Endi «Alisa» emas, «Mohira» bilan kerakli ma’lumotlarni qidirish mumkin bo’ladi

Endi «Alisa» emas, «Mohira» bilan kerakli ma’lumotlarni qidirish mumkin bo’ladi

 

O’zbekistondagi ilk aqlli ovozli yordamchi – «Mohira»

«Siri, menga qushlar haqida ma’lumot ber», «Alisa, chiroqni o’chirib yubor», «Alexa, ob-havo qanaqa?», «Hoy, Google, qo’shiqni qo’yib yubor». Bugungi kunda biz ijtimoiy tarmoqlardagi videolarda yoki umuman real hayotda odamlarning o’z telefonlari yoki boshqa aqlli qurilmalariga mana shunday gapirayotganliklarini ko’ramiz. Qizig’i shundaki, ularning buyruqlari soniyalar ichida amalga oshiriladi. Qushlar haqida umumiy ma’lumot beriladi. Chiroq o’chadi. Ob-havo qanday ekanligi aniqlanadi. Qo’shiq qo’yiladi. Bularning barchasi aqlli yordamchi tomonidan bajariladi va ular barchamizga ma’lum bo’lgan taniqli kompaniyalar tomonidan ishlab chiqilgan. Siri – Apple, Alisa – Yandex, Alexa – Amazon, Google esa… o’z nomidan ma’lum. Afsuski, bu beminnat yordamchilarning hech qaysi biri faqat o’zbek tilida ishlamaydi, ya’ni ular o’zbekchani deyarli tushunmaydi. Ammo endi ular bizga kerak ham emas. MohirDev va UzbekVoice AI jamoasi Mohira ismli O’zbekistondagi ilk aqlli ovozli yordamchini taqdim qilishdi.

Xizmatning to’liq nomi MohirAI. «AI» bu yerda «Artificial Intelligence» uchun qisqartma va bu «sun’iy intellekt» ma’nosini anglatadi. Uni chaqirish oson bo’lishi uchun esa Mohira yoxud Mohir ismlari tanlangan. Nima uchun aynan Mohira? Loyiha asoschisi Anvar Narzullayev kun.uz nashriga bergan interyusida bu savolga shunday javob beradi:

«Alisher Sa’dullayev (Yoshlar ishlari agentligi direktori) nomini «Aziza» bo‘lsin deb taklif bergandi. Buning ustida ham o‘rganish qildik. Masalan, «Apple»niki «Siri», Rossiyaniki «Alisa». «Nima uchun bunday ism tanlashgan» – deb e’tibor bersak, eng kam ishlatiladigan ism tanlash kerak ekan. Chunki ko‘p qo‘llanadigan ism bo‘lsa, sun’iy intellekt yoqilib ketaveradi. Agar biz sun’iy intellektimizga «Aziza» deb ism qo‘ysak, u ishlab ketaverardi. Shuning uchun «Mohir» va «Mohira» deb tanladik. Hozirda ikkalasi uchun alohida qilib 100 soatdan ovoz yozilyapti».

Mohira yuqorida aytib o’tilgan Siri, Alexa va Alisalar kabi sizning savollaringizga javob bera oladi. Ma’lum bo’lishicha, ovozli yordamchi bugungi kunning eng trenddagi sun’iy intellekt platformalaridan biri – ChatGPT’ga ulangan. Bunda Mohira berilgan savolga javobni to’g’ridan-to’g’ri internetdan izlash o’rniga, juda katta matnlar bazasida «chiniqqan» sun’iy intellekt bilan javob beradi. Garchi u hozircha sizning chiroqni o’chirish yoki qo’shiq qo’yish kabi buyruqlaringizni bajara olmasa ham, u siz bilan suhbatlashishi, ma’lumotlarni tez topib berishi va oson tushintirib berishi mumkin.

Bu Mohiraning yagona qobilyati emas. MohirAI platformasi 92% aniqlikdagi Speech-to-Text (STT) va shu bilan birga Text-to-Speech (TTS) xizmatlarini ham taklif qiladi. Bunda STT xizmati orqali siz o’zbek tilidagi og’zaki gaplaringizni matnga yoki TTS bilan matnlaringizni og’zaki ko’rinishga tez va oson o’girib olishingiz mumkin bo’ladi. Ko’pincha ovozni matnga o’girish xizmatidan YouTube videolar uchun subtitrlar yozishda foydalanishadi. Matnni ovozga o’girish xizmati bilan esa kitoblarni osongina audio shaklga o’tkazish mumkin.

