Har yili gazetamizga obuna mavsumida atrofdagilar ko‘ziga, xuddiki, o‘zimizga uy qurish uchun pul so‘rayotgandek, yomon ko‘rinamiz. Yo‘q, bu hol bizni ajablantirmaydi, shunchaki, biroz manglayi tirisharkan odamning: ulovlari xarob turargohda turgani uchun har safar nechchidir ming so‘m, asfaltining dabdalasi chiqib yotgan yo‘llarda yursayam “yo‘l fondi”ga deb million-million so‘m, sal havo sovugani bahonasidan yoqilg‘ining narxini oshiradiganlarga falon so‘m, oltmish-yetmish kunda bir tarqatiladigan gazballonlarni kutayotgan hollariga yana o‘sha “zapravka”lardagi suyultirilgan gazning har litriga pismadon so‘m, limit ustiga limit qo‘yilib yotgan elektr to‘lovlariga falon-u pismadon so‘m…lab xarajat qilayotganlarida “g‘iq-q” etmayotganlar ko‘ziga shu gazeta obunasi uchun yiliga bir marta pul chiqarish… “og‘ir tuyuladi”, nimagadir?!
Aslida, o‘ylab ko‘rish kerak: gazeta o‘zi nega chiqariladi?.. Kitob-ku o‘qimaymiz – “uyqumiz keladi” (doim “trend”dagi bahona!), “harom qonimiz qo‘zib qoladi” (bir kitob bexabar “iqror”i!), “nima foyda” (o‘zbekning “o‘lmas” xulosasi!), “vaqt qayda” (aksari bekorchilar, aniqrog‘i umri qarta o‘ynab yo narda tashlab o‘tib borayotganlar “attang”i!)… Xo‘sh, shu tumanimizda chop etilayotgan, yagona gazetani ham ochib qarashga erinsak, nimamiz odam bizning, o‘zi!..
Zotan, peshanasi Haq uchun sajda ko‘rmagan, ko‘zlarining nuri kitob-u oynomayu ro‘znoma sahifalari uzra to‘kilmagan, quloqlari ma’rifat ma’vizalariga “berk bo‘lgan”, burun kataklari xonaqoh-u kutubxona-yu kitob do‘konlari-yu turfa toza ilmgohlar havosidan nafas olmagan, tili tilovat-u mutolaa uchun “soqov” kimsani qaysi me’zonga ko‘ra “ODAMZOT” atash mumkin? Axir, bosh, ko‘z, quloq, burun, og‘iz… – hayvon-u hasharotdayam bor! Tirikchilik uchun qo‘ng‘iz ham o‘rmalab yuradi! To‘ng‘izam bolalarini boqish maqsadida ovga chiqadi, har kuni!.. Nima farqimiz qoladi shulardan, agarki, hatto, gazeta, kitob o‘qimasak?.. Ha, ro‘zg‘or, oila, bola-chaqa… – O‘QIMASLIKKA SABAB BO‘LA OLMAYDI!
Emishki, “bugun hamma narsa telefonda – gazetadan foyda yo‘q”… Aytingchi, Paxtachidagi 21-maktab direktori, maktablarida rus tiliga ixtisoslashgan butun boshli sinfxonalari, kazo-kazo rus tili o‘qituvchilari, rus tilini o‘rgatish borasida uzoq yillik shakllangan o‘qitish metodlari… bo‘lishiga qaramay, tumanimizdagi ota-onalar bolasini rus tiliga emas, balki o‘zbek tilidagi guruhlarga berishlarini istashining sababi ham telefoningizda bormi?
Yoki uzoq yillarki tumanimizning “Saroy” mahallasida yashovchi, avvaliga kelinlik uyida ingliz tilidan kurs ochgan, bugun esa o‘sha mahalla hududida kattagina eski binoni yaraqlatib ta’mirlab, o‘quv markaziga aylantirgan muallima nima uchun o‘quvchilariga har yili, dunyoning qaysi davlatiga borsanglaram, albatta, O‘zbekistonga qaytib kelinglar, deb tayinlashi-chi, topiladimi internetda?
Va yana yoki, o‘tgan qishda simyog‘ochdan yiqilib o‘lgan tumandoshimizning taqdiri nega bunday kechganining asl sabablarini sun’iy intellektdan so‘rab ko‘ringchi, nima deb quloqqa teparkan?
