foto: ijtimoiy tarmoqlar
Mamlakatimizda deyarli har bir sohada qonunchilik islohotlari amalga oshirilmoqda. Xususan, 2023-yil 15-mart kunida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan ham ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Mazkur o‘zgartirishlarga ko‘ra endilikda bolani chet davlatda nazoratsiz qoldirish javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, O‘zbekiston fuqaroligiga ega bolani ota, ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxs yoxud hamrohlik qiluvchi shaxs tomonidan chet davlat hududida nazoratsiz qoldirish:
BHMning 10 baravaridan 50 baravarigacha (3 million so‘mdan 15 million so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shunga ko‘ra, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishda ko‘pi bilan 30 kunlik muddat belgilanib, sud ushbu huquqbuzarlikni sodir etgan shaxs zimmasiga bolani chet davlatdan O‘zbekistonga qaytarish yoxud huquqbuzarlikni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rish majburiyatini yuklaydi.
Shuningdek, “Jinoyat kodeksi”ga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, bolani chet davlatda nazoratsiz qoldirish, xuddi shunday xatti-harakat uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa yoxud bolaning sud tomonidan belgilangan muddatda O‘zbekistonga qaytarilishini ta’minlamaslik 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Ushbu normalar mazkur Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach amalga kiritiladi.
Z. QUVONCHBEKOV,
Paxtachi tumani Adliya bo‘limi
yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
bosh yuriskonsulti