Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida viloyat hokimiga yer masalasida shikoyat qilgan blogerga boshqa bir fuqaro o‘ldirish bilan tahdid qilgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ma’lumot berdi.
Sariosiyo tumanida yashovchi fuqaro N.A. viloyat IIBga murojaat qilib, A.H. ismli shaxs Telegram’dagi mingdan ortiq a’zosi bo‘lgan guruhda uni qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qilganini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Ma’lum bo‘lishicha, surxondaryolik bloger viloyat hokimiga Sariosiyo tumani Dashtobod qishlog‘ida noqonuniy qurilishlar bo‘layotganini hamda yerlar A.A. ismli shaxs tomonidan talon-toroj qilingani haqida shikoyat qilgan.
Telegram-guruhda fuqaro A.H. esa blogerni onasidan so‘kib, o‘ldirish bilan tahdid qilgan.
Fuqaro A.H.ning harakatlarida internetga joylashtirish orqali haqorat qilish jinoyat alomatlari mavjudligi sababli unga nisbatan Jinoyat kodeksining 140-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.