XOTIN-QIZLAR VA BOLALAR HUQUQLARI QONUN HIMOYASIDA

XOTIN-QIZLAR VA BOLALAR HUQUQLARI QONUN HIMOYASIDA
  1. Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.

Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga, umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga o‘z huquqlarini amalga oshirishida to‘sqinlik qilish, shaxsiy narsalariga qasddan shikast yetkazish, sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash, qo‘rqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qo‘yish uchun quyidagi javobgarlik belgilandi:

– BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha jarima yoki 10 sutkagacha ma’muriy qamoq. Ularni do‘pposlash esa 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamog‘ga sabab bo‘ladi.

Mazkur harakatlar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin takror sodir etilsa jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Javobgarlik – BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha jarimadan boshlanib 2 yilgacha axloq tuzatish ishlarigacha.

Yuqoridagi shaxslarni do‘pposlash, ularga tan jarohati yetkazish 2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin. Oilaviy zo‘ravonlik og‘irlashtiruvchi holatlarda sodir etilsa (masalan, homiladorga, o‘ta shafqatsizlik bilan, ikki yoki undan ortiq shaxsga va hk. shikast yetkazish), jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarsa (masalan, ko‘rish, so‘zlash qobiliyatini yo‘qotish, o‘lim), 3 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga sabab bo‘ladi. Ilgari mazkur harakatlar uchun umumiy moddalarga (badanga shikast yetkazish) asosan javobgarlikka tortilgan.

  1. Shilqimlik qilish uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.

Unga ko‘ra, shaxsga nomaqbul hamda uning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlaydigan, tashqi qiyofasini yoki qaddi-qomatini tavsiflashda, imo-ishora qilishda, teginishda, chaqirishda ifodalangan, shahvoniy xususiyatga ega harakatlarni sodir etish BHMning 2 baravaridan 5 baravarigacha jarima solishga yoki 5 sutkagacha ma’muriy qamog‘ga sabab bo‘ladi.

Ilgari mazkur harakatlar uchun javobgarlik belgilanmagan.

  1. Aliment to‘lamagan shaxs majburan ishlatilib, puli bolalari ta’minotiga yo‘naltiriladi.

Haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish jazosi kiritildi. U sudlar tomonidan 8 soatdan 240 soatgacha muddatga tayinlanadi.

Ma’lumki, aliment qarzdorligi jiddiy muammoga aylangan. Aliment to‘lamay yurgan shaxslarni 15 sutkaga qamash yoki jarimaga tortish mumkin. Biroq aksariyat hollarda bundan aliment oluvchiga umuman naf yo‘q.

Aksincha, qamog‘ga olingan aliment to‘lovchi 15 sutka ishlab pul topish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi, jarima jazosi esa uning ahvolini yanada og‘irlashtiradi.

Endi ular majburiy jamoat ishlariga ham jalb etiladi va ish haqining teng yarmi alimentga ushlab qolinadi.

  1. Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirildi.

Unga ko‘ra, voyaga yetmaganlarga nisbatan ma’lum jinoyatlarni sodir etganlar jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilinmaydi. Hatto mazkur jinoyatlar jinoyatga tayyorganlik yoki suiqasd bosqichida to‘xtatilganda ham, jazo tayinlashda yengillik berilmaydi. Xususan, quyidagi jinoyatlarni sodir etganlar nisbatan:

18 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish va jinsiy aloqaga majburlash;

16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa yoki unga uyatsiz-buzuq harakatlar qilish;

voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotlar bilan muomala qilish;

voyaga yetmagan shaxs ishtirokida qo‘shmachilik qilish, fohishaxona tashkil etish.

Ilgarigi tartibga, ko‘ra ular jazoning yarmini o‘tagach, yengilrog‘iga almashtirilishi yoki jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilinishi mumkin edi.

  1. Ayol kishini “abort” qilishga majburlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi.

Ayolni abortga majburlash uchun javobgarlikning quyi chegarasi – BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha jarimadan boshlanib yuqori chegarasi – 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilandi.

Ilgari javobgarlik BHMning 50 baravarigacha jarimadan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlarigacha edi.

  1. Nomusga tegish va jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish uchun jazo kuchaytirildi.

Mazkur jinoyatlar uchun ilgari 3 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish nazarda tutilgan bo‘lsa, endilikda 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilandi.

Shuningdek, mazkur jinoyatlar quyidagi shaxslarga nisbatan sodir etilsa, og‘irlashtiruvchi holat deb topiladi va jazo ko‘proq tayinlanadi (eng ko‘pi 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish):

– nogironligi bo‘lgan shaxslarga;

– sobiq xotiniga (eriga), bir ro‘zg‘orda yashayotgan shaxsga yoxud umumiy farzandga ega shaxsga;

– jabrlanuvchiga qarab turish yuklatilgan muassasa xodimi tomonidan sodir etilishi.

Ilgari mazkur tartiblar mavjud emas edi.

  1. Ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash bo‘yicha majburiyatlarini bajarmaganligi uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.

Masalan, ota-onalar, 6 oydan ko‘p muddatga xorijga ketganda voyaga yetmagan farzandlariga vasiy va homiy tayinlatib ketishi kerak. Biroq bu qoidaga doimo amal qilinmaydi.

Xususan, ota-onalar tomonidan mazkur majburiyatlarni bajarmagan holda xorijga chiqib ketgan ota-onalarning farzandlari tomonidan 2019 yilda jami 7 ta, 2020 yilda 22 ta, 2021 yilda 29 ta jinoyat sodir etilgan.

Endilikda, mazkur qilmish BHMning 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

  1. Jinsiy jinoyat sodir etgan shaxslar ta’lim-tarbiya tashkilotlarida ishlashi taqiqlandi.

Qasddan odam o‘ldirgan, 18 yoshga to‘lmagan shaxs nomusiga tekkan, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirgan, ularga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilgan, voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotlar bilan muomala qilgan, terrorizm uchun javobgarlikka tortilgan shaxslar ta’lim, tarbiya, bolalar sog‘lomlashtirish, sport va ijodiy tashkilotlarida ishlashi hamda bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi taqiqlandi.

Ilgari mazkur cheklovlar mavjud bo‘lmagan.

  1. Ota-ona yashash joyidan chet davlatga vaqtincha chiqib ketayotganida o‘z bolasiga vasiy yoki homiy tayinlashi shart bo‘lgan muddat 6 oydan 3 oyga qisqartirildi. Ya’ni ota-ona 3 oydan ko‘p chet-elga ketsa bolasiga vasiy yoki homiy tayinlashi kerak, aks holda ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
  2. “Himoya orderi” muddati 1 yilgacha uzaytirilishi mumkinligi belgilandi.

Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi shaxs va unga tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik qilgan shaxs bir joyda ishlasa yoki o‘qisa, ichki ishlar organi mansabdor shaxsi ularning o‘rtasidagi bevosita aloqani taqiqlash bo‘yicha tashkilotga taqdimnoma kiritadi va tashkilot rahbari taqdimnoma ijrosini ta’minlaydi. Himoya orderi muddati sud tomonidan 1 yilgacha uzaytirilishi mumkin. Ilgari muddat 30 kungacha ichki ishlar organlari tomonidan uzaytirilgan.

   S.Aliyev                 

Paxtachi tuman adliya bo‘limi

bosh maslahatchisi