Inqirozga uchrayotgan energetika: muammolar va kichik takliflar

Inqirozga uchrayotgan energetika: muammolar va kichik takliflar

Inson hayoti uchun muhim bo’lgan manbalardan biri bu elektr energiya hisoblanadi. Bilamizki, bugun bu tizim yurtimizda katta muammoli vaziyatlarni keltirib chiqarmoqda va eng ko’p tanqidga qolib ketayotgan sohalardan biri ham ayni shu tizim. Ochig’ini tan olish kerak, mustaqillikdan so’ng ham ko’p yillar bu tizimda deyarli yangiliklarga qo’l urilmadi. Iqtisodimizchi, aholining sonichi? Bular kun sayin o’sib, shiddat bilan oshib bordi. So’nggi olti yil ichida yurtimizda aholi soni 12 foizga osdi. Sanoat korxonalari esa 2 barobarga ortib, 45 mingdan 100 mingtaga ko’paydi. Bularning natijasida elektr energiyasiga bo’lgan talab 35 foizga oshdi va bu raqamlar yana o’sishda davom etmoqda. 2020-yilda elektr energiyasi iste’moli 71 milliard kilovatt-soatni tashkil etgan bo’lsa, so’nggi ikki yilda esa bu iqtisodiyot tarmoqlaridagi talabning 10 foizga, aholi talabining esa 8.5 foizga oshishi bilan talab darajasi yanada ortdi.

