«Qabriston hikoyalari» — turkumidan

«Qabriston hikoyalari» — turkumidan
fotodizayn: muhim24.uz

«Qabriston hikoyalari» — TURKUMIDAN

Qishloqda o`sganman. Uyim qabristonning shundoq ro`parasida. Qabriston va uyim orasini zaxkash yer va tomorqa ajratib turadi. Yaqinda bir odam qabriston yonida o`sganimni eshitib, hikoya aytib qoldi. Taniqli yozuvchi, jurnalist kishi. U yonidagi qishloq qabristonidan o`ziga qabr qazdirib qo`yibdi. Ba’zan-ba’zan o`z qabriga kirib yotarkan. Hech orom ololmaydigan qalbi qabrga kirganida, orom olarkan… Hamletning, meni bir yong`oq ichiga qamab qo`ying, o`zimni o`shanda baxtli sezaman, degani shu bo`lsa kerak…

Zaxkashdan keyin tomorqa bor edi. Tomorqaning yonidan qishloqning katta arig`i o`tgandi. Har doim ham suv kelmasdi. Kichkinaligimizda suv bo`lgan paytlari o’zimizni suvga urardik. Biz ulg`ayib ketgach, u ariqda cho`miladigan bolalar qolmadi. Bir kelincha keldi. U kirlarni yuvib-yuvib, keyin toza suvda chayish uchun ariq boshiga olib chiqadigan bo`ldi. Oqayotgan suvda chaymasa, kir ochilmasmish. Qishloq xotinlarining og`zida duv-duv gap bo`ldi. Bizning qishloqda bunday odat yo`q edi. Ariq boshida gilam yuvish mumkin, katta yo`l boshidagida emas, shunda ham, tomorqasining ichidan o`tgan ariq boshida yuvilardi. Kelincha bizning odatlarni bilmasdi. Qishloq odamlari, xotinlari odatlanmagan ishlarni qilishi uni odamlarning og`ziga tushirdi. Yana bir yutum suvday chiroyli edi. Surxon tomonlardan deyishardi. Birov borib bu qizni olib kelmagan to`y-tomosha qilib. Surxon, Qashqadaryo taraflardan har oy erga chiqmagan yosh qizlarni mashinaga bosib olib kelish urfga kirgan, qizlarga hali uylanmagan yigitlarning rasmi ko`rsatiladi, ota-onasiga esa “qiz haqqi” uchun kuyov tomonidan beriladigan pul va’da qilinadi. Pulni kuyov o`sha qizni ko`rib, “xohlasagina” keyin beradi.

Har xil qizlar kelgan qishlog`imizga, novcha, to`lacha, ozg`in, oppoq, qoracha. Hozir o`rnini topib o`rnashib ketganlari – “katta xotin”. Onam aytmoqchi, ro`zg`orda eridan ham o`zib, “kalla-valla” aytib yurishdi. Lekin birortasi bo`z yigitga tegmagan. “Kuyov” jonivorlar hammasi xotin qo`ygan, xotini o`lgan, ajrashgan yo xotinidan bilan chiqisholmay qolib, bir ro`zg`orga ikkita ayol qilmoqchi erkaklar edi. Faqat bitta qizchagina qattiq yig`lagan deyishadi – qizchaga o`g`ilning rasmini ko`rsatib, olib kelingan, asli otaga mo`ljallangan bo`lgan. “Boshqa erkak edi-ku rasmda?!”, deb yig`labdi. Boshqa hech qanday e’tiroz bildirmabdi. Oraqaga qaytib ketolmaydi-ku, axir. 18 yosh qiz 60 ga kirgan kishiga uzatildi. Boshida hamma qizga achindi. Ammo bir-ikki yil ichida hayot asliga tushib ketdi. Eri ziqna, qo`pol, boylik qilib, qishloqda hammadan o`zaman derdi, burni ko`tarilgan bir odam edi. Qiz ham erining qabatidan kirdi. Yosh farqi unitildi, mol boqishdi, qo`sha-qo`sha mashinalar olishdi, dang`illama uy qurishdi, 25 yoshli juvon ham eri kabi burnini ko`tarib olgan. O`zini haqiqiy kayvoniday tutadi.

