Yohud “Velosiped yoʻlakchasi «Tuya»larnikimi?” maqolasidagi muammolar keraksizmi?
Velosipedda harakatlanish bu inson organizmi uchun foydali hisoblanadi. Bugun dunyo bo’yicha ushbu transport vositasidan foydalanuvchilar uchun yetarlicha qulayliklar yaratib berilmoqda. Shu jumladan, bizning yurtimizda ham so’nggi yillarda piyodalar va velosipedlar harakati uchun maxsus yo’laklar ajratilmoqda. Bundan esa asosiy ko’zlangan maqsad avtotransport vositalari va velosiped harakati ishtirokchilarining bir-biriga xalal bermasligi, yuzaga kelishi mumkin bo’lgan YTHlarining oldini olish. Bu esa insonning qimmatli hayoti uchun muhim jarayon hisoblanadi.
Bugungi kunda Paxtachi tumanida ham mavjud yo’llarni obodonlashtirish bilan bir qatorda piyodalar va velosipedlar harakati uchun maxsus yo’laklarning tashkil etilishi quvonarli hol bo’ldi. Ammo…
Ammo bugun ularning hammasi ham o’z vazifasida xizmat qilyaptimi, degan savolga javob qaytarishda biroz o’ylanib qolamiz. Sababi tuman markazidagi Istiqlol ko’chasidagi velosipedlar uchun ajratilgan maxsus yo’laklar bugun bu ko’chada joylashgan tashkilotlar, xizmat ko’rsatish obyektlari kabilarning “maxsus stoyanka”siga aylanib qolgan. Bu borada” “Velosiped yoʻlakchasi «Tuya»larnikimi?” sarlavhasi ostida maqola “Paxtachi” gazetasining joriy yil 27-martdagi 8-sonida bosib chiqarildi. Keyinchalik 8-aprelda tahririyatning elektron nashri — “Muhim24.uz” saytida ham e’lon qilindi. Biroq ushbu maqolaga va muammoga IIB YHX mutasaddilari tomonidan hali hanuz hech qancha e’tibor berilganicha yo’q. (Bu borada sayt IIB ning viloyat axborot xizmatiga ushbu e’lon qilingan materialni telegram tarmog’I orqali tashlab bergan.)
Ho’p, mayli. Keling, bugun biz yana shu mavzuga qaytamiz. Yanayam batafsil tushuntirishga harakat qilamiz. Avvaliga Ziyovuddin shaharchasidagi ushbu yo’lning Google platformasining sputnik orqali tushirilgan suratlariga e’tibor qaratsak:
Ko’rib turganingizdek, Istiqlol ko’chasi bo’ylab joylashgan tashkilot va xizmat ko’rsatish binolariga kuniga ko’plab aholi biror bir ish yuzasidan o’z avtotransportida kelishadi. Ishlari bitgunga qadar esa mashinalarini ko’cha chetiga qo’yishadi. Xo’sh, bu yerda haydovchilar aybdormi? Bu savolga esa birozdan so’ng o’zingiz mulohaza etib, javob toparsiz.
Ko’cha bo’ylab qayerdadir mashinalar turargohi bormikin, deb qidirishning hojati yo’q. Bu obodonlashtirish ishlari jarayonida “yodlaridan ko’tarilgan”. Vaholangki, ushbu ko’chada qancha davlat tashkiloti joylashgan: tuman hokimligi, “Yoshlar” istirohat bog’i, Madaniyat markazi, Pochta xizmati, Uztelecom, Davlat xizmatlari markazi, Ziyovuddin jome’ masjidi, Mahalla markazi, 25-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi, Yoshlar markazi, Poliklinika, tuman gazetasi tahririyati hamda IIB binosi ham shu ko’chada. Demak, bu ko’cha bo’ylab harakatlanishning ko’p bo’lishi tabiiy hol. Bularning bir joydaligi juda yaxshi, aholiga qo’l keladi. Bir nechta tashkilot orqali ishini tezda bitkazib ketish imkoniga ega bo’ladi. Ammo gap yuqorida ta’kidlaganimizdek, birorta ham avtoturargohning tashkil etilmaganligida. Hech bo’lmaganda bir nechta yaqin tashkilotga bitta avtoturargoh tashkil etish kerakmasmikin?! Bizningcha bu zamon talabiga aylandi. Negaki, bugun Istiqlol ko’chasidagi yo’l bo’ylab avtomobillarning to’xtab turishi va aynan velosipedlar yo’lakchasini band qilib, ularning harakatini cheklash yoki ularning yo’lga chiqib ketgan holda harakatlanishiga majbur etmoqda. Bu esa velosiped harakatlanuvchilarining hayotini xavf ostida qolayotganini anglatadi.
Keling, e’tiboringizni yana bir holatga qaratsak. Ziyovuddin shaharchasidagi markaziy dehqon bozori. Bu yerga ham o’z-o’zidan aholi ko’p kelishadi. Google sputnik orqali olingan suratga e’tibor qilsangiz bu hududda ham avtoturargohning tashkil etilmaganligini ko’rishingiz mumkin.
Velosipedlar yo’lakchasida qanday talablar bor?
Qonunchiligimizga ko’ra, velosipedlarning yoʻlning chetki oʻng boʻlagida imkoni boricha oʻng tomonidan bir qator boʻlib harakatlanishiga yoʻl qoʻyiladi. Agar piyodalarga xalaqit bermasa, yoʻl yoqasidan harakatlanishga ham ruxsat etiladi.
Velosiped yo‘lkasi — alohida yo‘l yoki konstruktiv jihatdan qatnov qismi va trotuardan ajratilgan yo‘lning tarkibiy qismi bo‘lib, tegishli yo‘l belgisi bilan belgilanadi. Istiqlol ko’chasidagi yo’lakda maxsus belgi chizib chiqilgan.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi “Yo’l harakati qoidalarini tasdiqlash to’g’risida”gi qarori 13-bobi to‘xtash va to‘xtab turish haqidagi qoidalarning 91-bandida velosiped yo‘lkasi bilan kesishuvda va ulardan oldin 10 metrdan kam masofa qolganda to’xtash taqiqlanishi keltirib o’tilgan. Faqatgina odam tushirish va odam mindirish holatlariga ruxsat berilgan.
Shu o’rinda avvalgi e’lon qilingan maqola yuzasidan ba’zi savollarni ham keltirib o’tmoqchimiz. Mavzu ikki bor: biri bosma shaklda gazetada va ikkinchi bor esa internet saytimizda taqdim etildi. Mas’ul tashkilotdan izoh berilishi so’raldi. Lekin shunga qaramay bu nega e’tiborsiz qoldirildi?
Yuqorida so’zga olganimiz tuman IIB ham shu Istiqlol ko’chasida joylashgan. Vaholangki, xodimlar ko’chadagi holatni ko’rmasliklari mumkinmas. Keyin esa hech bo’lmaganda haftada bir bor bo’limda xodimlar uchun yig’ilish o’tkaziladi va bunda tumanning yo’l harakati xavfsizligi bo’yicha mas’ul YPX xodimlari ham ishtirok etishadi. Ha, yana bir asosiy tomoni esa ular bu ko’cha bo’ylab kuniga hech bo’lmaganda bir bor nazorat uchun harakatlanishadi ham. Xo’sh, bunday holatni ko’rishmaydimi?
O’ylaymizki, ikkinchi bor qaytilayotgan bu mavzu yana e’tiborsiz qoldirilmaydi. Tez orada rasmiy izoh taqdim etiladi degan umiddamiz.
Jamolbek SALOMOV, tahririyat muxbiri