Jizzaxda prokuror va hokimlik yuristkonsulti pora bilan qo’lga tushdi

Jizzaxda prokuror va hokimlik yuristkonsulti pora bilan qo’lga tushdi

Jizzax viloyatidagi tuman hokimliklaridan birining yuriskonsulti xizmat mavqeidan foydalangan holda, oʻz vakolatiga kirmasligini bila turib, chorvachilik va baliqchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjalikning boshqaruvi boʻyicha yuzaga kelgan muammoni tanishlari orqali mazkur xoʻjalikning qonuniy rahbari foydasiga hal qilib berish evaziga 5 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 3 ming AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlandi.

Taʼkidlash lozimki, u muqaddam Jinoyat Kodeksining 210-moddasi bilan sudlanib, jinoiy javobgarlikka tortilgan boʻlsada, oʻz xatosidan toʻgʻri xulosa chiqarmagan.

Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi va 28,211-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Shuningdek, Jizzax shahrida yashovchi yakka tartibdagi tadbirkor chorvachilik bilan shugʻullanish maqsadida 2020-yilda bankdan 200 mln. soʻm miqdorida imtiyozli kredit olgan va ushbu mablagʻ hisobidan qoramol sotib olib, oilaviy tadbirkorlikni yoʻlga qoʻygan.
Biroq, joriy yilning fevral oyida kredit bergan bank tadbirkor tomonidan kredit mablagʻi maqsadsiz sarflangan degan xulosa bilan viloyat prokuraturasiga chora koʻrish uchun murojaat qilgan.
Oʻz navbatida, oʻrganib chiqish va qonuniy qaror qabul qilish uchun mazkur murojaat Jizzax shahar prokuraturasiga yuborilib, uning nazorati viloyat prokuraturasi boʻlim prokuroriga yuklatilgan.
Murojaatni oʻrganib chiqqan Jizzax shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatish rad etilgan.
Lekin, viloyat prokuraturasining boʻlim prokurori esa goʻyoki uning oʻzi tadbirkorga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad etganligini iddao qilib, “xizmati” evaziga undan 1300 AQSH dollari olgan vaqtida DXX xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.