Mahallaga kutubxona kerak — Mulohaza va taklif

Mahallaga kutubxona kerak — Mulohaza va taklif

Ayonki, mahalla binosi ham doimo gavjum bo‘lguvchi joylar sirasiga kiradi. Bu yerga ayniqsa biror ish yuzasidan kelayotgan qiz-juvonlar, uy bekalarini kun bo‘yi kuzatish mumkin. Binoda xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, hokim yordamchisi, mahalla profilaktika noziri kabi mas’ul shaxslar fuqoralarni doimiy qabul qiladi. Ba’zida pensiya va nafaqalar, soliq yig‘inlari kabi to‘lovlar ham shu yerda amalga oshiriladi. So‘nggi paytlarda mahalla binosi bilan yonma-yon yoki unga yaqinroq joyda vaqtinchalik ko‘chma savdo, maishiy xizmat nuqtalari qurilayotganligi­ning sababi ham bu joydagi xuddi shu gavjumlik boisidan.

Ziyovuddin shaharchasidagi Axborot-kutubxona markazida ishlayman. Vazi­fam abonentlar va foydalanuvchi­lar­ga xizmat ko‘rsatish, ya’ni kutubxonachiman. Ay­nan shu sohadagi ko‘p yillik kuzatishlarimga ta­yanib, mahalla binosidagi “gavjum”likdan biz kutubxonachilar ham foydalanib qolsak, dey­man.
To‘g‘ri, hozirda tumanimizning ayrim mahal­la­larida kutubxonalar, aniqroq aytsam, shun­cha­ki xo‘jako‘rsinga qilib qo‘yilgan “kutubxona­cha”lar bor. Ularda nari borsa 50-60 ta kitoblar mavjud bo‘lib, ularning ham aksariyati kitobxon-lar tomonidan allaqachon o‘qilgan adabiyot-lardir.
Keling, shu o‘rinda biroz mulohaza qilsak. Aytaylik, Siz, ishingiz tushib, mahalla binosiga keldingiz. Murojaatchilar ko‘p, navbat. Shu payt shundoqqina qo‘shni xonadan xodima chiqib, Sizga bir piyola issiqqina choy uzatdi va shu bahonada kutubxonaga taklif qildi. “Yo‘q”, dey­sizmi? Aslo! Albatta, chiroyli muomala, lutf, ichki qiziqish sizni beixtiyor ichkariga chorlaydi. Buyo­g‘i xodimaning kasbiy bilimi va u yoki bu badiiy asarga Sizni qiziqtirib qo‘ya bilishiga bog‘liq. Qarabsizki, mahalla binosiga borib ham ishingiz bitadi, ham qo‘ltig‘ingizda ikkita kitob bilan qaytasiz.
Men ko‘pdan beri shu haqida o‘ylayman. O‘zim ish olib borayotgan Paxtachi tuman Mar­ka­ziy kutubxonasining filialini yashash joyim “Bodoy” mahallasida tashkil qilishni, mahalla­dosh­larimga kitob tarqatishni juda-juda xohlay­man. Mahalla raisamiz Matluba opa meni qo‘l­lab-quvvatlaydi. Xona ham ajratib bermoq­chi, shtat ham bor. Yangi kutubxonaga ajratila­di­gan kitob yo‘q, xolos! Va ular saqlanadigan jihozlar yo‘q.
Shu o‘rinda yana bir gap. Mahalla kutubxo­na­chi­si o‘z kitobxonlari soni ko‘payishidan man­faatdor bo‘lishi lozim. Hozircha tartib bunday emas. Kutubxonachi faoliyati qanday bo‘lishidan qat’iy nazar shtatlar jadvalida belgilangan ma­osh­ni olaveradi, vassalom. Menga qolsa, oylik maoshimni ko‘paytirish uchun ko‘chalar kezib, uyma-uy yurib kitob tarqatishga, obunachilarim sanog‘ini oshirishga jon-dilim bilan kirishardim. Bu yumushni tadbirkorlikka va hayotiy, zarur ehtiyojimga aylantirib olardim. Qani edi, kutub­xonachilik, kitob o‘quvi, kitob targ‘iboti uchun mas’ul, yuqori martabadagi rahbarlari­miz shu masalani kun tartibiga qo‘yib, biz kutubxo­na­chilar uchun ham iqtisodiy manfaat eshiklarini ochib bersalar. O‘ylaymanki, sohamdagi barcha hamkasblarimning ham fikri, xohishi shu.

Yulduz NARZULLAYEVA,
Paxtachi tuman Axborot-kutubxona markazi xodimasi