Qo`shni kelinchaga qaytsak, u qayerga kelayotganini bilgan, kimga tegishini ham. Norozi bo`lmagan. Eri – Beshim, bo`z yigit bo`lmasa ham, to`yidan 6 oy o`tar-o`tmas ajrashgan, fe’li yumshoq, birovga ozori tegmaydigan odam edi. Beshim yaqinda uylanib, ajrashgan bo`lsa ham, yoshi allaqachon 30 dan oshib ketgandi. Beshimni uylantirishga 80 ni qoralagan ota-onasida pul yo`q edi. Kelin tushirishga uy ham. Beshimni “egiz qo`zi” derdi momom. Egiz qo`zi degani – birovdan ajralolmaydigan odam, birov bilan egiz, yotsa yotadi, o`tirsa o`tiradi, tursa turadi degani. Beshim akasi –  Egamberdi bilan egiz qo`zi edi. Akasi bilan traktor haydar, ikkalasi bitta traktorning ichida yer suradi, qishda tirkamaga cho`ldan saksovul yuklab kelib, qishloqdagilarga sotadi. Lekin ro`zg`or tebratdigan pul topishmaydi. Shunga Beshim hech uylanolmadi. Ikki xonasi bor hovlining birida Beshim, chol-kampir, otasiz tug`ilgan jiyani, ikkinchi uyda akasi xotini va ikki bolasi bilan yashardi. Oxiri chol-kampirning Egamberdining zahar xotini – kelin bilan urishaverib, yerning tagidan bo`lsa ham, pul topib, alohida uy solib ko`chib chiqishga ko`ndirdi. Ko`ndirdi deganim juda yumshoq so`z. Qir-pichoq janjallardan hamma to`yib ketdi. Oxir qutulay dedi. Lekin Beshimni uylantirishga pul yo`q edi. Beshimni uylantirish harakatiga tushilganini eshitgan qishloqning qo`li uzun boshqa bir boboyi Shokir buvaning oldiga kelgan. “Mening qizimni ol, to`yni o`zim qilaman”, degan. Qizi kasalvand bo`lgani uchun uzoq payt davolangan, endi esa yoshi o`tib, “o`tirib qolgan” qiz sanalardi. To`y o`tdi. Yaxshigina dabdaba bilan. Yangi kelinchakdan atir sepilgan paxta olib chiqdim men ham. Anchaga hidi kelib tursin uchun yostig`imning tagida saqlab yurdim. Ammo kelinchak ko`p turmadi. Hamma hayron bo`ldi. Qaynona kelindan rozi edi, chaqqon-chaqqon xizmatini qilib yuruvdi. Birdan ketib qoldi. Keyinroq gap chiqdi: “…ayb kuyovda!”, degan. Beshimni duxtirga olib borgan qizning otasi, duxtir qaytargan. Ko`ch-ko`ronini yig`ishtirib, qizini oldi-ketdi. Qizining umrini beunum o`tkazishni istamadi. Darrov boshqa bir xotin qo`yganni topib uzatib yubordi. Beshim so`ppayib qolaverdi. Lekin unga so`ppayib qolganining farqi yo`q edi. Akadan ajralmasa bo`ldi unga, derdi momom. Keyin Beshimga o`sha Surxon qizini keltirib berishdi. Qizning qalini uchun hemiri ham berisha olmagan. O`zlari nonga zor edi. Qiz bechora yig`lb-siqtab rozi bo`lgan. Uning ota-onasi qiz oraqasidan keladigan pulga bir kun bo`lsin qozon qaynatmagan bo`lsa ham, bitta tekin tomoq kamaydi. Shuni o`ylab, rozi bo`lgan. Beshim o`sha-o`sha edi. Kelincha ham unga xotinlik qilolmasligini bilib bo`lgan, ammo “ketaman” demadi. Bir yil yashadi. Beshim odam bo`lmadi. Akasi dalaga chiqsa, ergashib dalaga chiqdi, o`tin tashisa, o`tin tashidi. Topadigan pul o`rtada bo`lsa ham, yanganing qo`liga tushardi. Yanga bersa yeydi, bermasa, och-nahor yuraveradi. Tez orada chol – otasi o`ldi. Kelib turgan pul – pensiya qirqildi. Yanga kelinchani haydayman deb qat’iy qaror qildi – bolalari o`sib boryapti, nimaga kerak bitta ortiqcha tekintomoq. Kelincha oyoq tirab turib oldi: nima bo`lsa bo`lsin, palak yozaman, tinib-tinchib ketaman shu yerda, hech bo`lmaganda bola asrab olamiz…

