“PAXTACHI” gazetasining 90 yilligiga

“PAXTACHI” gazetasining 90 yilligiga

90 yosh – bugun bu yoshga kirgan bir keksa inson mamkalatning deyarli uch xil davrini ko’rgan, desak ham mubolag’a bo’lmaydi. Joriy 2025-yilda paxtachiliklarning tarixini muxrlab kelayotgan gazetamiz ham 90 yoshni qarshi olmoqda.

 

“PAXTACHI” gazetasining ilk soni 1935-yilda “Uchqun” nomi bilan lotin alifbosida bosib chiqarilgan. Uning ilk muharriri, narpaylik fidoyi journalist Norqul Tolipov bo’lib, tuman matbuotchiligiga mustahkam asos yaratdi. U kishi o’z bilim va tajribasini safarbar etib, gazetaning o’qishli bo’lishi, o’sha davr ruhi va ehtiyojlariga mos chiqishni ta’minladi. Eng muhimi, yoshlarni jurnalistika kasbiga jalb etib, ulardan haqiqiy qalamkashlar maktabini yarata oldi.

«PAXTACHI» gazetasining 90 yillik tarixi haqidagi videorolik bu yerda

 “PAXTACHI” o’sha davrda…

Gazeta davrning qiyinchiliklari, turli xil to’siqlariga qaramay, xalq va rahbariyat o’rtasida mustahkam ko’prik bo’la oldi. Hukumat qarorlari va yangiliklarni jamoatchilikka yetkazish, odamlar dardini, tashabbus va fikrlarini rahbariyatga yetkazish gazetaning eng muhim vazifasi bo’lib xizmat qildi. O’sha davr ijodiy jamoasi xalq orasida chekka qishloqlarga kirib, yelkalarida og’ir yuk ko’tarib bo’lsa ham materiallarni yig’ish, odamlarni o’rganish orqali dolzarb mavzularni ko’tarib chiqishdi. Aynan shu jamoa “Paxtachi” tarixining ilk sahifalarini muhrlashgan. “Uchqun” nomi tuman hayotining barcha jabhalarini shunday mashaqqat bilan yoritdi.

Kolxoz tuzumini mustahkamlash, savdo va qishloq xo’jaligi yangiliklari, fan, madaniyat, tibbiyot va boshqa sohalardagi o’zgarishlar muntazam ravishda sahifalardan joy oldi. Maqola va ocherklar, reportaj va xabarnomalar bilan mehnatkashlar qalbida ezgulik, ma’rifat va vatanparvarlik hislari bilan urug’lantirishda muhim rol o’ynadi.

Gazeta millatlarao elchi va II Jahon urushi yillarida…

Gazeta nafaqat milliy, balki turli xil millatlardan iborat xalqimizning ham ich-ichiga kirib bordi. Birdamlik, do’stlik va hamjihatlik g’oyalari keng targ’ib qilindi. Ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi yillarida o’zbek xalqining, jumladan, o’sha vaqtda Paxtakor deb atalgan tumanning mehnatkash yigit-qizlari ko’rsatgan jasorat, matonat va fidoyilik ham sahifalardan chetda qolmadi. U frontdan kelayotgan xabarlarni to’g’ri talqin qilish, xalqni bir yoqadan bosh chiqarishga chorlash, mehnat jabhasida fidoyilik ko’rsatgan ilg’orlar tajribasini ommalashtirish orqali jamiyatni safarbar etib turdi. Urushdan keying yillarda esa mamlakatni, xalqning ruhiyatini tiklashda ham jamoatchilikning asosiy tayanchlaridan biri sifatida xizmat qila oldi.

Bu davrlar ijodiy jamoasiga oson kechmadi, hatto ayrim yillarda gazeta sahifalari qo’l mehnati bilan chiqarilgani alohida e’tiborli jihatlardan biridir.

1963-yilgacha “Uchqun” gazetasiga bosh muharrir sifatida Xolchuchuk Mullajonova, Hamdam Junaidov, Soli Xo’jayev, Qudrat Mizomov, Ahmadqul Eshmurodov va Ismoil Ibrohimovlar boshchilik qilishdi. Ularning har biri o’zining zahmatli mehnati, ilmu tajribasi va fidoyiligi bilan gazetaning nashr ettirilib borishida faoliyat yuritdi. Afsuski, bugun ularning ayrimlari oramizda yo’q. Ammo, mehnatlari bugun tariximizda qolmoqda.

