Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 sentabr kuni ta’lim tizimini isloh qilish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Taqdimotda iqtidorli bolalarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni kasbga yo‘naltirish va ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan rejalar muhokama qilindi.
-
«Yangi avlod» bog‘chalari: 2026-2028 yillarda 14 ta hududda Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazlarini o‘z ichiga olgan «Yangi avlod» maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘i tashkil etiladi. Yangi ko‘p qavatli uylar qurilishida aholi soniga mos bog‘chalar qurish nazarda tutiladi. Har yili 20 ming yangi o‘rin ochiladi.
-
Davlat-xususiy sheriklik: Maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan hududlarda xususiy sektor ishtiroki qo‘llab-quvvatlanadi. Tadbirkorlarga yer uchastkalari bepul beriladi va 7 yilgacha imtiyozli kreditlar ajratiladi.
-
Muhandislik maktablari: 14 ta hududda imtihon asosida o‘quvchilar saralab olinadigan muhandislik maktablari tashkil etiladi. O‘quv jarayoni 5 yillik STEM dasturi asosida olib boriladi. 2026 yildan boshlab «Ilg‘or muhandislik maktabi» milliy tanlovi o‘tkaziladi.
-
Yangi oliy ta’lim muassasalari: Toshkentda M.E.Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali, «ToshTech» texnika universiteti va Olmaliq davlat texnika instituti ochiladi.
-
Abdulla Avloniy stipendiyasi: Pedagogika yo‘nalishidagi 3-4-kurs talabalari uchun davlat stipendiyasi ta’sis etiladi.
-
«Kelajak» markazlari: «Barkamol avlod» bolalar maktabi, Respublika o‘quvchi-yoshlar markazi va «Ëshlik» jamiyati negizida tashkil etiladi. Maktab maslahatchisi lavozimi joriy qilinadi.
-
Tabiiy fanlar maktablari: Abu Ali ibn Sino nomidagi maktab tayanch sifatida xizmat qiladi.
-
Ilmiy tadqiqotlar: Fanlar akademiyasining fundamental va innovatsion tadqiqotlarni rivojlantirishdagi roli kuchaytiriladi. Doktorantura kvotalari mamlakat rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlariga qarab belgilanadi.
Prezident takliflarni ma’qullab, vazifalar ijrosini tizimli ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.