Tasavvur qiling, bir mahallada hamma birdek yashaydi. Nonvoy non sotib soliq to‘laydi, etikdo‘z poyabzal yamab soliq to‘laydi. Lekin shu mahallada yashaydigan bir guruh insonlar borki, ularning daromadi ancha baland, ammo to‘laydigan «ulushi» hammaniki bilan bir xil yoki undan ham kamroq. Bu — san’atkorlar.
Nega hozir janjal ko‘tarildi? Ehtiyoj nimada?
Shu paytgacha tizim «otning o‘limi — itning bayrami» qabilida edi. Ya’ni, bir yilda 100 dollar topadigan sozanda ham, bir kechada 5000 dollar topadigan yulduz ham deyarli bir xil litsenziya puli to‘lardi.
Davlat aytmoqdaki, «Agar bir to‘yda o‘rtacha oylikdan ko‘p topayotgan bo‘lsang, kel, o‘sha daromadingning bir qismini xalqning yo‘li, maktabi va shifoxonasi uchun ber».
Eski tizimda hamma pul «cho‘ntakda» qolardi. Endi davlat bu pullarni bank tizimiga kiritib, iqtisodiyotni «oqartirmoqchi».
Qo‘shnining sigiri qancha sut beryapti? Yohud xorijda bu tajriba qanday?
Dunyoda san’atkor degani — bu imtiyozli shaxs emas, balki «ijodiy tadbirkor» deganidir.
Rossiya va Qozog‘istonda
Ular kassa cheki berishadi yoki maxsus ilovalar, masalan, «Mening solig‘im» orqali har bir topgan pulidan ma’lum foizini, masalan, 4-6% o‘tkazib turishadi. To‘y egasiga chek bermasa, katta jarimaga tortiladi.
G‘arbda, AQSH, Yevropa
U yerda yulduzlar daromadining deyarli yarmini, jumladan 30-40% soliqqa berib yuborishi mumkin. Shuning uchun ham ular pullarini bekitishga emas, ko‘proq xayriya qilishga harakat qilishadi, chunki xayriya soliqni kamaytiradi. Ularda shunaqa imtiyoz turi bor.
San’atkorlar nega norozi? Tanganing ikkinchi tomoni
Keling, ularning ham dardi bilan qiziqib ko‘raylik. Ularning e’tirozi asosan mana shunda:
»Mening xarajatimni kim hisoblaydi?»: Bitta klip kamida 5-10 ming dollar. Liboslar, ma’murlar, haydovchi, studiya ijarasi… San’atkor aytadiki: «Men 1000 dollar topsam, shuning 800 dollari xarajat-ku! Nega men jami 1000 dollardan soliq to‘lashim kerak?»
Bugun «trend»da bo‘lgan xonanda ertaga unutilishi mumkin. Uning daromadi oylik oladigan xodimnikidek barqaror emas.
Bu islohot baribir amalga oshadi, chunki davlat g‘aznasi uchun bu katta manba. Lekin masalaning «dehqoncha» yechimi shunday bo‘lishi kerak:
Daromad emas, foydadan soliq: San’atkorning klip va ijodiy xarajatlarini soliqdan chegirib tashlash tizimi bo‘lishi shart.
To‘yma-to‘y yuradigan xizmatchi bilan katta stadionlarni to‘ldiradigan yulduzga alohida yondashuv kerak.
San’atkor to‘lagan solig‘i qayerga ketayotganini ko‘rsa e’tirozlar kamayadi.
Xullas, shou-biznes endi shunchaki «shou» emas, «biznes»ga aylanmoqda. Biznesning esa o‘z qonun-qoidalari bor.
Jamolbek SALOMOV
