YPX xodimini haqoratlab, «pagon»ini yulgan mayorga tanbeh berildi

YPX xodimini haqoratlab, «pagon»ini yulgan mayorga tanbeh berildi
Baxtiyor Izbosarov | Foto: Skrinshot

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati YPX xodimlarining o‘zaro janjallashgan holatlari aks etgan video tarqalgan edi. Videoda ko‘rinishicha, YPXB komandirining xizmat bo‘yicha o‘rinbosari mayor Baxtiyor Izbosarov va 1-safarbarlik guruhi inspektori safdor Jalol Abdurahmonov bilan o‘zaro tortishib ketgan.

Shundan so‘ng mayor Baxtiyor Izbosarov safdor Jalol Abdurahmonovga so‘kinib gapira boshlaydi, u esa so‘kinmasligini so‘raydi. Baxtiyor Izbosarov kelib, Jalol Abdurahmonovni yelkasi bilan itarib yuboradi. U yerda hozir bo‘lgan boshqa xodimlarni ularni ajratib qo‘yadi.

Mayor unga gap qaytargan safdordan “znachok” va guvohnomasini berishini so‘raydi. Safdor xodim esa uni pogonini yulgani uchun mayor javob berishini aytadi.

Mazkur holat yuzasidan Surxondaryo viloyati IIB JXX YHXB axborot xizmati izoh berdi. Aytilishicha, voqea bir yil avval, ya’ni 2023-yilning 29-avgust kuni sodir bo‘lgan.

  • Surxondaryo viloyati IIB JXX YHXB saf maydonida YPX xodimlari bilan o‘tkazilgan xizmatoldi yo‘riqnomasi vaqtida YPXB komandirining xizmat bo‘yicha o‘rinbosari mayor Baxtiyor Izbosarovning 1-safarbarlik guruhi inspektori safdor Jalol Abdurahmonov bilan o‘zaro tortishuvli holati yuzasidan viloyat IIB mas’ullari tomonidan o‘rnatilgan tartibda xizmat tekshiruvi o‘tkazilganligini ma’lum qilamiz, deyiladi munosabatda.

Munosabatda xizmat tekshiruvi natijalari haqida aytilmagan. Surxondaryo viloyati IIB JXX YHXB Axborot xizmati “Daryo”ga bildirishicha, YPXB komandirining xizmat bo‘yicha o‘rinbosari mayor Baxtiyor Izbosarovga tanbeh intizomiy chora qo‘llanilgan.