Trampning «ishtahasi» keskin oshgan ko‘rinadi

Trampning «ishtahasi» keskin oshgan ko‘rinadi

Trampning Eron bo‘yicha «shaxmat» o‘yini yangi «yurish» bosqichiga o‘tgan ko‘rinadi. Bu gal u Xark orolini nishoniga olyapti. Uning yangi ishtahasi rosa ochilyapti sheklli.

Donald Trampning Financial Times nashriga bergan intervyusi shunchaki navbatdagi bayonot emas, balki Eronning eng zaif va eng daromadli nuqtasiga qaratilgan ochiq tahdiddir.

Keling, vaziyatni raqamlar va aniq faktlar bilan tahlil qilamiz.

Xark oroli — Eron iqtisodiyotining «yuragi»

Bu kichkinagina orol Eron uchun hayot-mamot masalasidir. Chunki Eron dunyoga sotadigan neftining 90 foizidan ortig‘i aynan shu yerdagi terminal orqali kemalarga yuklanadi. Anglaganingizdek, gap Hormuz bo‘g‘ozi haqida ketmoqda. Agarda Xark oroli nazoratga olinsa yoki ishdan chiqsa, Eronning tashqi dunyo bilan savdosi deyarli nolga tushadi. Bu degani, mamlakatga valyuta kirishi to‘xtaydi va iqtisodiyot butunlay falaj bo‘ladi.

Trampning rejasi nima?

Tramp odatdagi diplomatik yo‘llardan voz kechib, «neftni shunchaki olib qo‘yish» g‘oyasini ilgari surmoqda. Uning mantiqi oddiy: Eronda dunyodagi eng yirik neft zaxiralaridan biri, taxminan 209 milliard barrel bor. Tramp bu neftni AQSh nazoratiga olish orqali Eronni qurolsizlantirish va o‘ziga bo‘ysundirishni ko‘zlamoqda. U hatto bu orolda jiddiy mudofaa tizimi yo‘qligini aytib, harbiy operatsiya oson kechishiga ishora qilgan.

Eron hozirda kuniga o‘rtacha 1,5 million barreldan 1,8 million barrelgacha neft eksport qilmoqda. Bu neftning asosiy qismi Xitoyga ketadi. Agar Xark oroli bosib olinsa yoki blokadaga olinsa, jahon bozorida neft tanqisligi yuzaga keladi. Mutaxassislarning taxminicha, bunday vaziyatda dunyoda neft narxi bir barrel uchun 100-120 dollardan oshib ketishi, bu esa o‘z navbatida barcha davlatlarda benzin va oziq-ovqat narxi qimmatlashishiga olib kelishi mumkin.

Bu ishning oqibati nima bo‘ladi?

Tramp bu gaplari bilan «Eronning tomog‘idan bo‘g‘ish» haqida gapiryapti.

Lekin masalaning boshqa tomoni bor:
Birinchidan, Eron javob qaytarmasdan qarab turmaydi. Ular dunyo neftining katta qismi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozini yopib qo‘yishi mumkin.
Ikkinchinchidan, Eron neftining asosiy xaridori bo‘lgan Xitoy o‘z energiya xavfsizligi uchun AQSh bilan jiddiy to‘qnashuvga kirishi mumkin.
Uchinchidan, orolni egallash — bu hali g‘alaba degani emas. U yerda uzoq vaqt qolish va uni himoya qilish AQSh uchun juda katta mablag‘ va yangi urush o‘chog‘ini anglatadi.
Tramp bu bayonoti orqali Eronga ham, Xitoyga ham qat’iy signal beryapti. Bu «savdolashish strategiyasi» bo‘lishi ham mumkin, ya’ni u Erondan yadro dasturi bo‘yicha katta yon bosishlarni talab qilish uchun eng og‘riqli nuqta bilan qo‘rqitmoqda. Agar u haqiqatan ham «neftni olib qo‘yish»ga harakat qilsa, bu jahon energetika bozorida haqiqiy inqilobni keltirib chiqaradi.

Jamolbek SALOMOV, tayyorladi.

«MUHIM24.UZ»