Davr aybdormi yoki «siyosat»? Lola Karimovaning otasi haqidagi gaplari, Qudratxo’janing qarshi fikrlari muhokama markaziga chiqdi

Davr aybdormi yoki «siyosat»? Lola Karimovaning otasi haqidagi gaplari, Qudratxo’janing qarshi fikrlari muhokama markaziga chiqdi

O‘zbekiston Jurnalistika universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘janing Islom Karimov siyosati haqidagi bahsli posti keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja Birinchi Prezident Islom Karimovning vafotiga 9 yil to‘lishi munosabati bilan ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan posti keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. U o‘z postida Lola Karimovaga murojaat qilib, otasining siyosati haqida fikr bildirgan va “O‘zbekiston Suriyaga aylanmagan bo‘lsa, bu Islom Karimovning dono siyosati sabab” degan bayonotga qarshi chiqdi.

Qudratxo‘ja, Karimovning boshqaruv uslubi tufayli “minglab taqdir-u qismatlar sinib ketganini” ta’kidlab, 90-yillardagi noto‘g‘ri siyosat radikallashuvga olib kelgan bo‘lishi mumkinligini aytdi.

“Singlimiz Otalaridan yaxshilab so‘rasalar bo‘larkan nimaga bunday bo‘lganini. Balkim aynan Islom Karimovning boshqaruv uslubi bizni sobiq Suriya yo Afg‘onga o‘xshab qolishimizga sabab bo‘lgandir?” deb yozdi u.

Tarmoq foydalanuvchilarining munosabati

Rektorning posti tarmoq foydalanuvchilari orasida qarama-qarshi fikrlarga sabab bo‘ldi. Ba’zilar uni tanqid qilib, Karimov davrida davlat ishida faoliyat yuritganini eslatdi. Xususan, Xalqaro kimyo universiteti professori Gulnoza Odilova Qudratxo‘janing o‘sha davrda telekanallarda faol bo‘lib, Karimov siyosatini olqishlaganini ta’kidladi:

“Chekka viloyatda o‘tirib sizning sharhlaringiz, informatsion dasturlardagi reportajlaringizni ko‘rib jannatda yashayotganimizga ishonganmiz. Qarang-a, siz ham Yulduz opaga o‘xshab ich-ichingizdan ezilgan ekansiz-da.”, degan Odilova.

Islom Karimov, Abdulla Oripov, Quddus A’zam, Erkin Vohidov, Sherzodxon Qudratxo‘ja.

Islom Karimov, Abdulla Oripov, Quddus A’zam, Erkin Vohidov, Sherzodxon Qudratxo‘ja.

Jurnalist Karimberdi To‘ramurod esa rektorning fikriga qo‘shilib, Karimovning “ichkaridagilar (qamoqdagilar) sonini tashqaridagilar bilan teng qilmoqchi bo‘lganini” kinoya bilan eslatdi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulbahor Erqulova esa o‘tganlarni yomonlash faqat O‘zbekistonga xos ekanini aytib, bunday tanqidlarni qoraladi:

“O‘tganlarni yomonlash, kamchiligini topishga ustalar bir o‘zlari ularning o‘rnida bo‘lishganida bilishar edi.”

Qudratxo‘janing raddiyasi

Yuzlab izohlarga javoban Sherzodxon Qudratxo‘ja o‘z pozitsiyasini himoya qilib, uch asosda javob berdi. U birinchidan, hech kimga qarshi yozmaganini, siyosatshunos sifatida o‘z fikrini bildirganini aytdi. Ikkinchidan, o‘lganlar haqida yomon gapirish odatda noto‘g‘ri bo‘lsa-da, tarix va siyosatshunoslik fanlari doirasida rahbarlar faoliyatini tahlil qilish zarurligini ta’kidladi. Uchinchidan, Karimov davrida hech kim ochiq gapira olmaganini, ozgina gapirganlarning esa qamalgani yoki quvilganini eslatdi.

Qudratxo‘ja SSSR rahbari Nikita Xrushchyovning Stalin haqidagi tanqidiga misol keltirib, o‘sha davrda qo‘rquv hukmron bo‘lganini aytdi:

“Stalin o‘lgandan so‘ng Xrushchyov uning zulmini tanqid qilganida, zalda bir kishi ‘Nega o‘sha payt gapirmadingiz?’ deb baqirgan. Xrushchyov ‘Kim u?’ deb so‘raganida, hech kim javob bermagan. Shunda u: ‘Ko‘rdingizmi? Biz ham qo‘rqqanmiz o‘shanda, jim yurganmiz,» degan.

“Tarixni unutmaslik kerak”

Rektor bugungi hurfikrlik muhiti Karimov davridan farqli ekanini ta’kidlab, repressiyalarda yaqinlarini yo‘qotganlar, quvilganlar va ularning oilalari o‘zini tushunishini aytdi. “Xonadonida yillab aza tutgan, motamda yurganlar, ezilganlar meni tushunadi. Tarixni va uning qora kunlarini shuncha unutganimiz yetar endi, bunday kunlar yana qaytmasligi uchun ham eslashimiz kerak,” dedi u.

So‘zining yakunida Qudratxo‘ja O‘zbekistonning Suriya emas, balki Malayziya, Koreya, Yaponiya yoki Singapur kabi rivojlangan davlatlarga o‘xshashiga intilishi kerakligini ta’kidladi.