Toshkentda Mo‘g‘uliston elchixonasi ochildi

Toshkentda Mo‘g‘uliston elchixonasi ochildi

Xabaringiz bor, ayni kunlarda Mo‘g‘uliston rahbari boshchiligidagi delegatsiya Toshkentda bo’lib turibdi. 24-iyun kuni Toshkentda Mo‘g‘uliston elchixonasi ochildi. Bu mamlakat prezidentining O‘zbekistonga ilk tashrifi doirasida sodir bo‘ldi.

“Ushbu tashrif ikki davlat oʻrtasida 1992-yilda diplomatik munosabatlar oʻrnatilganidan buyon amalga oshirilgan birinchi oliy darajadagi tashrifdir”, – dedi Moʻgʻuliston Prezidenti Uxnaaga Xurelsux matbuot xizmati.

Mo‘g‘uliston rahbari O‘zbekistonga 23 iyun kuni keldi. Ertasi kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda hukumatlar, soha vazirliklari va idoralari darajasida aloqalar va almashinuvlar faollashganini qayd etdilar.

“2024-2026-yillarda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma dastur”ning yaratilgani yuksak baholandi. Hujjatda tovar ayirboshlash hajmini 10-20 barobar oshirish, Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasining boshqa mamlakatlari bozoriga Moʻgʻulistondan jun va kashmir yetkazib berish, teri, goʻsht va goʻsht mahsulotlari yetkazib berish boʻyicha hamkorlik, shu jumladan, O‘zbekistondan meva, sabzavot va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Mo‘g‘ulistonga yetkazish kabilar shular jumlasidandir.