Foto: dzen.ru
O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi Jaloliddin Masharipov jarohati qaytalandi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Masharipov AQSHdagi yig‘in davomida bel qismidagi og‘riqlar bilan bog‘liq muammo sabab so‘nggi mashg‘ulotlarda, shuningdek, Kanada va Niderlandiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etolmagan. So‘nggi haftalarda futbolchining bel qismida og‘riqlar kuzatilgan bo‘lib, dori-darmon va fizioterapiya muolajalari orqali uning holati yaxshilangandi.
Biroq keyinchalik og‘riqlar qayta bezovta qila boshlagan. O‘tkazilgan MRT tekshiruvi natijalariga ko‘ra, unda umurtqalararo disk churrasi qayta xuruj qilgani ma’lum bo‘lgan. Ayni paytda Jaloliddin Masharipovning sog‘lig‘i bo‘yicha jamoa tibbiy shtabi tomonidan ish olib borilmoqda.
Agar Masharipovning tibbiy xulosalari uning Jahon chempionatida ishtirok eta olmasligini tasdiqlasa, FIFA futbolchini terma jamoa qaydnomasidan chiqarish va uning o‘rniga boshqa bir o‘yinchini ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berishi mumkin.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston terma jamoasi joriy yilning 18 iyun kuni Kolumbiya terma jamoasiga qarshi Jahon chempionatidagi dastlabki uchrashuvini o‘tkazadi. Ushbu bahs Toshkent vaqti bilan tongi soat 07:00 da Meksikadagi “Asteka” stadionida bo‘lib o‘tadi. Shundan so‘ng, terma jamoa 23 iyun kuni Portugaliya bilan, 27 iyun kuni esa Kongo Demokratik Respublikasi bilan bahs olib boradi.
