Turkiya prezidenti huzuridagi dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi yurak xuruji haqidagi versiyani rad etdi.
Saylovoldi kampaniyasi tadbirlarining bekor qilinishi
Erdoʻgʻon 26-aprel kuni shifokorlar tavsiyasiga koʻra bir kunni uyda oʻtkazishini maʼlum qildi. U bu hodisani “ish jadvali tigʻizligi tufayli bir oz noqulaylik” deb baholadi. Davlat rahbari chorshanba kuni Turkiyaning bir qancha shaharlarida oʻtkazilishi rejalashtirilgan saylovoldi tashviqot tadbirlarida vitse-prezident Fuat Oʻqtay uning oʻrnini egallashini qoʻshimcha qildi.
Shuningdek, Erdoʻgʻon 27-aprelga moʻljallangan toʻrtta telekanal (Euro D, ATV Europe, NTV Europe va TRT World) tomonidan koʻrsatilishi kerak boʻlgan intervyusini ham bekor qildi, deb yozadi Sözcü gazetasi va SZC TV jurnalisti Ismoil Saymaz oʻzining Twitterʻdagi sahifasida.
Bundan tashqari, Erdoʻgʻon oʻzining saylovoldi tashviqoti doirasida Mersinda miting oʻtkazishdan bosh tortdi, deya maʼlum qildi Turkiyaning hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi rahbari oʻrinbosari Erkan Kandemir. Uning aniqlik kiritishicha, u “keyinroq oʻtkazilishi rejalashtirilgan”.
Shuningdek, Kandemir Erdoʻgʻon Turkiyaning birinchi “Akkuyu” atom elektr stansiyasining 1-energoblokiga yadro yoqilgʻisini yuklash marosimida videoaloqa orqali ishtirok etishini aytdi (Rossiya va Turkiyaning qoʻshma loyihasi, atom elektr stansiyasi Rossiya bilan birgalikda qurilmoqda). Shu bilan birga, avvalroq davlat rahbari ushbu tadbirda shaxsan ishtirok etishi kutilgandi. Kreml xabariga koʻra, marosimda Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham videoaloqa orqali ishtirok etadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ham Erdoʻgʻon 3-mayga qadar rejalashtirilgan barcha uchrashuvlarini bekor qilgani haqida maʼlumot tarqaldi. Biroq bu maʼlumotni tasdiqlovchi yoki rad etuvchi rasmiy xabarlar eʼlon qilinmagan.
Prezidentlik saylovi atrofidagi vaziyat
Turkiyada prezidentlik va parlament saylovlari 14-mayga belgilangan. Bloomberg maʼlumotlariga koʻra, Erdoʻgʻon oʻz hukmronligi davridagi eng qiyin saylov kampaniyasini oʻtkazmoqda. Xususan, agentlikning maʼlum qilishicha, amaldagi prezidentning ittifoqchilari Turkiyadagi saylovlar oldidan oʻz sodiqliklarini qayta koʻrib chiqmoqda, chunki u parlamentdagi yoki koʻpchilik ovozlarni yoʻqotishi mumkin.
Erdoʻgʻonning sogʻligʻi bilan bogʻliq muammolar borligining oʻzi ham taranglashgan saylov kampaniyasiga taʼsir qilmoqda.
Amaldagi prezident Erdoʻgʻanning asosiy raqibi – “Respublika ittifoqi” va muxolifatdagi “Xalq ittifoqi” partiyasidan yagona nomzod Kamol Qilichdoroʻgʻli. Optimar jamoatchilik fikrini oʻrganish kompaniyasi tomonidan aprel oyi boshida oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, respondentlarning 45,9 foizi prezidentlik saylovining birinchi bosqichida amaldagi davlat rahbariga, 43,9 foizi esa muxolifat yetakchisiga ovoz berishga tayyor.