1963-1973-yillar  tumanimiz Narpay tumani bilan qayta birlashtirilgan davr bo’lib, bu o’zgarish gazeta hayotiga ham ta’sirini ko’rsatdi. “Uchqun” gazetasi “Qizil Norpoy” bilan birlashtirilib, “Paxtakor ovozi” nomi bilan nashr etila boshlandi. Dastlab, Qudrat Mizomov, keyinchalik Ismoil Ibrohimov bu gazetaning bosh muharriri sifatida xizmat qilishdi.

1973-yil Paxtachi tumani qayta tashkil etilgach, gazeta ham o’z tarixiy qaytadan “PAXTACHI” sifatida chop etila boshladi. Bu davr gazeta uchun haqiqiy yuksalish pallasi bo’la oldi. Haftasiga uch marta nashr etilib, yiliga 5-6 ming nusxada tarqatila boshlandi.

Aynan shu yillarda gazetada Obid Umarov, Fayzulla Uraqov, Bahriddin Shamsiyev, Umar Elmurodov, Qodir Shokirov, Tog‘aymurod Qiyomov, Bekmurod Safarov, Farmon Toshev, Mirtemir Norboboyev, Jo‘raqul Narzullayev, Ismat Hasanov, Baxtiyor Qurbonov, Izzatilla Norquvvatov, Usmon Xalilov, Olim Xo‘jayev, Safar Rasulov, Egamnazar Tongatarov, Bobojon Bobonazarov, Mehriddin Shamsiyev, Malohat Beknazarova, Norbuvi Umarova, O‘lmasbek Xolmo‘minovlar va boshqalar mehnat qilishdi.

Ularning har biri gazetaning mustahkamlanishida, uning xalq gazetasiga aylanishida o‘ziga xos iz qoldirdi.

O‘sha yillarda respublika matbuotining ko‘p yillik tajribaga ega keksa jurnalistlari ham “Paxtachi” jamoasida faoliyat yuritib, gazetaning professional darajada shakllanishiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Ularning mahorati, hayotiy tajribasi va ustozligi gazetaning o‘qishli, xalqchil, dolzarb yo‘nalishda rivojlanishida muhim omil bo‘ldi.

“PAXTACHI” gazetasining o’tgan yillari doim ham bir tekis ketmadi. Bu davr gazeta uchun sinovli, lekin sermahsul yillar bo‘ldi. Tojimurod O‘tkirov va Murodilla Shukurov bosh muharrirlik qilgan yillar aynan shunday davrga to’g’ri keldi. Biroq Tahririyat jamoasi vaqtinchalik qiyinchiliklarga sabr-bardosh bilan bardosh berib, gazetaning izchil faoliyatini davom ettirdi. Jurnalistlar tuman aholisini hayotiy voqea-hodisalar haqida o‘z vaqtida xabardor qilib, mehnatkashlarni yangi marralarga chorlab, ijtimoiy jarayonlarda faol ishtirokchi bo‘lib qoldilar.

Ular “Paxtachi” gazetasidan yetishib chiqqanlar:

O‘tgan yillarda gazeta haqiqiy ijod maktabiga aylandi. Bu yerda qalamini charxlagan o‘nlab jurnalistlar keyinchalik respublika miqyosida tanilgan ijodkorlarga aylandilar.

Ular orasida: “Zarafshon” va “Samarqandskiy vestnik” gazetalari bosh muharriri Farmon Toshev, Navoiy viloyatidagi “Do‘stlik bayrog‘i” gazetasi bo‘lim mudiri va keyinchalik “Ma’rifat” gazetasi muxbiri bo‘lgan Oybivi Ochilova, “Turkiston” gazetasi muxbiri va ayni vaqtda Germaniyada faoliyat yuritayotgan Binafsha Qalandarova, shoira Oydinniso Yo‘ldosheva, falsafa fanlari doktori Lazizjon Bahromov, “Mahalla” gazetasi muxbiri Inoyat Muhammadiyev, “Jadid” gazetasi muxbiri Muhayyo Rustamova kabi ko‘zga ko‘ringan qalam sohiblari bor.

