mutasaddilarining «Eurasia Football» nashriga ochiqlashicha, 22 yoshli markaziy himoyachining amaldagi shartnomasida belgilangan rasmiy tovon puli 1 million AQSh dollarini tashkil etadi.

So‘nggi vaqtlarda yosh himoyachining faoliyatini Yevropada davom ettirishi borasidagi xabarlar jadallashgan. Germaniyaning nufuzli «Kicker» nashri tarqatgan insaydga ko‘ra, O‘rozov Myonxengladbaxning “Borussiya” klubi diqqat markaziga tushgan bo‘lib, nemis jamoasi uni himoya chizig‘ini kuchaytirish uchun asosiy nomzodlardan biri sifatida baholamoqda. Futbolchining agenti Shahriyor Eshboev esa mijoziga Italiya, Germaniya, Turkiya, Niderlandiya va Rossiya chempionatlari vakillaridan qiziqish mavjudligini tasdiqladi. Shuningdek, agent tomonlar Rossiyaning “Rubin” klubidan kelgan rasmiy taklifni rad etishganini qo‘shimcha qildi.

Futbolchining o‘zi ham Rossiya klubaridan kelayotgan har qanday taklifni rad etishini, sababi uning birdan-bir maqsadi Yevropa TOP chempionatida o‘ynash ekanligini ma’lum qildi.

“Dinamo” klubi rahbariyati ommaviy axborot vositalarida tarqalayotgan xabarlarning aksariyati hozircha mish-mish ekanligini, futbolchi jamoa bilan amaldagi shartnomaga ega holda klub safida mashg‘ulotlarni davom ettirayotganini ta’kidladi:

“Har xil mish-mishlar juda ko‘p. Ular qayerdan chiqayotganini aytish qiyin. Futbolchining “Dinamo” bilan amaldagi shartnomasi bor. Biz uning tovon pulini 1 million dollar etib belgilaganmiz. Agar jiddiy qiziqish bo‘lsa, hamkorlik qilishga tayyormiz”.

Ma’lumot o‘rnida, Jahongir O‘rozov “Bunyodkor” akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lib, professional faoliyatini ham o‘sha yerda boshlagan. 2023-yilgi Turkiyaning “Eyupspor” klubidagi muvaffaqiyatsiz, ya’ni faqatgina kubok doirasida 1 ta o‘yin bilan ma’lum muddatdan so‘ng, O‘zbekistonga qaytib, “Dinamo” tarkibiga qo‘shildi va qisqa muddatda asosiy tarkib muqimiga aylandi.

Klubdagi ishonchli o‘yinlari sababli u bosh murabbiy Fabio Kannavaro tomonidan jarohat olgan Husniddin Aliqulovning o‘rniga 2026-yilgi Jahon chempionati qaydnomasiga kiritildi va mundial doirasida 2 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Himoyachi hozirga qadar milliy terma jamoa safida jami 6 ta o‘yinda ishtirok etib, 1 ta gol muallifiga aylangan.