Samarqand va Namangan shaharlari respublika bo‘ysunuviga o‘tkazilishi kutilmoqda

Samarqand va Namangan shaharlari respublika bo‘ysunuviga o‘tkazilishi kutilmoqda
foto: Internet ijtimoiy tarmoqlaridan

Yodingizda bo’lsa o’tgan 2022-yilning so’ngida, ya’ni 20 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev har yili yil yakunidagi an’anaviy Oliy majlisga murojaatmonasi davomida Samarqand va Namangan shaharlarini alohida maʼmuriy-hududiy birliklar sifatida respublika boʻysunuviga oʻtkazishni taklif qilgan edi. Sababi hozirgi kunga kelib Markaziy Osiyoda aholisi milliondan ortiq shaharlar soni 7 taga yetganligi va mintaqamizda poytaxtlar bilan bir qatorda, boshqa yirik shaharlar ham “oʻsish nuqtalari”ga aylanib bormoqda. Bular orasida Samarqand va Namangan shaharlari ham bor. Ularning har birida aholi soni bir millionga yaqinlashib bormoqda.

«Samarqand shahri dunyo taniydigan megapolisga, xalqaro turizm va biznes markaziga aylandi. Namangan ham sanoat, tadbirkorlik, taʼlim, madaniyat sohalarida mintaqaviy markaz sifatida oʻz oʻrnini topmoqda», — degan edi davlatimiz rahbari.

foto: Internet ijtimoiy tarmoqlaridan

Endilikda bu shaharlar alohida ma’muriy-hududiy birliklar sifatida respublika bo‘ysunuviga o‘tkazilishi uchun jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan bo’lib, 2023 yilgi davlat dasturi loyihasida ko‘zda tutilgan. Loyihada aytilishicha, may oyi yakunigacha respublika ahamiyatidagi Samarqand va Namangan shaharlarini va ular tarkibidagi tumanlarni tashkil etish, chegaralarini belgilash, shu munosabat bilan Samarqand va Namangan viloyatlarining chegaralarini o‘zgartirish va ularning yangi ma’muriy markazlarini belgilash to‘g‘risida Oliy Majlis palatalarining qarorlari loyihalari Qonunchilik palatasiga kiritiladi. Shu qatorda avgust oyigacha Samarqand va Namangan shaharlarini respublika ahamiyatidagi shaharlar sifatida rivojlantirish dasturlari ham qabul qilinadi.

Uning nazorati bo’yicha esa Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishlarida dasturning bajarilishi holati yuzasidan Samarqand va Namangan shahar hokimlarining hisobotlari eshitib boriladi. Samarqand va Namangan viloyatlari hokimliklari, Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi topshiriq ijrosi uchun mas’ul etib tayinlandi.

«Muhim24.uz»