«Loyihaning eng qiyin va qimmat qismi ham shu modelni yaratish bo’ldi», – deydi Anvar Narzullayev o’z blogida. «Hozirgi zamonaviy sun’iy intellektlar juda katta ma’lumotlar ustiga quriladi. Uni yaratish jarayonida katta hajmdagi ma’lumotlar kerak bo‘ladi. Shu narsa uzoq yillar davomida katta muammo bo‘lib kelyapti. Bizda esa o‘zbek tilidagi ochiq ma’lumotlar juda kam. Davlat tashkilotlari yopiq, ma’lumotlarni bermaydi. Maxfiy bo‘lmagan axborotlar ham yig‘ilmagan yoki tartibli qilib jamlanmagan. Ma’lumot olishimiz uchun bizga doim Statistika qo‘mitasi (hozirgi Statistika agentligi)ning sayti ko‘rsatiladi, lekin u yerda juda kam, chegaralangan ma’lumotlar. Shuning uchun ham ayni shu masalada «UzbekVoice AI» loyihasi turtki bo‘ldi. Loyiha rahbari Baxtiyor bilan tanishib qolganimda, bazalarni yig‘ayotganini aytib, sun’iy intellekt qismini yig‘ishda yerdam berishi bo‘yicha taklif qildi. Shu bilan ishlar boshlanib ketdi. Eng katta turtki ma’lumotlar bazasi borligi bo‘ldi.»

UzbekVoice AI asoschisi, Baxtiyor Hasanov esa o’z loyihasining ishlab chiqilishi haqida ham kun.uz’ga intervyu bergan. Uning so’zlariga ko’ra, loyihaning birinchi bosqichini ishlab chiqish 2021-yilda boshlangan. O’shanda 300 soatga yaqin ovoz 2-3 oy davomida 100 tacha odamlar tomonidan onlayn yig’ilgan va keyin Mozilla Common Voice platformasiga joylashtirilgan. 2022-yilga kelib esa Yoshlar ishlari agentligi yordami bilan 200 nafar odam 1 oy oflayn ishlash natijasida 1000 soatlik ovoz qayta ishlangan.

«Juda katta hajmda matnlar, ma’lumotlar bazasi bor. Mana shu matnlarni biz ishtirokchilarga bot orqali beramiz, ular o‘qiydi. Ishtirokchi o‘qigan matnlarni esa boshqa odamlar to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri o‘qiganini tekshirib ko‘radi. To‘g‘ri mutolaa qilinganini ikki nafar odam tasdiqlasa, to‘g‘ri o‘qilgan matnlar bazasiga tushadi. Bundan esa tadqiqotchilar, sun’iy intellekt bilan shug‘ullanuvchilar ham foydalanishi mumkin bo‘ladi. Hisoblab chiqqanimizda korpusimizda 70 mingdan ko‘proq unikal so‘zlar ishlatilganini aniqladik. Biz kunlik hayotimizda ming yoki 1 ming 200 tadan ko‘p so‘zni ishlatmasak kerak», deydi Baxtiyor Hasanov kun.uz’ga bergan intervyusida.

Shuni ham ta’kidlash joizki, Mohira yolg’iz emas. U o’tgan yilning noyabr oyida ICT WEEK haftaligida UZINFOCOM tomonidan taqdim qilingan Muxlisa AI xizmatiga raqobatchilik qiladi. Biroq, Muxlisa AI aqlli yordamchi bo’lish borasida hali kurashga tayyor emas va u endigina ishlab chiqilmoqda. Lekin siz uning STT va TTS xizmatlaridan foydalanib ko’rishingiz mumkin.

MohirAI ham hali to’liq ishga tushirilganicha yo’q, lekin hozircha undan mohir.ai veb-sayti orqali foydalanib ko’rishingiz mumkin. MohirAI pullik xizmatlar bilan birga 21-mart kuni taqdim qilinishini kutilmoqda.