Paxtachida o’quvchilarni mindirmagan avtobus haydovchisi ishdan olindi, hokimlik endi bepul avtobus qo’ydi

Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida avtobus haydovchisining maktab o‘quvchilarini avtobusga olmaganligi ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamaga sabab bo‘ldi. Voqea 2025 yil 3 sentabr kuni tumanning Fay mahallasiga qarashli Nazarobod qishlog‘ida yuz bergan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, “Oqtosh-Shaxzod trans” MChJga tegishli, davlat raqami 30 E 881HB bo‘lgan “Saxoba-Oqtosh” yo‘nalishida harakatlanuvchi avtobus haydovchisi Musurmon Bobojonov maktab o‘quvchilarini avtobusga olmagan. Haydovchi bu holatni o‘quvchilarning yo‘lkira haqini to‘lamagani bilan izohlagan.

Voqea ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgach, Samarqand viloyati hokimligi zudlik bilan choralar ko‘rdi. Rasmiy bayonotga ko‘ra, haydovchi Musurmon Bobojonov “Oqtosh-Shaxzod trans” MChJning 2025 yil 4 sentabrdagi buyrug‘iga asosan ishdan bo‘shatildi.

Nazarobod qishlog‘idan 19 nafar o‘quvchi Paxtachi tumanidagi 28-maktabga, yana 3 nafar o‘quvchi esa 34-maktabga qatnab o‘qiydi. Ushbu o‘quvchilarning maktabga qatnovini ta’minlash maqsadida 4 sentabrdan boshlab bepul avtobus xizmati yo‘lga qo‘yildi. Paxtachi tuman hokimligining Kun.uz nashriga ma’lum qilishicha, o‘quvchilarning yo‘lkira xarajatlari endi mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Viloyat hokimligi bunday kamchiliklar kelgusida takrorlanmasligi uchun qo‘shimcha choralar ko‘rilayotganini bildirdi va muammoni ko‘tarib chiqqan ijtimoiy tarmoq faollariga minnatdorlik izhor qildi.