5-mart kuni Navoiy viloyatining Uchquduq tumani markazida 7 yoshli bolani katta kuchlanishli transformatorda tok urgan. Oqibatda bola ikki qo’lidan ham ayrilgan. Voqea esa transformatorning atrofi yetarli darajada xavfsizligi ta’minlanmaganligi oqibatida sodir bo’lgan. 15-16-mart kunlari «Bolalar olami» internet nashri va «Muhim24» sayti jamoasining sodir bo’lgan voqea tavfsilotlarini o’rganishlari natijasida quyidagilar ma’lum bo’ldi.
5-mart kuni Navoiy viloyati Uchquduq tumanida yashovchi 7 yoshli bolakay Nurislom oʻrtoqlari bilan yaqinda foydalanishga topshirilganiga koʻp qavatli uy yonidagi bolalar maydonchasida o’ynab yurgan vaqtida uning yonginasida joylashgan katta kuchlanishli transformator eshigini ochishi oqibatida uni tok uradi. Yaqin atrofda bo’lgan, qo’shnisi Lola Sharipova bolakayning yerda hushsiz yotganligini ko’rib, unga birinchi yordamni ko’rsatishga harakat qiladi hamda atrofdagilardan tez yordamni chqirishlarini so’raydi.
— Birinchi men bolalar janjallashib, uni o’rtoqlari uribdi, deb o’yladim. bolalardan nega uni urdingiz, deya so’rasam bolalar biz urmadik, u shu xonachadan otilib chiqdi deyishdi. Yoniga borib qarasam, bolaning og’zidan ko’pik kelib, tishlarini qattiq qisib hushsiz yotibdi. Yuziga qo’limni tekkizsam, yuzi muzdek bo’lib ketgan, og’ziga qo’limni tiqdim va odamlardan yordam so’ray boshladim. Kimdir menga qoshiq olib keldi. tishlarining orasidan qoshiqni tiqib, uni ochishga harakat qildik. Tez yordam mashinalari ikki tomondan keldi. Ular bolani tok urgan deyishganidan so’ng, uning qo’llariga e’tibor berdim. Shunda o’zim ham yomon ahvolga tushib hushimni yo’qotdim. o’zim ham Insult olganligim uchun meni ham tobim qochibdi shekilli — deydi Lola Sharipova.
Hududga e’tibor qaratadigan bo’lsak. Transformator bolalar o’yingohidan 4-5 metr uzoqlikda joylashgan. Shu yaqin atrofdagilarning ta’kidlashicha, o’sha kunlarda transformatorning himoya eshiklari ochiq holda bo’lgan. Olti ming voltli kuchlanishdagi transformatordan tok urishi oqibatida Nurislomning qo’llari kuyib ketgan va shifokorlar uning qo’llarini kesib tashlashga majbur bo’lishgan. Bola operatsiyadan so’ng bir necha kun jonlantirish bo’limiga tushgan. Hozirda esa ahvoli yaxshilanib, oilasi, ota-onasi bag’rida. Ammo endi uning odatiy hayotga qaytishi uchun zamonaviy protez qo’llar o’rnatish zarur. uning xarajatlari esa har biri 60 ming AQSh dollari bo’ladi va ular har besh yilda almashtirilib turilishi zarur.
Jamolbek SALOMOV tayyorladi