O’zbekistonda elektr energiyasini ishlab chiqarish asosan, issiqlik elektrostansiyalari hisobiga to’gri keladi. Ular esa uzliksiz ishlashi uchun katta miqdorda tabiiy gaz ishlatiladi. Mamlakatimizdagi tabiiy gazning 12-15 foizi ayni shu sohada ko’kka sovirilmoqda desak ham mubolag’a bo’lmaydi. Mutaxassislarning aytishicha, kelajagimizning so’nggi 15-20 yilida yurtimizdagi tabiiy gaz qazib olish hajmi sezilarli kamayadi. Bundan ko’rinib turibdiki zaxiraning ham tagi ko’rinib borayotir. Buning ustiga IESda ham tizimlar deyarli yangilanmasdan kelindi. Bundan tashqari elektr tokini yetkazib berishdagi ishlarni ham olaylik. Bu tizim ham anchayin eskirgan va buning natijasida tok sarfi ham ortiqcha edi. Tizimda tashqi investitsiyalarni jalb etish masalasi ham past darajada olib borildi. Yana bir faktlarni keltirsak. 2030-yilgacha mamlakatimizda elektr energiyasiga bo‘lgan talab yiliga taxminan 6-7 foizga o‘sishi bashorat qilinmoqda. Ammo hozircha O’zbekiston bu ssenariyga tayyor emasdek ko’rinyapti. Chunki mavjud quvvatlar ichki ehtiyojni to‘liq qondirish imkonini bermaydi. Tezkor choralar ko‘rilmasa, kelgusida energiya taqchilligi muammosi taraqqiyotimizga tushov bo‘lishi aniq. Nega issiqlik elektr stansiyalari (IES)dan butkul voz kecholmaymiz? Sababi hozirda ular energiya generatsiyasining salkam 90 foizini ta’minlamoqda.
MUAMMONING BIRDAN-BIR YECHIMI
Bu kabi masalalarda ham yechim tezroq muqobil energiya manbalaridan foydalanishga o’tishdir. Bunda, albatta quyosh va shamol kabi muqobil resurslar nazarda tutiladi. Bu borada jahon mamlakatlar allaqachon samarali ishlarni boshlab yuborishgan. Qayta tiklanuvchi ushbu resurslardan foydalanishda hududning joylashuvi va mavjud imkoniyatlari ham katta ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimiz oʻzining toʻrt faslli betakror tabiati, yer osti va usti nodir boyliklari bilan yetti iqlimga maʼlumu mashhur boʻlib kelgan boʻlsa, endilikda uning yangi noyob xususiyatlari — oftobli osmoni, shamolli kengliklari, tezoqar daryolari, biologik manbalari ham shuhratini yana-da oshirishga xizmat qilishi mumkin. Qayta tiklanuvchi manbalardan energiya ishlab chiqarishning 97 foizi quyosh energiyasi ulushiga toʻgʻri keladi. Xo’sh, bu tizimda yurtimizning qanday imkoniyatlari mavjud? Bizda yil davomida o’rtacha quyoshli kunlar 320 kunni tashkil etadi. Quyosh nurining faol tushishi esa 3 000 soatga to’g’ri keladi. Bundan esa oqilona foydalanilsa, yiliga quvvati 525-760 milliard kVt. soatgacha yetadigan quyosh energiyasini olish mumkin. Bundan tashqari O’zbekistonda kattagina cho’l, ya’ni foydalanilmaydigan yerlar mavjud. Demak bu borada bizda imkoniyatlar yetarlicha mavjud. To’g’ri, so’nggi yillarda bu sohada ham o’garishlarga qo’l urilyapti. Lekin kundan-kunga o’sib borayotgan talab uchun bu juda sekinlik qiladi. Bir tomondan bu uning texnologiyasining juda qimmatga tushishi bilan ham bog’liqligi bor gap va yana bir tomoni esa texnologiyalar to’liq chetdan olib kelinadi. Sababi sifatli. Yashil energetikaning texnologiyalari jiddiy xarajat ham degani. Buning uchun esa yurtimizga katta investitsiya oqimi kerak, ayni energetika sohasining o’ziga. Albatta, kelayotgan investitor undan foyda ko’rishni va jahon bozori narxlarida hisoblashni istaydi. Jahon bozorida esa uning 1 kVt narxi 17-19 sent hatto undan yuqoriroq ham sotiladi. Bu borada hukumatimiz “yashil” energetika tarmog‘iga sarmoya kiritayotgan kompaniyalarga kerakli hajmda yer maydoni va infratuzilmadan foydalanish huquqini taqdim etmoqda. Faqat bir shart bilan, narxlar tushirilib, u bilan 20 yilga shartnoma tuzib, 1 kVt elektr energiyaning narxini 2 sent qilib belgilanmoqda. Aholi orasida, ya’ni o’zimizda ham undan noto’g’ri foydalanish, ortiqcha sarf etish anchayin yuqoriligicha qolmoqda. Xorijdagi rivojlangan mamlakatlar bunga o’ziga xos yechim topa boshlashyapti. Bulardan biri chekka hududlarda kichik quyosh elektr stansiyalarini tashkil etish. Xususan, Gretsiya ko’plab viloyatlarining chekka hududlarida 50-400 kVt quvvatga ega bo’lgan kichik quyosh elektrostansiyalarini tashkil etib kelmoqda. Ularda viloyat rahbarlari, tadbirkorlarning o’zi jarayonda tashabbuslar bilan qatnashishmoqda. AQShda ham quyosh panellaridan foydalanish keng ko’lamda bo’lib, innovatsion yangi xonadonlar yasalib, ularning barcha texnikalari to’liq quyosh panellari bilan ishlaydi. Buning isbotini internet tarmog’I orqali ham ko’rib kuzatishingiz mumkin. Bizda ham tuman rahbariyati, tadbirkorlarimiz o’z tashabbuslarida ayni shunday yo’lga o’tishsa, hududlarda kichik quyosh panellaridan iborat stansiyalarni tashkil etishsa va innovatsion smart uylar tashkil etilib, ular ham quyosh panellariga o’tishsa bu kabi muammolar yechimi tezlashib boradi.
Maqolamiz so’nggida ham ayrim raqamlarga yuzlansak. Bugungi kunda O‘zbekistonda elektr energiya defitsiti yiliga 6-7 mlrd kVt yoki 10-15 foizni tashkil etmoqda. Sakkiz yildan keyin yillik ehtiyoj 110-112 mlrd kVtga yetadi. Bu jiddiy masala. Shunday ekan davlat gardanidagi energodefitsitni to‘liq bartaraf etish mas’uliyatini barchamiz to’g’ri anglab yetishimiz kerak. Zero, kelajak avlod uchun munosib sharoit yaratish barchamiz uchun birdek vazifadir.

Jamolbek SALOMOV