Qirg‘izistonda viloyat va shaharlar tugatiladi, endi okruglarga aylantiriladi

Qirg‘izistonda viloyat va shaharlar tugatiladi, endi okruglarga aylantiriladi

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov mamlakatda ma’muriy-hududiy boshqaruv tizimini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha yangi reja e’lon qildi.

Uning aytishicha, hozirgi 7 ta viloyat va 44 ta tuman shuningdek, 33 ta shahar tugatiladi, o‘rniga esa 20 ta yirik okrug tashkil etiladi. Bu o‘zgarishlar mamlakat boshqaruvini soddalashtirish va samaradorligini oshirishga qaratilgan ikkinchi bosqichdagi islohotning bir qismi hisoblanadi.

Prezident bu haqda 16-aprel kuni Osh viloyatining Nookat tumanida mahalliy aholi bilan uchrashuv chog‘ida gapirdi. Japarov so‘zlarini oddiy va aniq qilib tushuntirdi:

“Viloyatlar va tumanlar tugatiladi, 20 ta okrug qoladi. Soddaroq aytganda, 20 ta viloyat shakllanadi. Biroq bu jarayon darhol emas, taxminan 3–4 yil ichida amalga oshiriladi”, dedi u.

Reforma bosqichma-bosqich o‘tkaziladi. Avvalo, sinov tariqasida bitta okrug tuziladi va 2–3 yil davomida kuzatiladi. Agar yangi tizim o‘zini oqlasa, ya’ni okrug mustaqil boshqaruvga o‘ta olsa va respublika byudjetidan qo‘shimcha mablag‘ olishga muhtoj bo‘lmasa, butun mamlakat bo‘ylab viloyat va tumanlarni tugatish boshlanadi.

Qirg‘izistonda hozir 7 ta viloyat, 44 ta tuman va 33 ta shahar mavjud. Bu tizim Sovet davridan qolgan bo‘lib, ko‘p bosqichli byurokratiya va qo‘shimcha xarajatlar keltirib chiqaradi. Prezidentning fikricha, yangi okruglar tizimi boshqaruvni yengillashtiradi, mahalliy hokimiyatlarni kuchaytiradi va mintaqalarning o‘z-o‘zini ta’minlash imkoniyatini oshiradi.

Bu islohot avvalgi bosqichlarning davomi. Ilgari qishloq okruglari birlashtirilgan edi. Endi esa yuqori darajadagi – viloyat va tuman darajasidagi o‘zgarishlar rejalashtirilmoqda.

Japarovning ta’kidlashicha, asosiy maqsad – boshqaruvni samarali va tejamkor qilish. Agar pilot loyiha muvaffaqiyatli bo‘lsa, 2029–2030 yillarga borib mamlakat butunlay yangi – 20 ta okrugdan iborat tizimga o‘tadi.

Uchrashuvda Prezident bu o‘zgarishlar fuqarolar hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini, mahalliy muammolarni tezroq hal qilishga yordam berishini ta’kidlagan. Hozircha aniq qaysi hudud birinchi pilot okrug bo‘lishi haqida ma’lumot berilmagan, ammo yaqin kunlarda hukumat bu borada qo‘shimcha qarorlar qabul qilishi kutilmoqda.