Ammo Beshimga buning qizig`i yo`q edi. U sutga chayilgandek yoshgina xotini bor-yo`qligiga ham, bu gulday qiz butun orzu-umidini unga bog`laganiga ham parvo qilmasdi. Kelincha buni bilsa ham, umid qilaverdi. Yangadan qancha haqorat eshitmasin, jon-jonidan o`tgani boshqa narsa edi. Bir kun uyg`onib qarashsa, kelincha ketib qolibdi. Qayerga ketganini hech kim surishtirib o`tirmadi. Ariq boshiga chiqib, birov kir chaymasdi endi, xolos.

Yanga qaynonani ham haydadi. Lekin kampirning boradigan joyi yo`q edi. Yo`l boshida, o`tirib-o`tirib qaytib kelardi. Biznikiga chiqib, ovqat yerdi. Afsuski, bizning oilada kimsa suymadi kampirni, rangi sovuq bir balo, momom “bunga hali kelinidan kelayotgani kam, onasini qafasga qamab, ochlikdan o`ldirgan, bir piyola suv ber deb yalinganda, boshiga piyola otgan, onasining yolg`iz bolasi edida, kuni shunga qolgan”, deb javrardi. Kampir har kuni “tezroq o`larman, qabristonga eltib, ko’mib kelarsizlar” deb bolalarini va o`zini qarg`ab-qarg`ab o`lib ketdi.

Yanga mard chiqdi, er va qaynuka topadigan pulga qarab qolmadi, o`zi qishloqning sutxo`rlaridan pul olib mol qildi, ko`paytirdi, qarzini uzdi, qaynona-qaynotaning lan’atlangan uyi va ikki xonali – bir xonasiga sigirlar bog`lanadigan, bir xonasida pol ham yotqizilmagan tuproqqa palos tashlangan, bolalari kichikligida bir chekkasiga siyib-chichib katta bo`lgan uyini ko`rgisi kelmay qoldi. Alohida uy soldi, ayvon, mehmonxona bolalariga yotoq qurdi. Yanga davangir edi, yerning yuragini sug`urib olardi. Mol boqdi, fermerlarga ishchi bo`ldi, bolalarini repititorga berdi. Oxiri ikki bolasiyam o`qishga kirib ketdi.

Bolalari yangi yil ta’tiliga kelgandi. Men ham singlim bilan qishloqqa kelgandim. Tog`amnikidagi ziyofatdan chiqib, uyga qaytaman desam, tog`am unamadi, “shahar emas senga, o`zing yurgani”. Kuldim, lekin tog`amning ra’yini kesmadim. “Mast-alast ko`pda, – dedi tog`am, – bayram kunlari”. Uyga yaqinlashib qolganimizda, qichqiriq eshitdik. Yo`lda kimdir uvillardi. “Ko`rding, – dedi tog’am, – Beshim yana mast, qichqirib yuribdi.” “Haa”, dedim. Lekin undan qo`rqmasdim. Istasam ham, bolaligim odamalaridan qo`rqolmayman. Aksincha, bolaligimda tunda mana shu qabriston oldidan o`tishdan qo`qardim – “…ortimdan birorta o`lik keladi”, deb. Hozir bu qo`rquv ham yo`q. Momom shu yerda, yana ona tomondan amakim. Beshimning ota-onasi, ko`rgan-bilgan, tanigan ko`p odamlarim… Lekin o`ylab qoldim – Unsin kabi kechqurun yura olarmidim ichkarida, qabrlar boshida – vahima bossa kerak, baribir.

Tillaniso

22-yanvar, 2023-yil

Biz kimlarga ergashayabmiz?..

Biz kimlarga ergashayabmiz?..

(adashgan karvon yo’lovchisining mushohadalari) Bolaligimdan Sherali Joʻrayev, Yulduz Usmonova, Bobomurod Hamdamov, Klara Jalilova, Dilbar Ikromova… kabi taniqlilarni eshitib, koʻrib katta boʻlganman. Men uchun ular yaqin-yaqingacha...