Toshkent shahri Yashnobod tumanida joylashgan “Aviasozlar” dehqon bozori (xalq orasida sobiq “Kadisheva” nomi bilan mashhur) hududida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda poytaxt Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi (FVBB) ma’lum qildi.
Ma’lumotlara ko‘ra, Beshariq ko‘chasida joylashgan bozorning ma’muriy binolaridan birida yong‘in 13-dekabr kuni tungi soat 01:30 atrofida boshlangan. Xabar kelib tushishi bilan qutqaruv ekipajlari soat 01:34 da voqea joyiga yetib borgan.
Yong‘in soat 02:29 da qurshab olingan va 03:03 da to‘liq o‘chirilgan. Toshkent shahar FVBB vaziyat to‘liq nazorat ostiga olinganini ta’kidladi.
Hodisa oqibatida tan jarohati olgan yoki jabrlangan fuqarolar haqida ma’lumot yo‘q.

Yong‘in sabablari hozircha aniqlanmoqda. FVBB hodisa yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar berishi kutilmoqda.
