Ko’chalarimiz charog’onligiga kimlar mas’ul?

Ko’chalarimiz charog’onligiga kimlar mas’ul?

Ijtimoiy ko’cha yoritgichlari birinchi marta 1500-yillarda ishlab chiqilgan va shisha lampalari ixtirosidan keyin tezlashib, yorug’lik miqdorini sezilarli darajada yaxshiladi. 1588-yilda Parij hukumati ko’chalarning har bir chorrahalarida mash’alani o’rnatishni va yoqishni buyurdi. 1594-yilda politsiya buni chiroqlarga o’zgartirdi. XVII asrning oxiriga kelib, Parijda 2 ming 700 dan ortiq ko’cha chiroqlari mavjud edi va 1730-yilga kelib, ular ikki baravarga ko’payadi.

Ko’cha chiroqlari tunda yonib, yo’llarimizni charog’on qiladi. Ba’zida ularga zarar ham tegishi holatlari ko’p uchraydi. Paxtachi tumanida ham bir qancha joylarga chiroqlar o’rnatilgan. Ularga qaysi tashkilot(lar) ma’sul ekanligiga qiziqib ko’rdik.

Paxtachi tumanidagi tungi ko’cha chiroqlarini tuman Obodonlashtirish boshqarmasi va tuman Elektr tarmoqlari korxonasi o’z nazoratiga olgan. Ushbu tashkilotlar chiroqlarning vaqtida o’chib, yonishi hamda nosozlik holatlarini bartaraf qilib, kuzatib boradi.

Chiroqlar tumanning qay joylarida o’rnatilgan?

Paxtachi tuman hududidagi yoritish tizimidagi mavjud yoritish uskunalari va jihozlari 2022-yil holatiga ko’ra, aholi ko’p bo’lgan joylarga, mashina qatnovi ko’p bo’lgan ora ko’chalar, katta magistral yo’lning ma’lum qismlariga ya’ni aholi yashash xonadoni yo’llarga yaqin bo’lsa, chiroqlar o’rnatilgan. Piyodalar yo’lagi, yo’l kesib o’tish uchun belgilangan joylarga, mahalla guzarlari, maktab binosi yoniga o’rnatilgan. Chiroqlarning kabellari jami 56 ming 841 metrni tashkil qiladi. Chiroq lampalar soni jami 2 ming 664 tani tashkil qilib, 789 ta temir ustunlariga o’rnatilgan.

Ularga qanday shikast yetadi?

Aholi tomonidan yoritgich chiroqlarini yechib ketish, sindirish, kabellarini kesish kabi holatlar uchraydi.

Transport vositalarining avtohalokatga uchrashi oqibatida chiroq temir ustunlariga shikast yetadi. Undan tashqari, chiroqlarga tabiiy ofatlar, shamol, yog’ingarchiliklar orqali zarar yetadi.

Bunday hollarda obodonlashtirish va  tuman elektr tarmoqlari xodimlari zarar ko’rgan chiroqlarni ta’mirlaydi va kuygan lapochkalarni yangisiga almashtiradi.

Xodimlar orqali har doim chiroqlar nazoratda bo’lib, zarar yetgudek bo’lsa, tezda bartaraf etiladi.

Koʻchalarimiz kechqurun yorugʻ va chiroyli boʻlishi uchun tunggi chiroqlar o’rnatilgan. Aholining xavsizligi uchun chiroqlar beminnat xizmatchi vazifasini o’tayabdi.

— Tungi chiroqlarga insonlar tomonidan zarar yetkazilishining oldini olish maqsadida profilaktik-targ’ibot ishlari olib borilayabdi. Aholidan chiroqlarga imkon qadar zarar bermasligini, ular aholining o’zlari uchun xizmat qilishini tushunib yetishlarini tavsiya etgan bo’lardik. Ba’zida yosh bolalar chiroqlarga teginishi oqibatida ularning o’zlarini ham tok urishi holatlari uchramoqda. Buning uchun kattalar yosh bolalarga ibrat bo’lishi lozimdir, — deydi tuman Obodonlashtirish bosh muhandisi Ro’ziboy Hakimov.

Zamonaviy, tejamkor tungi chiroqlar yo’llar singari odamlarning qalblariga ham yorug’lik olib kirib, dillarida rozilik, shukronalik hislarini mavjlantirayotgani ham bor gap.

Madina ERKINOVA, tayyorladi