Tarixdan maʼlumki, bizning jadid bobolarimiz oʻzlarining ilgʻor gʻoyalarini – hayotga tatbiq etish yoʻlida hatto oʻz jonlaridan ham kechishdi. Zero, ularning oʻlmas gʻoyalari bugun uchun ham dolzarbdir.
Oʻzbek jurnalistikasining asoschilaridan biri sanalgan bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiy ham dunyo qarashi keng eng ilgʻor jadidlarimizdan biri edi. Mahmudxoʻja Behbudiy 1875-yilning 19-yanvarida Samarqand yaqinidagi Baxshitepa qishlogʻida dunyoga kelgan.
Bobomiz Behbudiy Samarqandda madrasada va Buxoroda tahsil oldi. U zehnining yuksakligi bois anʼanaviy tahsildan soʻng shariatning yuksak maqomlari – qozi, mufti darajasigacha koʻtarildi. 1899-1900-yillarda Behbudiy buxorolik doʻsti Hoji Baqo bilan haj safariga otlandi. U safarda chog’ida yangi maktab haqidagi qarashlarini mustahkamlaydi. Uning tashabbusi va gʻayrati bilan 1903-yilda Samarqand atrofidagi Halvoyi (S. Siddiqiy), Rajabamin (A. Shakuriy) qishloqlarida yangi maktablar tashkil topadi. Adib ushbu maktablar uchun darsliklar tuzishga kirishadi. Ketma-ket uning «Risolai asbobi savod» (1904), «Risolai jugʻrofiyai umroniy» (1905), «Risolai jugʻrofiyai Rusiy» (1905), «Kitobat-ul atfol» (1908), “Amaliyoti islom” (1908), “Tarixi islom” (1909) kabi kitoblari dunyoga keladi. Mahmudxoʻja 1903-1904-yillarda Moskva, Peterburgga boradi, 1906-yilda Qozon, U Ufa, Nijniy Novgorodda boʻladi. Bular sayohat emas, xizmat safari edi. Masalan, Nijniy Novgorodda 1906-yilning 23-avgustida Rusiya musulmonlarining turmush va madaniyati muammolariga bagʻishlangan qurultoy chaqiriladi. Behbudiy bu qurultoyda Turkistonlilar guruhini boshqaradi va katta nutq soʻzlaydi.
Jadid bobomiz Behbudiy nazarida maʼrifat uchun birgina maktab kifoya qilmasdi. Zamon va dunyo voqealari bilan tanishib bormoq, millat va Vatanning ahvolidan, kundalik hayotidan ogoh boʻlmoq kerak edi. Binobarin, millat uchun shunday oyna kerak ediki, unda u oʻz qabohatini ham, malohatini ham koʻra olsin. Mana shu ehtiyoj va zarurat Behbudiyni teatr va matbuot sari etakladi. “Padarkush” shu tariqa maydonga keldi. Xullas, 1911-yilda yozilgan “Padarkush” dramasi 1913-yildagina bosilib chiqadi.
Ushbu asar oʻzbek dramachiligining hamma yakdil eʼtirof etgan birinchi namunasidir. Mutaxassislar uni ham janr, ham mazmuniga koʻra yangi oʻzbek adabiyotini boshlab bergan bir asar sifatida baholaydilar.
O‘sha davrda millatni tezroq uyg’otish uchun matbuotdangina samarali foydalanish zarur edi. 1913-yildan Behbudiy matbuot ishlari bilan shugʻullanadi. Aprel oyidan “Samarqand” gazetasini chiqaradi. Gazeta turkiy va forsiy tillarda, haftada ikki marta, dastlab ikki, soʻng toʻrt sahifada chop etilgan. 45 ta sonidan keyin moddiy tanqislik tufayli chiqishi toʻxtagan. Oʻsha yilning 20 avgustidan u “Oyna” jurnalini chiqara boshlaydi. Bu suratli haftalik jurnal asosan oʻzbek tilida boʻlib, unda ixcham forsiy sheʼrlar, maqolalar, ruscha eʼlonlar ham berib borilardi…
Aytish joizki, M.Behbudiy milliy til masalasiga katta eʼtibor qaratdi. Birgina uning “Oyna” jurnali maʼrifat va madaniyat tarqatishda juda katta xizmat qildi. Unda millat va uning haq-huquqiga, tarixiga til-adabiyot masalalariga, dunyo ahvoliga doir qiziqarli maqolalar, bahslar berib borilgan. Ayniqsa, til masalalari muharrirning hamisha diqqat markazida boʻlgan. Behbudiy millatning taraqqiyoti uchun bir necha til bilishni shart hisoblardi. Masalan, jurnalning 1913-yil avgust, birinchi – nishona sonidayoq, “Ikki emas, toʻrt til lozim” degan maqola bilan chiqqan edi.
Behbudiy Toshkentda Turkiston rus sovet hukumati rahbarlari bilan muzokaralar olib boradi lekin u ham natija bermaydi. Oqibatda Behbudiy 1919-yilning bahori 25-martda Shahrisabzda qoʻlga olinib, sirli bir tusda Qarshi shahrida qatl qilinadi. Uning qatli haqidagi xabar oʻsha paytdagi poytaxt boʻlgan Samarqandga rosa bir yildan keyin maʼlum boʻladi. 1920-yilning aprelida butun Turkiston motam tutadi.
Barno Xasanova,
O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalari universiteti PR va menejment fakulteti, marketing yo‘nalishi, 3-kurs talabasi