Tarix sabog‘i

Tarix sabog‘i

Fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 80 yilligiga

Urushlar, ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi, fashistlarning sobiqSSSRga tinchlik to‘g‘risidagi bitimni buzib xiyonatkorona bostirib kirganligi to‘g‘risida matbuotda ko‘p va xo‘b yozilgan. Urushlar, ulardagi jasorat va matonat haqida minglab asarlar, hujjatli va badiiy filmlar yaratilgan. Bu maqolada urush sabablari, uning oqibatida sobiq SSSRdagi yo‘qotishlar hakida emas, urushda o‘zbekistonliklarning ishtiroki, xalqning saxovati haqida ayrim ma’lumotlarni keltirib o‘tamiz. Leningrad qamali oqibatlari, yuqori lavozimli xoinlar taqdiri ham o‘quvchilarni qiziqtirishi shubhasiz.

O‘zbekistonning mehribon bag‘ri…

Urush qurbonsiz bo‘lmaydi. Nemislar 1941 yilning 22 iyunidan shu yilning oktyabriga qadar Minsk, Kiyev, Smolensk kabi o‘nlab yirik shaharlarni ishg‘ol qilib, Moskva ostonalarigacha yetib bordilar. Bu shaharlardagi aholi, ayniqsa, bolalarni O‘zbekistonga ko‘chirish bo‘yicha rejalar ishlab chiqildi. Urush davomida O‘zbekiston 100 ming yetim bolani o‘z bag‘riga oldi, ularning 4,5 ming nafari saxiy insonlar tomonidan asrab olindi. Umuman urush davrida O‘zbekiston 1 milliondan ortiq kishini o‘z bag‘riga oldi.

O‘zbekiston – frontga…

O‘zbekistonning o‘zidayoq 1941 yilning yozi va kuzida ko‘plab zavod hamda fabrikalar mudofaa mahsulotlarini ishlab chiqarishga o‘tkazilgan edi. Urushning birinchi yilidayoq Toshkentdagi 137 korxonaning 63 tasida qurol-yarog‘, o‘q-dori va armiya uchun jihozlar ishlab chiqarila boshlandi. Bundan tashqari, O‘zbekistonga 93 ta zavod va fabrika ko‘chirilib keltirildi. O‘zbekiston 4 yil mobaynida frontga 2100 ta samolyot, 17342 ta aviamotor, 17100 ta minomyot, 3 million dona radiolampa, 330 mingta parashyut, ko‘plab kiyim-kechaklar, quruq oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berdi.

O‘zbekiston: yo‘qotishlar…

1940 yilda O‘zbekistonda 6,5 million aholi bor edi. Ularning 1.433.230 nafari urushga safarbar etildi, ulardan 450 ming nafari urushda halok bo‘ldi, 132.670 nafari bedarak yo‘qoldi, 60.452 nafari mayib-majruh bo‘ldi. 338 nafar «Sovet Ittifoqi Qahramoni» va 53 nafar «Shuhrat» ordenining har uchala darajasi sohiblarining aksariyati frontdan qaytmadi. 604 ming nafari esa nogiron bo‘lib qoldi. Aniqroq qilib aytganda, urushga ketganlarning uchdan biri janggohlarda halok bo‘lishdi. Urush ortidagi yo‘qotishlar, millionlab yurtdoshlarimizning ma’naviy iztiroblari har qanday yo‘qotishlardan kam emasdi.

Leningrad qamalidagi uzbeklar taqdiri…

1941 yilning 30 avgustida Leningrad qamali boshlandi. Bu shahar 871 kun Katta yerdan uzib qo‘yildi. Urushgacha bu shaharda 2,5 million aholi yashagan bo‘lsa, qamal tugaguncha (1944 yilning 23 yanvariga qadar) 1,2 million kishi bombalar tagida qolib, ochlikdan yoki boshqa sabablarga ko‘ra o‘lim topdi. Shahar ozod etilgan kunda unda atigi 560 ming nafar aholi qolgani ma’lum bo‘ldi. Qamalda qolganlar orasida shaharda muqim yashaydigan o‘zbek oilalari, xizmatni o‘tayotgan harbiylar, O‘zbekistonlik talabalar ham bor edi. Ularning qismati ham boshqalarnikidek kechdi. Ularning sonini aniq bilmadig-u, lekin, ozginasigagina O‘zbekistonga qaytish nasib etdi.

Agar xoinlar bo‘lmaganda…

Dunyo, odamzot paydo bo‘libdiki, ular orasida yaxshi va yomonlar qatorida xoinlar bo‘lib kelgan. Fashizm bilan bo‘lgan urushda ham 4 million Qizil Armiya jangchilari asirga olingan. Albatta, ular orasida behush, yarador bo‘lganlari, qutqularga uchganlari, qiyin sharoitga dosh berolmaganlar, boylik yoki mansabga intilganlari, hatto, ixtiyoriy asirga tushganlari bo‘lgani sir emas. Fashizm bilan bo‘lgan urushda Vlasov, Zakutnыy, Blagoveщyenskiy, Malыshkin, Truxin singari generallar, brigada komissari Jilenkovlar ixtiyoriy ravishda jangchilari bilan birga nemislarga asir tushganlar. Bu xoinlar nafaqat nemislar tomonga o‘tgan, balki, qo‘l ostidagilar bilan birga Qizil Armiyaga qarshi jangga kirganlar. Agarda yuqorida nomlari tilga olingan oliy martabali sarkardalar xoinlik yo‘liga o‘tmaganlarida bu urush sal bo‘lsada ertaroq yakun topgan bo‘larmidi, degan xayolga borasan, kishi.

Bu maqolamizda Respublika Prezidentining 1999 yil 2 martdagi «9 mayni Xotira va qadrlash kuni deb e’lon qilish to‘g‘risida»gi qaroridan iqtiboslar keltirmadik, ijrosi haqida so‘z yuritmadik. Shusiz ham barcha O‘zbekistonliklar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlari hamda urush ortida xizmat qilganlarning qanday qadr topayotganini ko‘rib-bilib turibdi. Biz bu urush barchaga saboq bo‘lib qolishini, bunday xunrezliklar qayta takrorlanmasligini istab qolamiz.

Izzatulla NORQUVVATOV tayyorladi.