Oʻzbekistonda davlat organlari rahbarlari faoliyatini jamoatchilik fikri asosida baholash yoʻlga qoʻyiladi. Bu haqda “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi toʻgʻrisidagi prezident farmonida belgilandi.
Farmonga koʻra, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi quyidagi 5 ta ustuvor yoʻnalishdan iborat. Toʻrtinchi yoʻnalishda qonun ustuvorligini taʼminlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirish boʻyicha bir necha maqsadlar qoʻyilgan.
Xususan, davlat fuqarolik xizmatini meritokratiya (boshqaruv tamoyili boʻlib, shaxslarning ijtimoiy kelib chiqishi va moliyaviy holatidan qatʼi nazar, davlat boshqaruvida rahbarlik lavozimlarini eng qobiliyatli va munosiblar egallashi zarur, degan mazmunni anglatadi), halollik va professionallik tamoyillari asosida tashkil etish maqsadida:
➖ davlat organlari rahbarlari va ularning oʻrinbosalarlari faoliyatini jamoatchilik fikri asosida baholash amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi;
➖ Milliy kadrlar zaxirasida rahbarlik lavozimiga nomzodlar soni kamida ming nafarga yetkaziladi;
➖ “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonunda nazarda tutilgan fuqarolik xizmati tizimini toʻliq ishga tushirish doirasida ushbu tizim bilan 70 dan ortiq davlat organlari qamrab olinishi taʼminlanadi;
➖ davlat fuqarolik xizmatchilarini uzluksiz malaka oshirib borish tizimi bilan qamrab olish darajasi 100 foizga yetkaziladi.
Xalq bilan muloqotni yanada kengaytirish orqali aholi muammolarini aniqlash va hal etish tizimi samadorligini oshirish maqsadida davlat organlari va tashkilotlarida murojaatlarni qogʻoz shaklida roʻyxatga olish amaliyoti bekor qilinadi.
Barcha davlat organlari va tashkilotlariga elektron shaklda, shu jumladan, tegishli mobil ilova orqali murojaat qilish imkoniyati yaratiladi. Murojaatlarning kamida 80 foizini mahalliy darajada qanoatlantirish taʼminlanadi.