Yoxud avtohalokat sababidan nogironlar aravachasiga mixlanib qolgan va endilikda poyabzal ta’mirchisi bo‘lib, rizqini topayotgan tumanimizdagi bir birodarimizga nega prezident farmoniga ko‘ra, odatda harbiylarga beriladigan, “Jasorat” medali berilganini hamda bu falokatni o‘sha hamyurtimiz o‘zi “Xudodan so‘rab olganman”, deyishining boisi “Google” bisotida chiqarmikan?
Ziyovuddindan, demakki, markazdagi tashkilot va sharoitlardan ham 55 kilometr olisdagi Qo‘rg‘oncha qishlog‘i ahli qanday kun ko‘rishayotgani, ularga hanuz nimalar yetishmayotgani, to‘g‘rirog‘i, ular nimalarga yetisholmay, qanday yashab kelishayotganichi, “PlayMarket”dagi “rasta”larda mavjudmi?
“Suvlida suv yo‘q”ligi boislarichi, bormi shu cho‘ntagingizdagi ekranli matohchada?
Xumor qishlog‘ida qarilik ostonasiga qadamlagan esada, hali yoshlardek dadil, uyida o‘n besh mingta kitobi bor, menga Paxtachining xaritasini bering, men esa sizga undagi ko‘hna konlarni ko‘rsataman, deydigan darajadagi ilmli ziyolimiz borligidan boxabarmi, telefoningiz?
“Taraqqiyot” mahallasida onggi kun sayin taraqqiy topib kelayotgan, kattalaram o‘qimaydigan semiz-semiz kitoblarni o‘qiyotgan, birgina tarixiy qissasi-yu esse orqali prezident devonxonasidagilar e’tiboriga tushib, noutbuk va kitoblar ila taqdirlangan, hali o‘n besh yoshdagi o‘spirinnichi, taniydimi telefoningiz?
Umuman, Paxtachidan, nainki, respublika bo‘yicha, balki dunyo miqyosida nom chiqargulik salohiyatdagi ijodkorlar (masalan, Oydinniso Yo‘ldosheva, shoira, tarjimon, hozir Toshkentda yashaydi!), san’atkorlar (misol uchun, Burxon Bo‘riyev, drijyor, AQShda yashaydi), jurnalistlar (deylik, Binafsha Ochil, hozir Germaniyada yashaydi!), sportchilar (jumladan, Faxriddin Axnazarov, 29 marta Ginnesning rekordlar kitobiga kirgan polvon, tonna-tonna vaznli transportlarni tishida tortib, ustidan yurg‘izgan), sharhlovchilar (xususan, Norbek Niyozov, O‘zbekiston 24 telekanalida ishlaydi), akademiklar… chiqqanini, tan oling, ko‘pchilik bilmaydi, haligacha!..
Bularning bari gazetamiz sahifalarida batafsil bor va bo‘lajak, ishonavering. Sizga qaysi “tillachi” qancha topgani-yu, qayerda kim degan mushtumzo‘r yoki “zo‘r ichadigan”lar borligidan bo‘lak mavzular ham qiziq bo‘lsa, albatta!
Tuman tashkilotlari, maktab-u bog‘chalar, tadbirkorlargacha obuna “majburiy” bo‘ldi, go‘yoki. G‘azablangulik emas, afsuslangulik holat bu. Odamlarni ma’naviyatga majburlaydigan davr ham kelgan ko‘rinadi… Holbuki, gazetadagi bir maqola yo suhbatni o‘qishsa, o‘zlariga qanchalar manfaat oladi?.. E, yo‘-o‘q, unda o‘sha telefonlaridagi qay bir otarchining otasi kimligiyu boshqa birining qornidagi bolami yo boshqaligi haqidagi “o‘ta muhim” xabarlarni kim o‘qiydi, shundaymi?!
Obuna bo‘lgan-bo‘lmagan har qanday kishining yaxshi yozilgan she’rlari, maqolalari, tashakkurnoma-yu, iltimosnomalari gazetada chiqsa, qanchalik quvonishini ko‘ribmidingiz, hech? Arzimasgina tuyulib kelgan hayot yo‘lini esse holida o‘qib, ko‘zlari namlangan kamsuqumgina odamning, bo‘g‘ziga nimadir qadalib, bazo‘rgina, “…rahmat!”, deganinichi, eshitganmisiz, umringizda? Keyingi safar ular yanada qiziqishi ortib yozishlari yoki o‘zlarining mavjudligini his etib yashashda davomlashlarini-chi, bilasizmi?..
