Velosiped yoʻlakchasi «Tuya»larnikimi?

Velosiped yoʻlakchasi «Tuya»larnikimi?

Bu tuya deganlari ja-a itoatkor jonivor-da. “Chix” desangiz cho‘kka tushadi, yana “chix” deb qo‘ysangiz, likka oyoqqa turadi. Qoyil, a? Maboda uni, biror joyga, aytaylik, transport qatnayotgan katta yo‘lning qoq o‘rtasigami yoki chetrog‘igami cho‘kkallatib ketsangiz bormi, u soatlab, hatto kun bo‘yi sizni sadoqat ila kutib yotajak. O‘rnashgan joyi piyodalarnikimi yoyinki velosipedlar yo‘lagimi, unga baribir! Yo‘l tartibi va qoidasi bilan uning necha pullik ishi bor, u bor yo‘g‘i bir sahroyi tuya-da!
Chunonchi,                                     Ziyovuddin shaharchamizdagi                 markaziy “Istiqlol” ko‘chasida ham ana shunday hol.
Ya’nikim, ko‘chaning sobiq “Paxtachi go‘zali” binosi qismidan hu-u Dehqon bozori oldi muyulishigacha xuddi tuyalar uzunasiga, saf tortishib, cho‘zilishib yotishganday. Ora-siralarida bo‘taloqlari ham bordek. Albatta, yo‘l chetidagi bu maxluqotlar tuyalarmi, fillarmi yoki yengil mashinalarmi aslida menga bu ahamiyatsiz. Biroq gap shundaki, ular velosipedlar uchun ajratilgan maxsus yo‘lakni band qilishib olgan. Men kabi velosipedchilar esa o‘z ulovlarini yelkasiga olishib, katta ko‘chada qayon yurmagini bilmay hayronlar, sargardonlar!


Bundoq qaraganda, tuyalarda ham ayb yo‘q, azizlar. Axir, ularni egalari “chix” deb, cho‘kkal­la­tib, dasturlab, “kod”lab ketishgan. Qolaversa, ve­lo­siped ularni qoshida nima bo‘pti. Bir temir matohda –  “valasapit”da. Tuzukroq, jarangdor “rusmi” ham yo‘q. Tuyalarning nomlari esa ox-xo, jaydari, zamonaviy: “Neksiya”, “Lasetti”, “Kobalt” va hakozalar.
Xo‘sh, o‘rtoqlar, velosipedchilarning huquq­larini himoya qiladiganlar bormi? Borlikka borku-ya, faqat u mas’ullarning ishlari ko‘payib ketgan­mi, yo kelib-kelib bir “valasapit” bilan shug‘ullanamiz­mi, deyaptimi, qisqasi bu holga qo‘l siltab qo‘yishganga o‘xshaydilar. Aks holda, Ziyovuddin shaharchamizning ko‘pgina ichki  transport qatnovi yo‘llari chetlaridagi velosiped uchun ajratilgan maxsus yo‘laklarni tuyalar… yo‘g‘-e, yengil mashinalar o‘zlariga doimiy “stoyanka” qilib olisharmidi?
Amaldagi yo‘l harakati qoidalariga muvofiq velosi­pedlar yo‘lakchasini “saqlash joyi”ga aylantirib olish ham tartibbuzarlik. Buning uchun jarima, jazo choralari qo‘llanilishi ham mumkin. Afsus-afsus, hurmatli hay­dovchilarimiz yo bu haqida bilishmaydi yoki bilishsalar-da rioya etmaydilar. Xo‘sh, biz oddiy velosipedchilar nima qilmog‘imiz kerak? Yo‘limizda ba’zida turnaqator bo‘lib ketadigan yengil mashinalar dastidan kimga “dod” deylik?!
Kezi kelganda aytish joyizki, umuman Ziyovuddin shaharchamizda “stoyanka” masalasi muammo. Oddiy ish kunlari markaziy “Istiqlol” ko‘chamiz texnika parki yo katta mashina bozoriga qiyos. Markaziy shifoxona, Dehqon bozori atroflari, “Shirin”, “Oq shurva”, “Fayz” restoranlari atroflarida to‘xtab turadigan transportlar shu qadar tartibsiz va zichki, bu yerdan kishi ichida  “kalima” qaytarmay o‘tmasdan iloji yo‘q. “Agrobank”, “Davlat soliq inspeksiyasi” binolari yonidagi ko‘chada, “Ideal” do‘koni ro‘parasidagi chorrahada ham shunday “ko‘pkari” manzara. Ziyovuddin shaharchamiz oy, yil sayin obod bo‘lmoqda. Inshoolloh, yengil mashi­nalarimiz ko‘paymoqda. Biroq yengil avtomobillarni vaqtinchalik “saqlash joyi” yo‘qligi piyodalar va velosipedchilar harakatiga xavf tug‘dirmoqda. Bu xususda jiddiyroq, yuqoriroq doiralarda o‘ylab ko‘rmoqning fursati kelmadimikin?
Men-ku, bir oddiy velosiped haydovchisiman. Doktorlar “velosiped minib yuring, qoningiz yurishadi, boboy, oshqozoningiz yaxshi hazm qiladi, ichaklaringiz ham harakatlanadi”, – deb tavsiya bergani uchun bozor-ucharga velosipedda boraman. Biroq katta ko‘chaga chiqdimmi, bas. Vahima bosaveradi, go‘yoki hozir, mana hozir meni yo u, yo bu mashina turtib yuboradiganday. Axir men, ularning yo‘liga chiqib ketayapman-da. O‘z velosiped yo‘lagimni esa yuqorida majoziy ma’noda aytganimdek “tuya”lar egallab olishgan.

Nima qilay, a? Iltimos, hurmatli YPX xodimlari, maslahat bering, velosipedimni sotib yuboraymi a? Yoki anavi “Shevrolet” zotli “nortuyalar”ni “quloqcha­larini teshib”, egalarini esa oddiygina yo‘l odobiga chaqirib qo‘yasizmi? Yordamingiz uchun avvaldan rahmatlar aytaman, deb velosiped haydovchi bobongiz,

  Jo‘raqul NARZULLAYEV