«Bir sohil farzandlari» Paxtachida jam boʻldi

«Bir sohil farzandlari» Paxtachida jam boʻldi

BIR SOHIL FARZANDLARI

Narpayda boshlangan ul dili tugʻyon,
Bugun Paxtachida mavjlandi chunon.
Endi bu toʻlqinlar sen sari borgay,
Qalam – daftaringni och Kattaqoʻrgʻon!

Narpaylik va paxtachilik maʼnaviyatchilar tashabbusi bilan boshlangan xayrli bir ish – “Bir sohil farzandlari” nomi ostida ijod ahlini oʻz atrofiga yiqqan adabiy davra bugun Paxtachida boʻlib oʻtdi.

Tumanimizdagi 25 sonli musiqa maktabining bayramlar zali chinakam bayramona tusga kirdi. Qalbini, yuragini sheʼriyatga baxsh aylagan 8 yoshdan 80 yoshgacha boʻlganlar jam boʻlishdi bunda. Darvoqea, endi bir sohil atrofidagi sheʼrparastlar davrasiga Kattaqoʻrgʻon tumani ijodkorlari ham qoʻshilishdi. Kattaqoʻrgʻon tumani hokimi Jamshid Nasriddinovning qalbi ham sheʼriyatga begona emasligi kattaqoʻrgʻonliklarni ham SOʻZ gulxani atrofiga chorladi. Bu gulxan bugun bahor quyoshidan-da otashliroq yondi. Bu otash esa, qishning ayozlaridan ozor chekkan koʻngillarni biroz boʻlsa-da, oʻz tafti birla ilitdi.

Kattaqoʻrgʻon tumanidan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Hasan aka Almatov boshchiligidagi ijod karvoni: Murod Muhammad Sulton, Fayzullo Turdiyev, Otabek Mirzaqobilovlar qalam yoʻnib kelishgan boʻlsa, Narpaydan Hasan aka Isoqov, Maqsud Mirzayev, Gulbahor Barnoxoʻjayeva, Umida Qurbonova, Gulshoda Toʻrayeva singgari sheryuraklar yetib kelishdi. Paxtachidan esa, Joʻraqul Narzullayev, Egamnazar Tongotarov, Zamira Mamaniyozova, Gulchiroy Oltin, Sanjarbek Safarov va yana bir qator yosh yigit qizlar saf tortib turdik.

Mushoira uzoq davom etdi. Toki men:
Sheʼrlarga toʻlib ketgan,
Yurak degan joyimiz bor.
Boʻldi-da, ketdik endi,
Bir piyola choyimiz bor.

Deya, shoirona toʻxtatmagunimcha ular sheʼr oʻqishdan toʻxtash niyatlari yoʻq edi.

Ochigʻi, juda quvondim!

Bilasizmi nega? Chunki, Zarafshon daryosi sohilida azal-azaldan ijodga, sheʼrga oshiq koʻngillar koʻp boʻlishgan. Ularni yana qayta bir safga yigʻa boshlaganimizga quvondim. Odatda, sport va yoki biror bir fan musobaqalari oʻtkazish maqsadida tumanlar birlashardi. Bugun esa, sheʼr aytish uchun Samarqandning uch tumani bir sohil atrofida birlashdi. Qachonlardir, bizdan keyingi avlod bu kabi mushoiralardan zavq olib, koʻngli sheʼr otashiga toʻlib, qalbi SOʻZ sohiliga singib, birgina soʻz bilan: “ Shu davralarni tashkil qilganlarga rahmat!”- deb qoʻysa, bas. Zotan, adabiyotning kuchiga teng kela oladigan halicha biror kuch topilgani yoʻq! Bu kuch esa, biz ijodkorlarning bilaklarida emas, yuraklarida joʻsh uradi.

Aytgancha, Zarafshon daryosidan suv ichguvchi boshqa tuman ijodkorlarini ham oʻz davramizga chorlab qolamiz. Nasib boʻlsa, tez kunlarda Kattaqoʻrgʻon tumanida koʻrishguncha, sogʻu – salomat boʻling.

Hurmat bilan: Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Oʻlmasbek Samarqandiy.