Ayniqsa, ijodkor yoshlar juda ham talay. Ko‘pi maktab bolasi hali yoinki talabalar, juda oshib borsa. Ularga tahririyatimiz eshiklari hamisha ochiq. To‘g‘ri, “qalam haqqi” o‘rnida pul berolmasmiz, lekin PUL OLMAYMIZ HAM – ularning yozganini gazetada chop etganimiz evaziga! Hozir esa, bashartiki, gazetamizga obunasi bo‘lmasa, tahririyat nizomiga muvofiq, materialining hajmiga ko‘ra to‘lov qilib, kvitansiyasini olib ketadi. Agar obunasi bo‘lsa, tiyin ham to‘lov qilmasdan, yil davomida maqola berib borishi mumkin.
Matbuot uyiga kelib-ketuvchilar orasida qariyalar ham bo‘lib, ular gazetamizning chiqayotgan har bir yangi sonini kutishadi, o‘qishadi, kuzatib borishadi. Xato bo‘lsa xatosini, yangiligi bo‘lsa, yangiligini aytishib, o‘z fikrlarini beg‘araz bildirib ketishadi. Ularda bizga qadrli – ta’masiz bir ustoz, xolis bir hakam, samimiy bir munaqqid o‘rnidalar!
Ammo… Alixonto‘ra Sog‘uniy ta’riflaricha aytsak, ba’zi bir “ustal oshiqlari”, ya’ni stoliga yopishib, hayotni idoralari derazasiga osig‘liq “jalyuzi” qobirg‘alari orasidangina ko‘radiganlar buni tushunishmaydi. Bu pul orqasidan quvib, savodini qochirganlar, hattoki bir qator gapniyam o‘n xato bilan yozib, bizga tashlashadi, gazetaga berishimizni so‘rab. Na iloj, tahrir qilish – vazifamiz, biroq o‘z tillarida to‘g‘ri yozishni o‘rganishga ular ham burchdor emasmilar?! Shunday, gazeta – kattalarni-da bexato yozishga undab turguvchi, tilsiz “til-adabiyot o‘qituvchisi” hamdur!
Obuna bo‘lgan manzil borki, barchasiga gazeta yetib borishi ham bizning zimmamizda. Lekin har borganimizda, oldin oborganlarimizning ayanch ahvolda yotganini ko‘ramiz-u…
Bir uy bog‘chasining gazetasini olib boradigan bo‘ldik. Har sonini erinmay yetkazib berardik. Orada, ikki-uch sonni olib borolmay qolgandik va kamiga, har oborganimizda imzo qo‘ydirib kelayotgan qog‘oz ham yo‘qolib qolsa, deng. Bog‘cha bilan bog‘lanib, oxirgi oborgan gazeta sonini so‘rasak, “…mayli, qolgani qolaversin, bog‘chani yopdik”, degan javobni oldik. Biroq hali yil tugashiga uch-to‘rt oy bor va bu vaqt ichida 12 tacha son chiqadi. Obuna bo‘lgansizlar, bog‘cha yopilsa ham gazetangizni berishimiz kerak, deb, yana oxirgi sonini so‘radik. “Endi bog‘cha yopilganga, hamma yog‘ni yig‘ishtirdik. Shunga gazetalarni ham eski hujjatlarga qo‘shib, makalaturaga topshiribmiz, bir yirtiq bo‘lagi qolgan ekan, ko‘raylikchi, soni yozilgan joy bormikan… Hozir telegramdan tashlayman…”, deyishdi javoban. Bu javobdan keyin, bekor bog‘chani yopibdi, deb qo‘ydik. Yopilmaganda bizning shuncha qilgan mehnatimiz “xojatxona qog‘ozi”ga aylanmasmidi?
Nima deyishniyam bilmay, hayron qoldik. Ammo odatimiz shuki, kech bo‘lsa ham xatolarini o‘zlari anglab yetishiga umidlanib, ba’zida gapirmay qo‘ya qolamiz. Gazetaning qolganini esa oborib berdik, baribir.
Ba’zida so‘raganlarga qayerda ishlashimizni aytsak, “…o‘zi odamlar o‘qiydimi gazetani, o‘qiydigan narsasi bormi?”, deyishadi, bepisand. Siz o‘qiysizmi, deymiz, biz ham javoban. Va tag‘in o‘sha, “an’anaviy” javobni olamiz:
– Yo‘q-da-a, bizda vaqt qayerda ekan…
Aniqki, bunday “band”larga, falonchinikiga oshga ketyatuvdik, yuring, desangiz, albatta ergashadilar. Vaqt topishadi, shubhasiz. Yoxud bir yarim soat baqirib-chaqirib, futbol ko‘rishga vaqt behijolat topadiganlarda nimadir o‘qishga bir yarim daqiqa “taqchil” bo‘p qoladi. Kimningdir uyida qattiqroq tovush chiqarib singan idishni yarim kun muhokama qilishadi-yu, yarim daqiqalik mutolaada ko‘zlari yumilib ketaveradi… Xullas, ular bilan bahslashishning foydasi ham yo‘q. Kulgilisi, o‘zlaridek bilishadi hammani.