Bu nomlar — “Paxtachi” gazetasining 90 yillik tariхidan o‘rin olgan faxrli sahifalardan desak ham mubolag’a bo’lmaydi. Ular tuman matbuotining yuksalishiga, xalqimizning ma’naviy o‘sishiga ulkan hissa qo‘shgan avlod vakillaridir.

“PAXTACHI” ning sinmas qadrli qanotlari…

Boshqa nashrlar singari “PAXTACHI” gazetasi ham doimo jamoatchi muxbirlar kuchiga, ularning fidoyiligi va beg‘araz yordami bilan doimo bahamjihat faoliyat olib bordi. Yillar davomida tumanning turli hududlarida yuzlab jamoatchi muxbirlar faoliyat yuritib, gazeta hayotiga munosib hissa qo‘shib kelgan.

Ular orasida o‘zining haqqoniy so‘zi, teran kuzatuvi va xalqparvarligi bilan ajralib turgan qalamkashlar bor edi:

Qahramon Norboyev, Boliqul Mavlonov, Nasiba Otaqulova, Inoyat Ne’matova, Xolboy Haqqulov, Mardon Suyunov, Eshdavlat Qodirov, Xolmurod Qahhorov, Ne’mat Bobonorov, Rizo Sheriyev, Sa’dullo Ibodullayev — barchasi tuman hayotini keng yoritgan, gazetaga jon kuydirgan insonlar sifatida sahifalarimizda qolishgan.

Hozirda esa Gulchiroy Abdullayeva, Jonibek Oblaqulov, Shanoza Rahmatova, Sevinch Elmurodova, Sevinch Xoliqova, Dilnoza Hakimova kabi jamoatchi muxbirlar ijodini davom ettirib, jurnalistikani o‘zining ikkinchi kasbiga aylantirgan fidoyilardir.

“PAXTACHI” 2020-yildan hozirgacha…

2020-yilda butun dunyoni larzaga solgan COVID-19 pandemiyasi O‘zbekiston hayotiga ham katta ta’sir ko‘rsatdi. Aholining uyda qolishi, ko‘plab tashkilotlar faoliyatining qisqarishi bosma nashrlarga bo‘lgan talabni keskin kamaytirdi. Natijada ayrim tuman gazetalarining yopilishi, boshqalari esa faqat elektron shaklda faoliyat yuritishga majbur bo‘ldi.

Aynan shunday og‘ir pallada “Paxtachi” gazetasi uchun ikki qavatli yangi “Matbuot uyi”, yangi manzilda – Ziyovuddin shaharchasi, Istiqlol ko‘chasida foydalanishga topshirildi. Pandemiya chekinishi bilan tahririyatni qayta tiklash imkoniyati paydo bo‘ldi. 2020-yil sentabrida sobiq tuman hokimi Muzaffar Hamdamov tashabbusi bilan Sanjar Qurbonov bosh muharrir etib tayinlandi. Oradan ko‘p o‘tmay, jamoaga yangi kuchlar – Shahzod Akmalov, Sherbek Boboqulov va Olim Xo‘jayevlar qo‘shildi.

Yangi tarkib qisqa vaqt ichida gazetani butunlay yangicha ko‘rinishda qayta nashr etishga muvaffaq bo‘ldi. 2020-yil 18-sentabr juma kunida nashrdan chiqqan “Paxtachi” gazetasining 20-21-sonlari sakkiz sahifada, A3 formatda, rangli sahifalar bilan boyitilgan 2000 nusxada o‘quvchilar qo‘liga yetib bordi. Bu son jamiyatdagi dolzarb masalalarni yoritgan tanqidiy chiqishlari bilan keng e’tibor qozondi.

Tahririyat faoliyatining kengayishi va rivojlanishi

2021-yildan boshlab jamoa yana kengaydi. Jamolbek Salomovning ish boshlashi bilan gazetaning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati sezilarli darajada jonlandi. 2021-yil 26-fevraldan “Paxtachi Media” nomi ostida bir qator ijtimoiy tarmoqlarda rasmiy sahifalar ochildi va qisqa fursatda katta auditoriyani qamrab oldi. Jamoa gazeta va onlayn nashrni birlashtirgan holda faoliyat olib borib, aholi orasidagi muammoli masalalar va ularning murojaatlari yuzasidan ketma-ket tanqidiy chiqishlar tayyorlashdi.

