Arxeologik yodgorliklarga yetkazilgan 8,3 milliard so‘mlik zarar aniqlandi: Paxtachidagi «Oqtepa» hamon e’tiborga muhtoj!

Arxeologik yodgorliklarga yetkazilgan 8,3 milliard so‘mlik zarar aniqlandi: Paxtachidagi «Oqtepa» hamon e’tiborga muhtoj!

O‘zbekistonda 5 viloyatdagi 12 ta arxeologik yodgorlikka 8,3 mlrd soʻmlik zarar yetkazilgani aniqlandi.

Bosh prokuraturaga koʻra:

🔸Navoiy viloyatida 4 ta yodgorlik;
🔸Qashqadaryo viloyatida 3 ta yodgorlik;
🔸Jizzax viloyatida 2 ta yodgorlik;
🔸Toshkent viloyatida 2 ta yodgorlik;
🔸Sirdaryo viloyatida 1 ta yodgorlik uy-joy, xoʻjalik inshootlari va issiqxona qurish uchun qisman buzilgan.

Ushbu 12 ta yodgorlikka 8,3 mlrd. soʻmlik zarar yetkazilgan. Hozirda jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

P.S: Negadir har safar shunday ma’lumotlarni taqdim etayotganimizda e’tibordan chetda qolib ketayotgan necha-necha tarixiy joylarni eslab qolamiz. Masalan, Samarqand viloyati Paxtachi tumanidagi Oqtepa tarixiy tepaligi. Tahririyatimiz bu tepalik haqida ilgari ham «Oqtepa – xabarchi tepalik» sarlavhasida videomaterial e’lon qilgandi.

Unda tumanda joylashgan qadimiy Oqtepa yodgorligi bugungi kunda xarob ahvolga kelib qolgani, ayrim qo‘shtirnoq ostidagi «sevishganlar» tomonidan «sevgi doskasi»ga hamda yana ayrim shaxslar tomonidan chiqindixonaga aylantirib yuborilgani borasida so‘z borgan. Ming afsuski, oradan uch yil o‘tib ham bu holatga hech kim lom-lum demadi, bu tarixiy yodgorlik esa e’tiborsizlik ortidan katta tuproq uyumiga aylanmoqda.

O‘z tariximizga o‘zimiz shunchalik e’tiborsiz bo’lsak, bugun turizm ortidan katta foyda bilan rivojlantirish imkoniyatlaridan to‘liq foydalanyapmiz, deya olamizmi? Xo‘sh, bu masalaning ustidan kim mard bo‘lib tayinli javob qaytarishni o‘z bo‘yniga ola oladi? Prokuraturami, hokimlikmi..?

MUHIM24.uz