Qadrli eldoshlar, shuni bilingki, siz yig‘ib-terib opkelayotgan va norizo ohangda, to‘ng‘illab berayotgan obuna pulingiz – bizning ham halol mehnatimiz evaziga oladigan daromadimiz bo‘ladi! Va yana bilingki, sizning o‘sha olayotgan daromadingiz oldida biz oladiganimiz – hech nima emas, aslan. Ishongingiz kelmayapti-a?.. Keling, unda, bir latifanamo misol aytamiz, kulishga tayyor turing: bizga yillar mobaynida obuna pullarini o‘tkazib bermay kelayotgan “bechorahol”lar ro‘yxatining boshida – bozorlar, banklar, zavodlar, tadbirkorlar… turadi!.. Bu “kambag‘al”larning yod bo‘p ketgan “plastinka”larini eshitib kelaverib, hisobchimizning sochlari tobora oqarib borayotir. “Ko‘tar, ana, gazitingdi, opketuvir! Bizga kerakmas, gazit-pazit!..”, deyishlari-ku, mutlaqo ortiqcha.
Hurmatli, tashkilot xodimlari! Hisobchimiz, avvalo, otangiz tenggi bir inson – bolangiz tengi emas! Otangizgayam shunday muomala qilasizmi yo? U insonning oltmishdan oshgan yoshi, shu yoshiga yarasha xastaliklari va birgina “katta ayb”lari bor – doim tabassum qila oladi. Hatto, sizning quyushqondan chiqqan gapingizni, shallaqiliklaringizni eshita turibam, tabassumi o‘chmasligi mumkin. Biroq, unutmangki, idorangiz ostonasiga sadaqa emas, bizning “peshana terimiz”ni – ona sutiday halol haqqimizni so‘rab borib turibdi. Haddingizni biling, loaqal.
Ko‘cha-ko‘yda, odamlar orasida gazetani va unda ishlayotgan insonlarni malomat qilishdan burun biz qilayotgan ishni, jilla qursa, tasavvur qilishga urinib ko‘ring, gazetamizni o‘qing va marhamat, keyin gapiring, ana!
Ochig‘i, bizgayam sizning bu tariqa obuna bo‘lishingiz kerak emas! Beadad shukurki, sizning shu ming bir ming‘ir-sing‘ir ila ataydigan summangiz bo‘lmasayam, rizqimiz uzilib qolmaydi. Biz ham obunaga yurakdan ixtiyor bermaydigan, obuna bo‘lishsa – ma’lumot bermaydigan, ma’lumot berishsa – material bermaydigan, material berishsa – birortasi e’tibor bermaydigan… chalao‘lik, to‘nkamijoz tashkilotlardan charchaganmiz, allaqachonlar!
Ammo-lekin-biroq, obuna bo‘ldingizmi, bas, TIRILING! To‘rtta ilmiliq, yuqumi yo‘q tadbirchalarni o‘tkazib qo‘yib, o‘-o‘tirmang, ana, ishlayabmiz, deb. Bilib olganingiz, tadbir – xabarcha, keyin yana bitta tadbir – yana bitta xabarcha… Sohangizga taalluqli masalalar qalashib yotibdi-ku, yeng shimarib kirishsangizchi, quruq hisobotlarga osilib, jon saqlaguncha. Yoritib, yozib, tahlillab borish, mana, bizdan!
“Paxtachi”ga obuna bo‘lmang, balki YELKADOSH bo‘ling – birgalikda muammolarga yechim qidiraylik, toki! Paxtachining istiqboli bir hokimga kerakmi? Hokimlik ham ishonib tayinlangan, vaqtincha bir mansab. Siz-u biz esa bunda umrbod yashashimiz bor, avlodimiz yashashlari bor.
“PAXTACHI” gazetasi uchun mehri bo‘lak insonlarga doim qo‘limiz ko‘ksimizda. Sizlar borsizlarki, biz ishlashdan, izlanishdan to‘xtamaymiz!
Sherbek BOBOQULOV,
Madina ERKINOVA
(“Paxtachi” gazetasi 2024-yil, 22-noyabr)