2022-yilda tahririyat qoshida “Kelajak jurnalistlari” to‘garagi tashkil etildi. To‘garakda 20 dan ortiq yosh jurnalistika asoslarini o‘rgandi, ulardan bir nechtasi keyinchalik OAVlar va oliy ta’lim muassasalarida o‘z faoliyatini davom ettirdi. Bugungi kunda to‘garak respublika bo‘ylab 50 dan ortiq yoshni birlashtirgan holda onlayn tarzda ishlamoqda.

2023-yil 20-yanvarda gazetaning rasmiy sayti – “MUHIM24.uz” ishga tushirildi. Shu kundan boshlab barcha ijtimoiy tarmoq sahifalari “MUHIM24” nomi bilan yangilandi. Platforma orqali tahririyat nafaqat tuman, balki viloyat va respublika miqyosidagi muammolarni ham muntazam yoritib kelmoqda. Jahon geosiyosiy sahnasidagi voqeliklarning jurnalistikaning murakkab janrlaridan bo’lgan sharh usulida sharhlab borilishi orqali video formatdagi YouTube sahifasi mamlakatimizning sifatli proffesional veb-saytlari qatorida faoliyat ko’rsatishiga erishildi. Instagram sahifasi orqali ham tuman aholisi hayoti, mamlakat va jahon voqeliklari mumtazam yoritilib kelinmoqda. Hozirgi kunda “MUHIM24” saytini YouTubeda 24,2 ming, Instagramda 32 mingdan oshiq obunachi kuzatib boradi. Bu raqamlar esa daqiqa sayin o’sib borishi ijodiy jamoamiz uchun eng katta ruhlantiruvchi vosita desak ham mubolag’a bo’lmaydi. Bundan tashqari veb-saytimiz 2025-yil noyabr oyidan boshlab o’zining sun’iy intellektga asoslangan AI boshlovchilarini ham sinov tariqasida yo’lga qo’ydi. Bu esa hozirda ish jarayonlarini yanada jadallashtirish imkonini berdi.

Tahririyatimizda yangi avlod bilan bir qatorda ayol xodimalarimiz kelib yuritgan loyihalar, to‘garaklar, ruknlar alohida ahamiyatga molikdir. 2022-yilda jamoaga qo‘shilgan Madina Erkinova va Gulzoda Nurmo‘minovalar tomonidan yo‘lga qo‘yilgan “Motivatsion yoshlar” rukni murakkab hayot sharoitida ulg‘ayotgan o‘quvchilar haqida iliq va ta’sirli materiallar taqdim etdi. Maktab o’quvchilari orasidan turli xil iste’dod egalari ham aynan shu loyihalar ortidan ochildi.Tahririyat jamoasi ketma-ket turli tanlovlarda g‘oliblar safidan o‘rin egallab kelmoqda.

Gazeta sonlarini o‘z vaqtida yetkazish maqsadida kuryerlik xizmati yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda Sardor Qurbonov gazetani bosmaxonadan chiqqan zahoti obunachilarga yetkazib bermoqda. Tahririyat moliyaviy va ma’muriy ishlari Yaxshiboy Xolniyozov va Murod Mo‘minovlar zimmasida hal etilmoqda.

90 yillik tajriba – yangi bosqich sari dadil qadam

“Paxtachi” gazetasi 90 yil davomida ko‘plab sinovlarni boshdan kechirdi. Biroq 2020–2025 yillar tahririyatning eng murakkab, ayni paytda eng jadal tiklanish davri bo‘ldi. Gazeta o‘zining bosh maqsadi – tuman hayotidagi muhim voqea va muammolarni yoritish, aholiga sifatli axborot yetkazish an’analariga sodiq qolgan holda yangicha ruhda faoliyatini davom ettirmoqda.

Bugun “Paxtachi” gazetasi nafaqat tuman, balki butun respublika miqyosida o‘z auditoriyasiga ega bo‘lgan, zamonaviy axborot makonida mustahkam o‘rin egallagan nashr sifatida rivojlanib bormoqda.